Kontent qismiga oʻtish

Freestyler

Vikipediya, erkin ensiklopediya
„Freestyler“
Bomfunk MC's qoʻshigʻi
„In Stereo“ albomidan
Chiqarilgan sanasi 30-oktyabr, 1999-yil(1999-10-30)
Janr Breakbeat
Davomiyligi 5:06
Leybl Epidrome
Matn muallif(lar)i
Prodyuser(lar) JS16
Bomfunk MC's singllari xronologiyasi
„B-Boys & Flygirls“
(1999)
Freestyler
(1999)
„Other Emceeʼs“
(2000)
Kliplari
„Freestyler“ (1999) YouTubeda
„Freestyler“ (2019) YouTubeda

Freestyler“ (tarjimasi „Erkinuslubchi“) — „Bomfunk MC's“ fin hip hop guruhi ijro etgan qoʻshiq. Dastlab Finlandiyada 1999-yilning 30-oktyabrida guruhning „In Stereo“ nomli debut albomining uchinchi singli oʻlaroq chiqarilgan[1]. 2000-yilning fevralida esa xalqaro miqyosda eʼlon qilingan. „Freestyler“ qoʻshigʻi Finlandiya singllar xit-paradida toʻrtinchi pogʻonagacha koʻtarilgan, oʻndan oshiq mamlakatda, jumladan, Avstraliya, Germaniya, Italiya va Yangi Zelandiya xit-paradlarida eng yuqori pogʻonaga koʻtarilgan. Shuningdek, ashula Daniya, Islandiya, Irlandiya va Buyuk Britaniya xit-paradlarida yuqori oʻntalik safidan oʻrin olgan.

„Freestyler“ qoʻshigʻi matnida Celine Dion ijrosidagi „My Heart Will Go On“ hamda „Culture Club“ guruhi ijrosidagi „Karma Chameleon“ qoʻshiqlariga istehzoli ishoratlar bor. Shuningdek, qoʻshiq matnida axloqsiz tusga ega ishoratlar ham bor. Xususan, „Kim oʻzi u, onasini emsin, Alice? Buckingham Palacedanmi?“ (inglizcha: So who the fuck is Alice, is she from Buckingham Palace?) misrasi „Smokie“ guruhining „Living Next Door to Alice“ qoʻshigʻiga shamadir. „Bilasizmi, ular bizni Debbie Dallasni qilganidek qila olishmaydi“ (inglizcha: You know they can’t handle us like Debbie does Dallas) misrasi esa „Debbie Does Dallas“ pornografik filmiga ishoratdir.

Qoʻshiq klipi Xelsinki metropolitenining Hakaniemi bekatida suratga olingan. Klipda Bomfunk MC's guruhi solisti Raymond Ebanks (B.O. Dubb) oʻynagan personaj MiniDisc (Sony Walkman MZ-R55) pleyerida qoʻshiq tinglayotgan oʻsmirga (Marlo Snellman) oʻz pleyeri yordamida odamlarni pauza qilish, oldinga va ortga oʻtkazish qobiliyatini inʼom qiladi. Oʻsmir video davomida ushbu qobiliyatini ishga solib odamlarni va hatto poyezdni boshqaradi. Video yakunida oʻsmir Ebanks oʻynagan personajga duchor boʻladi, ammo pleyeri unga taʼsir qilmasligiga guvoh boʻladi. Pirovardida oʻsmir beixtiyor oʻzini ortga qaytarib yuboradi va butun klipdagi kadrlar ortga qayta boshlaydi.

2019-yil, yaʼni qoʻshiq eʼlon qilinganiga 20 yil toʻlganida yangi „Freestyler“ qoʻshigʻi uchun klip suratga olingan. Klip Belgrad shahridagi Vukov Spomenik bekatida suratga olingan. Uning mazmuni ilk klipnikiga oʻxshash boʻlib, yagona farq shundaki, klip qahramoni MiniDisc o'rniga smartfondan foydalanadi. 2019-yilgi klipga Belgiyaning „Telenet“ mobil operatori homiylik qilgan[2].

  1. „Bomfunk MC's breakbeat hit 'Freestyler' turns 21 years old“ (inglizcha). We Rave You (2020-yil 30-oktyabr). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
  2. „Legendarische Freestyler van Bomfunk MC’s in een modern jasje“ (dancha). Telenet. 2021-yil 3-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 24-iyul 2022-yil.