Kontent qismiga oʻtish

Futbol urushi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Futbol urushi
(ispancha: Guerra del Fútbol)
"100-soatlik urush"
(ispancha: la Guerra de las Cien Horas)
Football war Honduras & el Salvador.jpg
Sanalar 14–20-iyul 1969-yil
Urush yeri El Salvador-Honduras chegarasi
Natija Oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisida sulx
Raqiblar
Honduras Honduras
AQSH bayrogʻi AQSh koʻmagida
El Salvador El Salvador
Nikaragua Nikaragua koʻmagida
Qoʻmondonlar
HondurasFidel Sanches Ernandes El SalvadorOsvaldo Lopez Arelyano
Kuchlar
2500 askar
artilleriya[1]
10 ta M3A1 tanki[2]
12 «Rayo» zirhli mashinasi[2]
30 ta samolyot
4 patrul qayigʻi
8000 askar
artilleriya[1]
32 ta samolyot (25 ta jangovor)[1]
1 qoʻriqchi kemasi
3 patrul qayigʻi
Yoʻqotishlar
700 qurbon (tinch aholi bilan birga)
4 samolyot[3]
1200 ga yaqin qurbon (tinch aholi bilan birga)
Umumiy yoʻqotishlar
~2000 qurbon[3]
5 mingga yaqin qurbon (tinch aholi bilan)[4]

«Futbol urushi» (ispancha: Guerra del Fútbol) — El Salvador va Honduras oʻrtasida olti kun davom etgan (1969-yil 14-iyuldan 20-iyulgacha) harbiy mojaro. Urushning bevosita sababi sifatida Honduras jamoasining Jahon chempionati saralash bosqichining pley-off oʻyinlarida El Salvador jamoasiga magʻlub boʻlishi edi.

Qisqa muddatda boʻlishiga qaramay, mojaro har ikki tomonga ham qimmatga tushdi. Umumiy yoʻqotishlar bir necha ming kishini tashkil etdi. Urush Markaziy Amerika umumiy bozorining (MAUB) mintaqaviy integratsiya loyihasini amalga oshmasligiga sabab bõldi.

Kelib chiqish sabablari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Fayl:Pelea entre salvadoreños y hondureños al finalizar el partido en el estadio Flor Blanca - 1969.png
El Salvador va Honduras futbol oʻyini paytida muxlislari oʻrtasidagi jang, 1969-yil.

Urushning sabablaridan biri ikki davlat oʻrtasida 19-asrda boshlangan chegarani belgilash boʻyicha uzoq davom etgan kelishmovchilik edi[1].

Bundan tashqari, Honduras hukumati va ishbilarmon doiralari 1960-yillarning boshidan beri Markaziy Amerika umumiy bozorini (MAUB) tashkil etish qoidalariga koʻra rivojlangan Salvador iqtisodiyotiga berilgan muhim savdo afzalliklaridan norozi edilar[1].

  • Dastlab, 1958-yil iyun oyida Markaziy Amerikaning toʻrtta davlati oʻrtasida erkin savdo va iqtisodiy integratsiya toʻgʻrisidagi bitim imzolangandan soʻng (uning asosida 1960-yil 16-dekabrda qoʻshimcha bitim imzolangandan keyin MAUB paydo boʻldi), koʻpchilik sanoati rivojlangan mamlakatlar (Honduras va El Salvador) afzalliklarga ega boʻldilar, ammo kelajakda Honduras sanoati El Salvador sanoatiga yutqazishni boshladi. Mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish uchun Honduras hukumati isteʼmol tovarlariga favqulodda soliqlarni joriy etishga majbur boʻldi (avval 3 % stavkada, keyin esa oshirildi)[5].
  • 1969-yilga kelib, Hondurasning El Salvador oldidagi qarzi Hondurasning barcha MAUB mamlakatlari oldidagi qarzi miqdorining deyarli yarmini tashkil etdi. Urushning boshlanishi Honduras hukumatiga nafaqat qarz muammosini bartaraf etishga, balki mamlakatning iqtisodiy holatini salvadorliklar mulki hisobiga mustahkamlashga imkon berdi[1].

Yana bir muammo Hondurasdagi salvadorlik koʻchmanchilar bilan bogʻliq edi:[5].

  • El Salvador Markaziy Amerikaning barcha shtatlari ichida eng kichik va aholisi eng koʻp boʻlgan, iqtisodiyoti rivojlangan, ammo ekin maydonlarining keskin tanqisligini boshdan kechirar edi. El Salvadordagi yerlarning katta qismi yirik yer egalari tomonidan nazorat qilinib, „yer ochligi“ va yersiz dehqonlarning qoʻshni Hondurasga koʻchishiga olib keldi[1].
  • Honduras hududi boʻyicha qoʻshnisiga qaraganda ancha katta edi, aholisi unchalik zich boʻlmagan va iqtisodiy jihatdan esa unchalik rivojlanmagan edi, ammo 200 ming gektardan ortiq (18 %) qishloq xoʻjaligi erlari AQSH kompaniyalariga tegishli boʻlib, bu esa mamlakatda „yer ochligi“ni kuchaytirdi[1].

