Foydalanuvchi:Maknun77/qumloq
Said Ahmadning hayoti va ijodi
1920-yilning 10-iyunida Toshkent shahrining Samarqand darvoza mahallasida tugʻilgan. Uning bolaligi Elbek, Oybek, Gʻafur Gʻulom singari adiblar davrasida oʻtdi. Tabiatan qiziquvchan, tinib-tinchimas Said Ahmad adabiyotga kirib kelguncha juda koʻp sohalarda oʻzini sinab koʻrdi: agitplakatlar yozdi, artist boʻlishga urinib koʻrdi, doktorlik maktabida oʻqidi, qurilish texnikumida tahsil oldi, rassomlik maktabiga qatnadi, mashhur fotochi Pensonga shogird tushdi, gazetalarga xabarlar yozdi. U Nizomiy nomidagi pedinstitutda bir muddat oʻqigach, 1941-yilda „Mushtum“ jurnalida ishladi. 1942-1943-yillarda respublika radiosida, 1943-1947-yillarda „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida, 1948-1950-yillarda „Sharq yulduzi“ jurnalida mehnat qildi. 50-yillar boshida millatchi sifatida bir necha yil qamalib ham chiqdi. Milliy istiqlol yoʻlidagi xizmatlari uchun Said Ahmad 1999-yilda Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan. Adib „Oʻzbekiston xalq yozuvchisi“ unvoniga, Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan, „Buyuk xizmatlari uchun“, „Doʻstlik“ ordenlari bilan mukofotlangan.