Salvadorliklarni tekin yer va daromad izlab Hondurasga koʻchishi 1930-yillarda boshlangan. Muhojirlarning aksariyati mamlakatga noqonuniy yoʻllar bilan kelgan, boʻsh yerlarni egallab, dehqonchilik qila boshlagan. Shu yoʻl bilan butun boshli noqonuniy aholi punktlari paydo boʻldi[1]. Salvadordan kelgan koʻchmanchilar mahalliy dehqonlarga qaraganda kamroq maosh evaziga banan plantatsiyalarida ishlashga rozi boʻlishdi, bu esa Hondurasda salvadorliklarga qarshi kayfiyatning kuchayishiga olib keldi[5].

1961-yil yozida Honduras hududidagi Xacienda de Dolores aholi punkti hududida bir guruh salvadorliklar va Honduras fuqarolik gvardiyasi patrullari bilan toʻqnashuv kelib chiqadi. Ushbu toʻqnashuvda El Salvador fuqarosi boʻlgan Alberto Chaves otib oʻldiriladi. Bu voqea mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarning yomonlashishiga olib keldi. 1961-yil 19-iyun kuni El Salvador hukumati Honduras hukumatidan salvadorlikning oʻlimi yuzasidan tergov oʻtkazishni rasman talab qildi[6].

1962-yil sentabr oyida Honduras hukumati yer islohoti toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildi[7]. Unga koʻra noqonuniy muhojirlar tomonidan egallab olingan yerlarni Honduras fuqarolari foydasiga qayta taqsimlash boshlandi (salvadorliklarning ularga fuqarolik berish haqidagi iltimoslari koʻrib chiqilmagan holda). Honduras hukumati salvadorliklarni mamlakatdan deportatsiya qila boshlaganidan soʻng, El Salvador va Honduras oʻrtasidagi munosabatlar yanada keskinlashib ketdi[6].

1966-yilda Hondurasning yirik yer egalari tomonidan „Tomorqa egalari va chorvadorlar federatsiyasi“ tuzildi. Ular salvadorliklarga yer berilishiga qarshi chiqishadi. 1967-yil iyun oyi boshida Honduras chegarachilari El Salvador armiyasining ikkita harbiy yuk mashinasini qoʻlga oladi (bu mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni yomonlashishiga sabab boʻldi)[5].

Mojaroning kuchayishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikki tomonlama munosabatlardagi keskinlik urush boshlanishidan ikki yil avval asta-sekinlik bilan kuchayib bordi. Honduras prezidenti Osvaldo Lopes Arellano (1963-1971) rejimi sezilarli iqtisodiy va siyosiy qiyinchiliklarni boshdan kechirdi va salvadorlik koʻchmanchilardan ushbu kõrgiliklar uchun qulay aybdorlar sifatida foydalanishga qaror qildi.

Har ikki davlat ham katta iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirar, ikkalasi ham harbiylar tomonidan nazorat qilinar va ikkala hukumat ham aholi eʼtiborini dolzarb ichki siyosiy va iqtisodiy muammolardan chalgʻitishga harakat qilardi. Vaziyat ayniqsa Hondurasda ogʻir edi, u yerda 1968-yil sentabr oyida shimoliy sohillarda yashovchi qishloq xoʻjaligi ishchilarining ish tashlashi boshlanib, unga sanoat ishchilari, mayda savdogarlar, hunarmandlar va poytaxt universiteti talabalari qoʻshildi. Hukumat mamlakatda qamal holati eʼlon qildi, isyonni bostirish uchun politsiya va armiyaning deyarli barcha kuchlari yuborilib, noroziliklar bostirildi[5].

1969-yilga kelib, Hondurasda 200 mingga yaqin salvadorliklar va „guanako“lar (Salvadordan kelgan muhojirlar, ularning koʻpchiligi Hondurasda uzoq vaqt yashagan) yashagan. Ularning 50 mingga yaqini Honduras fuqarolari yoki Honduras hududida yashash maqomini qonuniylashtirgan boshqa hujjatlari boʻlgan[1] kishilar tashkil etardi.

1969-yil yanvar oyida Honduras hukumati El Salvador bilan 1967-yilgi ikki tomonlama immigratsiya shartnomasini uzaytirishdan bosh tortdi. Aprel oyida esa agrar islohot doirasida yer sotib olganlarni agar ular yer sotib olgan paytida Honduras fuqarosi ekanligi haqida qonuniy talab qilinadigan hujjatlarni taqdim etmagan boʻlsa yerga boʻlgan egalik huquqini bekor qilish va ularni mamlakatdan chiqarib yuborish haqida eʼlon qildi. Ishsizlik sonining oʻsishi va ish haqining pasayishini esa Salvadordan kelgan mehnat muhojirlari oqimi bilan bogʻlash uchun OAVlarida yolgʻon tashviqotlar boshlandi.

1969-yil aprel oyida Hondurasda salvadorlik koʻchmanchilar va muhojirlarni ommaviy ravishda koʻchirish va deportatsiya qilish boshlandi[8]. May oyining oxirida egalik huquqidan mahrum boʻlgan koʻp sonli muhojirlar oqimi Hondurasdan El Salvadorga qarab yoʻl oldi. Qochqinlar tasvirlari va ularning hayotlari haqidagi hikoyalari El Salvador gazetalari sahifalarini va televideniya ekranlarini toʻldirdi. Honduras harbiylari muhojirlarni haydash paytida sodir etgan zoʻravonliklari haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Ikki davlat munosabatlaridagi keskinlik oʻzining avj nuqtasiga yaqinlashdi.

El Salvador davlat xizmatlari haydalgan qochqinlar oqimiga dosh bera olmadi. Jamiyatda norozilik kuchayib, ijtimoiy portlash xavfini tugʻdirdi. Hukumatga ishonch pasayib ketdi. Honduras bilan mojaroda gʻalabaga erishish El Salvador hukumatiga aholining hukumatga boʻlgan ishonchini qaytarishga yordam berishi mumkin edi.

Urush arafasida

[tahrir | manbasini tahrirlash]
El Salvador Prezidentining 1969-yil 18-iyuldagi murojaati matni

Harbiy harakatlarga sabab boʻlgan va urushga oʻz nomini bergan voqea 1969-yil iyun oyida San-Salvadorda sodir boʻlgan. Bir oy ichida ikki mamlakat futbol jamoalari 1970-yilgi futbol boʻyicha jahon chempionati finaliga chiqish uchun ikkita oʻyin oʻtkazishlari kerak edi (har bir jamoa bittadan gʻalaba qozongan taqdirda uchinchi oʻyin tayinlanardi). Tegusigalpadagi birinchi oʻyinda ham, (Salvadorning nomaʼlum bir fuqarosi oʻz mamlakati uchun bunday sharmandalikdan chiday olmasligini aytib, oʻzini otib tashladi) va undan keyin San-Salvadordagi ikkinchi oʻyinda ham dahshatli darajadagi tartibsizliklar yuzaga keldi. Salvadorda Honduraslik futbolchilar va muxlislar kaltaklanib, Honduras bayroqlari yoqib yuborilgan boʻlsa, Hondurasda esa salvadorliklar shu jumladan, ikki vitse-konsulga hujum qilindi.

15-iyun kuni Honduras hukumati El Salvador hududida Honduras fuqarolariga qilingan hujumni koʻrib chiqish iltimosi bilan Inson huquqlari boʻyicha Amerikalararo komissiyaga murojaat qildi. Bunga javoban El Salvador hukumati Hondurasdagi salvadorliklarga qarshi qilingan hujumlar masalasini koʻrib chiqishni talab qildi.


20-iyun kuni Honduras hukumati 1969-yil 15-iyun kungi futbol oʻyini vaqtida stadiondagi jamoatchilikning haqoratomuz xatti-harakatlariga qarshi norozilik bildirdi. Bunga javoban El Salvador tashqi ishlar vaziri Honduras El Salvador fuqarolarini taʼqib uqilinayotganligini, ularning hayoti va mulki xavf ostida ekanligi va 880 nafar salvadorlik Hondurasdan El Salvadorga qochib oʻtgani haqida bayonot berdi[5].

24-iyun kuni El Salvador qurolli kuchlarida safarbarlik eʼlon qila boshladi.

26-iyun kuni El Salvador Honduras bilan diplomatik munosabatlarni toʻxtatganini eʼlon qildi[9].

27-iyun kuni uchinchi oʻyinda magʻlubiyatga uchragan Honduras El Salvador bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Umuman olganda, „futbol inqirozi“ boshlangan 1969-yil 6-iyundan 27-iyungacha har ikki tomondan 120 kishi mojaro qurboni boʻldi, moddiy zarar esa 50 million AQSH dollarini tashkil etdi. Hondurasdan kelgan 11600 salvadorlik qochqin El Salvadorning chegaradosh hududlaridagi qochqinlar lagerlariga joylashtirildi[5].

3-iyul kuni avvaliga DC-3 transport samolyoti, keyin esa Honduras harbiy-havo kuchlarining chegara tomonga qarab uchgan ikkita T-28 hujumchi samolyoti El Salvador hududidan turib zenit-artilleriyadan oʻqqa tutildi. Oʻsha kuni kechroq El Salvadorning yengil rusumli Piper PA-28 „Cherokee“ samolyoti (bort raqami YS-234P) Honduras havo hududini buzib kirib, uni taʼqib qilgan ikkita Hondurasning T-28 samolyotidan qochib, yana El-Salvador havo hudidiga qaytib keladi.

Bunga javoban, 12-iyul kuni Honduras hukumati bir nechta jangovar samolyotlarni El-Salvador bilan chegaraga hududiga yubordi va ularni San-Pedro-Suladagi aviabazaga joylashtirdi (bu yerda Honduras Harbiy-havo kuchlarining Shimoliy qoʻmondonligi — Comando Norte de la Fuerza Aérea Gondureña joylashtiriladi).

Harbiy harakatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Fayl:Soldados Salvadoreños patrullando el área fronteriza con Honduras durante la guerra de las 100 horas, 1969.jpg
„100 soatlik urush“ paytida Honduras bilan chegaradagi El Salvador armiyasining otliq patruli

Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, chegara chizigʻidagi birinchi qurolli toʻqnashuv 1969-yil 11-iyulda sodir boʻlgan. Shundan soʻng, 12-iyul kuni Honduras prezidenti qoʻshimcha armiya boʻlinmalarining chegara tomon harakatlanishini eʼlon qildi[10].

Yaponiyaning Asahi Shimbun gazetasiga koʻra, 1969-yil 12-iyulda chegara chizigʻi yaqinida El Salvador va Honduras harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻqnashuv boʻlib, shundan soʻng ular oʻrtasida otishma sodir boʻlgani haqida xabar berdi[11], lekin keyinchalik El-Salvador hukumati otishma El-Salvador va Honduras chegarasi yaqinidagi El-Poy qishlogʻi yaqinida 1969-yil 13-iyul kuni erta tongda boshlangani haqidagi rasmiy bayonot beradi[12].

14-iyul kuni tushdan keyin El Salvador qurolli kuchlari hujumga oʻtdi. Unda general Xose Alberto Medrano qoʻmondonligi ostida ikkita jangovar guruhga birlashtirilgan Milliy gvardiyaning beshta piyoda batalonlari va toʻqqizta rotasi qatnashdi. Hujum ikki mamlakatni bogʻlaydigan asosiy yoʻllar boʻylab, Grasias-a-Dios va Nueva-Okotepeke shaharlari yoʻnalishida davom etdi.

Shu bilan bir vaqtda, El Salvador harbiy-havo kuchlari Tegusigalpadagi "Tonkontin "aerodromiga[5], Honduras chegara hududida tõplangan qoʻshinlarga, shuningdek, Hondurasga tegishli Fonseka koʻrfazida joylashgan orollardagi nishonlarga (El-Salvador HHK tomonidan havo hujumida ishtirok etayotgan „TF-51D“ qiruvchi samalyoti Gvatemala hududiga favqulodda qoʻnishni amalga oshirgan)[13] havodan zarbalar berdi. Honduras hukumati oʻsha kuni El Salvador harbiy havo kuchlari samolyotlari Nueva-Okotepeke, Santa-Rosa-de-Kopan, Grasias va Choluteka aholi punktlarini bombardimon qilgani haqida xabar berdi[14].

Bunga javoban 15-iyulga oʻtar kechasi Honduras samolyotlari Ilopango aviabazasiga hujum qilib, uchish-qoʻnish yoʻlagiga va neft omborlariga jiddiy zarar yetkazdi. Shundan keyin El Salvador hukumati mamlakatda 30 kunlik qamal holatini joriy qildi[13].

Quruqlikdagi operatsiya davomida El Salvador qoʻshinlari dastlab muvaffaqiyatga erishdilar. 15-iyul oqshomida unga qarshi turgan Honduras armiyasiga qaraganda koʻproq va yaxshiroq qurollangan El Salvador armiyasi 8 km oldinga oʻtib, ikkita aholi punktini egallab oldi[13].

Biroq, keyinchalik El Salvador armiyasining hujumi yoqilgʻi va oʻq-dorilarning yetishmasligi, shuningdek, Honduras qurolli kuchlarining qarshilik koʻrsatishi tufayli toʻxtab qoldi.

Urush boshlanganidan bir kun oʻtib Amerika Davlatlari Tashkilotining (ADT) favqulodda sessiyasi chaqirilib, ular oʻt ochishni toʻxtatish va El Salvadordan oʻz qoʻshinlarini Hondurasdan olib chiqishni talab qildi.

16-iyul kuni chegara hududlarida El Salvador va Honduras qoʻshinlarining qismlari oʻrtasida janglar davom etdi, bundan tashqari Honduras armiyasining bir qismi Chalatenango shahrini egallash maqsadida qarshi hujumga oʻtishga urinib koʻrdi.

  • kun davomida harbiy qoʻmondonlikning bevosita buyrugʻi bilan prezident qoʻriqchilari bataloni (Guardia de Honor Battalion) Tegusigalpadan Santa-Rosa-de-Kopanga havo orqali yetkazildi. Operatsiyaga 4 ta C-47 transport samolyotida amalga oshirildi, shuningdek, ular bilan birga beshta F4U qiruvchisi va bir nechta T-28A hujum samolyotlari qatnashdi.

17-iyulga kelib, El Salvador qoʻshinlari Honduras hududiga 70 km ichkarigacha kirib borishdi. Shu bilan birga chegaradan 8 km uzoqlikda joylashgan departamentning poytaxti — Nueva Okotepeke shahri uchun shiddatli janglar davom etdi[15].

  • xuddi shu kuni Honduras hukumati El Salvador harbiy-havo kuchlarining bitta samolyoti havo jangida urib tushirilganligi haqida bayonot berdi va El Salvador hukumati ham Honduras harbiy-havo kuchlarining toʻrtta samolyoti urib tushirilganligini eʼlon qildi[16].
  • kunduzi soat 12:00 atrofida El-Amatillo mintaqasidagi El Salvador artilleriyasi pozitsiyalariga zarba berish uchun uchgan Honduras harbiy-havo kuchlarining uchta F4U-5N qiruvchisi El Salvador armiyasining 9-piyoda bataloni harakatlarini qoʻllab-quvvatlash uchun uchib kelayotgan ikkita F-51D „Cavalier Mustang“ II qiruvchi samolyoti bilan toʻqnashuvga kirishdi. Jang paytida El Salvadorning F-51D (bort raqami FAS-404) samolyoti urib tushirildi. Keyinchalik, xuddi shu kuni, Honduras harbiy-havo kuchlarining uchta F4U-5N samolyoti bilan bõlgan havo jangida El Salvadorning yana ikkita Goodyear FG-1D „Corsair S“ qiruvchisi (FAS-203 va FAS-204) urib tushirildi va toʻrtinchisi FG-1D samolyoti esa yerdan oʻqqa tutildi.

18-iyul kuni ADT mojaroni hal qilish boʻyicha kelishuv loyihasini taklif qildi, unga koʻra harbiy harakatlar 1969-yil 21-iyul soat 22:00 ga qadar toʻxtatilishi, tomonlarning qoʻshinlari chegara chizigʻidan uch mil (5 km) masofaga olib ketilishi, jang hududidagi aholining hayoti va mulkini himoya qilish kafolatlanishi kerak edi. El Salvador va Honduras ADT taklifini qabul qilishga tayyor ekanliklari haqida bayonot berishdi, ammo kelishuv matniga oʻzgartirishlar kiritishni taklif qilishdi. Uarning muhokamasi muzokaralar jarayonini choʻzilishiga sabab bôldi[17].

18-iyul kuni tomonlar oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib oldilar. Lekin olti soat keyin harbiy harakatlar qayta boshlandi[17]. El Salvador artilleriyasi El-Amatillo hududidagi Honduras qoʻshinlarining pozitsiyalariga oʻt ochdi va Hondurasning toʻqqizta samolyoti esa El Salvador qoʻshinlarining pozitsiyalarni bombardimon qila boshladi[18].

  • shu kuni Honduras havo kuchlari samolyotlari El Salvador qoʻshinlarining pozitsiyalarini bir necha marta napalmli aviabombalari bilan bombardimon qildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 14-iyuldan 18-iyulgacha boʻlgan davrda yaʼni mojaroning dastlabki besh kunida Hondurasning uch mingga yaqin, El Salvadorning esa mingga yaqin fuqarosi halok boʻlgan[19].

19-iyul kuni El Salvador qoʻshinlari Nueva-Okotepeke shahrini egallab, shaharning markaziy maydonida El Salvador bayrogʻini koʻtardilar. Shu kuni El Salvador prezidenti general Sanches Ernandes Honduras hukumati Hondurasda yashovchi 280 ming salvadorlikning xavfsizlik kafolatlarini bermaguncha qoʻshinlar oʻzlari bosib olgan hududni tark etmasligini maʼlum qildi[19]. Shaharga El Salvador armiyasining uchta M3A1 „Styuart“ tanklari kiritildi, ular Honduras armiyasining pozitsiyalari yaqinida joylashtirildi[20].

Xuddi shu kuni Honduras armiyasining boʻlinmalari El-Poi qishlogʻi hududida El Salvador armiyasining hujumini qaytardi. Bundan tashqari, Honduras hukumati xabariga koʻra, Honduras harbiy-havo kuchlari samolyotlari 40 ta harbiy yuk mashinasidan iborat karvonga bomba tashlagan. Grinvich (GMT) boʻyicha soat toʻrtda sulh kuchga kirdi[21].

20-iyul kelib, harbiy harakatlar butunlay toʻxtadi.

23-iyul holatiga koʻra, El Salvador qoʻshinlari Hondurasning toʻrtta janubi-gʻarbiy departamenti[22] hududlarida 400 km² ga yaqin hududni va 10 ta aholi punktlarini ushlab turishda davom etdilar va hukumat ularni olib chiqish uchun hech qanday tayyorgarlik koʻrmadi — aksincha, ularga qoʻshimcha jihozlar yetkazib beroldi[23]. Shu bilan birga, El Salvador bosma ommaviy axborot vositalarida El Salvadorning bosib olingan hududlarga boʻlgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar chop etila boshlandi[24][22]. El Salvador qoʻshinlari tomonidan ishgʻol qilingan Honduras hududi boʻylab tekshiruv safaridan soʻng Prezident Sanches yana shunday dedi:

Hondurasdagi 280 000 salvadorlik uchun kafolatlar olinmaguncha qoʻshinlar oʻz pozitsiyalaridan olib chiqilmaydi[23].

Keyingi bir necha kun ichida El Salvador ADT chaqiriqlariga qarshilik koʻrsatdi va Hondurasdan birinchi navbatda El Salvador fuqarolariga qilingan hujumlar uchun tovon puli toʻlashga rozi boʻlishini va Hondurasda qolgan salvadorliklarning xavfsizligini kafolatlashni talab qildi.

29-iyulgacha Salvador qoʻshinlarini olib chiqishdan bosh tortdi, ammo keyin rozi boʻldi. Uni bunday qarorga kelishga, bir tomondan, ADT tomonidan iqtisodiy sanktsiyalar tahdidi, ikkinchi tomondan, El Salvador fuqarolari xavfsizligini nazorat qilish uchun Hondurasga ADTning maxsus vakillarini joylashtirish haqidagi takliflari sabab boʻldi.

1969-yil 2-avgustda Salvador armiyasining boʻlinmalari Honduras hududini tark etdi[25].

Urush natijalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Darhaqiqat, urushda ikkala tomon ham magʻlub boʻldi. Harbiy xarajatlar, janglar paytidagi vayronagarchilik, chegaraning yopilishi va savdoning toʻxtatilishi El Salvador va Honduras iqtisodiga katta zarar yetkazdi. Urush paytida bir necha ming kishi halok boʻldi va yaralandi. Garchi turli manbalar mojaro qurbonlarining umumiy soni boʻyicha turli xil maʼlumotlarni bersa-da, oʻldirilganlar soni 2000 dan 6000 gacha va ogʻir yaralanganlar 12000 dan[26] 15000 kishigacha boʻlishi mumkin[27]. Qurbonlarning aksariyati tinch aholi vakillari edi.

El Salvadorliklarning katta qismi (turli manbalarga koʻra, 60 dan 130 ming kishigacha) Hondurasdan haydalgan yoki qochib ketgan. Ularning aksariyati El Salvadorga qaytib kelgan, bu esa ishsizlik va ijtimoiy keskinlikning oshishiga olib kelgan. Yer masalasi ham keskinlashib ketdi. Shu bilan birga, El Salvador hukumati Hondurasdan deportatsiya qilingan minglab fuqarolarning mamlakatga qaytib kelishi bilan bogʻliq iqtisodiy muammolarni hal qila olmadi. Urushdan keyin har ikki davlatda harbiylarning siyosiy taʼsiri kuchaydi. El Salvador parlament saylovlarida hukmron Milliy kelishuv partiyasidan nomzodlar asosan harbiylar edi. «100 soatlik urush» 1970-yillardagi norozilik sabablaridan biriga aylandi, bu esa qurolli qarama-qarshilikka, keyin esa 1979-1980-yillarda uzoq davom etgan fuqarolar urushiga olib keldi.

Hondurasning El Salvador bilan qurolli toʻqnashuvdan keyin koʻrgan yoʻqotishlari taxminan 4 million AQSh dollarini tashkil etdi, ammo Salvador bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarning uzilishi va tabiiy ofatlar (1969-yil sentabr oyida «Franslin» dovuli va toshqinlar) mamlakatdagi vaziyatni murakkablashtirdi. Natijada, 1969-yil oktabr oyida Hondurasning poytaxti va boshqa shaharlarida El Salvador bilan munosabatlarni normallashtirishga chaqirgan namoyishlar boʻlib oʻtdi[28]. Noroziliklarni kamaytirish uchun Honduras hukumati yer islohotiga kirishdi (bu sekin va koʻlami cheklangan islohot edi. 1984-yil bahorigacha 230 ming gektar yer qayta taqsimlangan bôlib, asosan salvadorlik koʻchmanchilarga tegishli boʻlgan yer uchastkalari edi)[29].

Diplomatik kelishuv

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Faol jangovar haraklari toʻrt kun davom etib[5], El Salvador va Honduras oʻrtasidagi chegara chizigʻini aniqlash boʻyicha ishni keyinchalik koʻrib chiqish xalqaro Sud tomonidan davom ettirildi.

1969-yil dekabr oyida El Salvador va Honduras chegarasida qurolli toʻqnashuvlar sodir boʻldi[25].

1970-yil mart oyida El Salvador «Amapala» portida Salvador uchun kelgan yuklarni Honduras yoʻq qilgani munosabati bilan BMTga norozilik bildirdi[30].

Shundan soʻng, 1970-yil mart oyida Honduras El-Salvadorga chegaradagi voqealarni toʻxtatish va tinchlik muzokaralarini boshlashni talab qilib, ultimatum qoʻydi. 1970-yil 5-iyunda San-Xose shahrida Honduras va El Salvador tashqi ishlar vazirlari ikki davlat chegara hududida xavfsizlik zonasini yaratish toʻgʻrisida bitim imzoladilar. 1970-yil dekabr oyida Honduras parlamenti mamlakat Prezidentining Markaziy Amerika mamlakatlari bilan tuzilgan koʻp tomonlama shartnomalarni bekor qilish va Markaziy Amerika umumiy bozoridan (MAUB) chiqish toʻgʻrisidagi taklifini maʼqulladi. Bu qarorning natijasi MAUBning tugatilishiga sabab boʻldi[31].

1971-yil yanvar oyida Honduras MAUB va Markaziy Amerika Mudofaa Kengashidan chiqdi[32].

1971-yil aprel-iyun oylarida chegara chizigʻida El Salvador va Honduras oʻrtasida toʻqnashuvlar boʻlib oʻtdi[33].

1976-yil 14-iyulda El Salvador va Honduras oʻrtasidagi chegara chizigʻini demarkatsiya qilish paytida toʻqnashuvlar boshlanib, ushbu chegara mojarosi 22-iyulda hal qilindi[34].

1976-yil 12-avgustda Managuada El Salvador va Honduras oʻrtasida chegara zonasini demilitarizatsiya qilish va qoʻshinlarni chegara chizigʻidan 3 km uzoqlikka olib chiqish toʻgʻrisida bitim imzolandi[35]. Ikki mamlakat oʻrtasidagi tinchlik shartnomasi (el Tratado General de Paz) faqatgina 1980-yil 30-oktabrda Lima shahridagi prezident saroyida urushdan oʻn bir yil oʻtib imzolangan[36].

Va nihoyat Xalqaro sudning 1992-yil 11-sentabrdagi qarori bilan mamlakatlar oʻrtasidagi chegara chizigʻi oʻrnatildi[37].

  • El Salvador poytaxtida 1969-yilgi urush qatnashchilari xotirasiga koʻchalardan biriga Qahramonlar bulvari deb nomi berilgan.
  • San Xose de la Fuente shahrida (El Salvadorning La-Union departamenti) Honduras harbiy-havo kuchlari bilan havo jangida halok boʻlgan El Salvador havo kuchlari uchuvchisi kapitan Gilermo Reynaldo Kortez (Guillermo Reynaldo Cortez) haykali oʻrnatilgan.
  • Urushning 50 yilligi munosabati bilan El Salvador qurolli kuchlari faxriylari „Veterano por la Dignidad Nacional“ koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar.

Qoʻshimcha maʼlumot

[tahrir | manbasini tahrirlash]
P-51 „Mustang“ qiruvchi samolyoti (bort raqami RCAF 9281), El Salvador harbiy-havo kuchlari tomonidan urushda foydalaniladigan samolyotlardan biri (1956-yil).
Fighter Chance Vought F4U-5NL „Corsair“ (bort raqami FAH-609), Honduras harbiy-havo kuchlari urushida foydalanilgan samolyotlardan biri, Museo del Aire muzeyidagi (Tegusigalpa) koʻrgazma samolyot.
  • Futbol urushi koʻpincha tarixdagi porshen dvigatelli vintli samolyotlar bir-biri bilan jang qilgan soʻnggi toʻqnashuv sifatida tilga olinadi. Har ikki tomon Amerika Ikkinchi Jahon urushida foydalangan samolyotlaridan foydalangan: P-51 Mustangs, F4U Corsairs, T-28 Troyan samolyotlari va konvertatsiya qilingan DC-3 bombardimonchi samolyotlari.
  • Urush boshlanishidan oldin, El Salvador harbiy-havo kuchlarining kamida bitta C-47 transport samolyoti bombardimonchi samolyotga aylantirildi (bombalar yuk omboriga joylashtirilgan). Urush boshlanganidan keyin Honduras harbiy-havo kuchlarining bir nechta C-47 samolyotlari xuddi shu tarzda bombardimonchi samolyotga aylantirildi. Bombardimon qilish uchun havo bombalaridan tashqari 60 mm va 81 mmli minomyot minalaridan ham foydalanilgan.

Futbol oʻyini natijalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • 1969-yil 6-iyun, Tegusigalpa, Honduras. Honduras — El Salvador 1:0 (birinchi boʻlimdan keyin 0:0).
  • 1969-yil 15-iyun, San-Salvador, El Salvador. El Salvador — Honduras 3:0 (3:0).
  • Pley-off oʻyini, 27-iyun, Mexiko, Meksika. El Salvador — Honduras 3:2 qoʻshimcha boʻlim boʻlib oʻtgan (1:2, 2:2).

Kuzdagi soʻnggi saralash bosqichida gaitiliklarni magʻlub etgan El Salvador milliy futbol jamoasi oʻz tarixida birinchi marta 1970-yilgi FIFA Jahon Chempionati finaliga yoʻl oldi va u yerda barcha oʻyinlarda yutqazib, oxirgi oʻrinni egalladi.

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 E.L. Nitoburg. „Futbolnaya voyna“ // „Voprosi istorii“, № 7, 1978. str.214-220
  2. 2,0 2,1 David Spencer. Armored Fighting Vehicles of El Salvador. Museum Ordnance Special Number 7. 1995. p.2-8
  3. 3,0 3,1 El Salvador vs Honduras, 1969: The 100-Hour War
  4. Людские потери в конфликтах, кризисах, войнах в 1945-1994 годах // «Зарубежное военное обозрение», № 9 (642), 2000. стр. 15-18
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 5,6 5,7 5,8 N. S. Leonov. Ocherki novoy i noveyshey istorii stran Tsentralnoy Ameriki. M., „Misl“, 1975. str.296-314
  6. 6,0 6,1 La guerra de 1969, 100 horas de tensiones // „El Heraldo“ ot 13-iyulya 2013
  7. „Ley de Reforma Agraria de 1962 (Global Legal Information Network)“. 2011-yil 22-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 21-avgust.
  8. Civiles y veteranos recuerdan el horror de la guerra entre El Salvador y Honduras // „El Pais“ ot 14-iyulya 2019
  9. Thomas P. Anderson. The War of the Dispossessed: Honduras and El Salvador 1969. Lincoln: University of Nebraska Press, 1981. str.105
  10. Nate Jones. Document Friday: The Football War // The National Security Archive ot 25-iyunya 2010
  11. 「また衝突か エルサルバドルとホンジュラス」『朝日新聞』1969年7月14日 12版 3面。
  12. 「またも交戦 エルサルバドルとホンジュラス」『朝日新聞』1969年7月14日夕刊 3版 2面。
  13. 13,0 13,1 13,2 Gol v svoi vorota // „Izvestiya“, № 166 (16171) ot 17-iyulya 1969. str.2
  14. Delo doshlo do voennix deystviy // „Krasnaya zvezda“, № 164 (13908) ot 16-iyulya 1969. str.4
  15. Konflikt prodoljaetsya // „Izvestiya“, № 167 (16172) ot 18-iyulya 1969 str.2
  16. Salvadorsko-gondurasskiy konflikt // „Krasnaya zvezda“, № 165 (13909) ot 17-iyulya 1969. str.3
  17. 17,0 17,1 Vokrug konflikta // „Izvestiya“, № 168 (16173) ot 19-iyulya 1969. str.1
  18. Konflikt prodoljaetsya // „Krasnaya zvezda“ № 166 (13910) ot 19-iyulya 1969. str.5
  19. 19,0 19,1 Korni konflikta // „Izvestiya“, № 169 (16174) ot 20-iyulya 1969 str.2
  20. Julio A. Montes. Salvadoran Armed Forces Research & Development Center // „Small Arms Defense Journal“, 6-noyabrya 2013
  21. Neustoychivoe peremirie // „Krasnaya zvezda“, № 167 (13911) ot 20-iyulya 1969. str.4
  22. 22,0 22,1 Xuan Kobo. „Malaya voyna“ v Latinskoy Amerike // „Novoe vremya“, № 31 (1261) ot 1-avgusta 1969. str.14-15
  23. 23,0 23,1 Salvador uporstvuet // „Izvestiya“, № 172 (16177) ot 24-iyulya 1969 str.2
  24. Tropas mantienen sus posiciones // gazeta „El Diario de Hoy“ (San-Salvador), № 11047 ot 22-iyulya 1969
  25. 25,0 25,1 Salvador // Yejegodnik Bolshoy Sovetskoy Ensiklopedii, 1970 (vip. 14). M., „Sovetskaya ensiklopediya“, 1970. str.352-353
  26. Indiana Jones With A Note Pad Where Sensible People Flee, Polish Journalist Ryszard Kapuscinski Just Keeps Pushing On (Wayback Machine saytida 2017-02-19 sanasida arxivlangan) // „Orlando Sentinel“ ot 2-iyunya 1991
  27. Jose Marcos. „Jamás imaginé lo que desencadenaría mi gol“ // „El Pais“ ot 20-iyulya 2009
  28. Gonduras // Yejegodnik Bolshoy Sovetskoy Ensiklopedii, 1970 (vip. 14). M., „Sovetskaya ensiklopediya“, 1970. str.248
  29. Honduras: militarización y desnacionalización // „Revista Envio“, Numero 35, Mayo 1984
  30. Salvador // Yejegodnik Bolshoy Sovetskoy Ensiklopedii, 1971 (vip. 15). M., „Sovetskaya ensiklopediya“, 1971. str.357
  31. Gonduras // Yejegodnik Bolshoy Sovetskoy Ensiklopedii, 1971 (vip. 15). M., „Sovetskaya ensiklopediya“, 1971. str.254-255
  32. Gonduras // Yejegodnik Bolshoy Sovetskoy Ensiklopedii, 1972 (vip. 16). M., „Sovetskaya ensiklopediya“, 1972. str.247-248
  33. Salvador // Yejegodnik Bolshoy Sovetskoy Ensiklopedii, 1972 (vip. 16). M., „Sovetskaya ensiklopediya“, 1972. str.360-361
  34. R. Ernest Dyupyui, Trevor N. Dyupyui. Vsemirnaya istoriya voyn (v 4-x tt.). kniga 4 (1925—1997). SPb., M., „Poligon — AST“, 1998. str.852
  35. Gonduras // Yejegodnik Bolshoy Sovetskoy Ensiklopedii, 1977 (vip. 21). M., „Sovetskaya ensiklopediya“, 1977. str.250-251
  36. El Salvador and Honduras Thursday signed a peace treaty // UPI ot 30-oktabrya 1980
  37. Isabel Ferrer. Honduras gana la guerra del fútbol a los 23 años de que callaran las armas // „El Pais“ ot 12-sentabrya 1992
  • P. I. Nikolaev. Salvador-Gonduras dramasi // Lotin Amerikasi jurnali, № 6, 1970-yil
  • Ryszard Kapuscinski. Vojna futbolova. Varshava, 1978-262 bet.(pol.) )
  • Uilyam H Durham. Markaziy Amerikada tanqislik va omon qolish: Futbol urushining ekologik kelib chiqishi. Stenford (Kaliforniya), Stenford universiteti nashriyoti, 1979-yil(Inglizcha) )
  • Tomas P. Anderson. Mulksizlar urushi: Gonduras va Salvador 1969-yil. Linkoln: Nebraska universiteti matbuoti, 1981-yil.(Inglizcha) )
  • Xuan Ramon Martines. LA GUERRA DE 1969, ENSEÑANZAS Y VALORACIONES // „La Tribuna“, 2013-yil 14-iyul
  • Maksim Rayder. Futbol urushi // „Osmon burchagi“ veb-sayti (havodagi urush tafsilotlari)