Gʻayrat Shoumarov
Gʻayrat Shoumarov | |
---|---|
Tavalludi |
10-dekabr 1947-yil Toshkent, Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Ish joylari | O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi |
Taʼlimi |
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti |
Ilmiy darajasi | psixologiya fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor, akademik |
Shoumarov Gʻayrat Baxromovich (10.12.1947) — oʻzbekistonlik olim, psixologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi aʼzosi — akademik[1]. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va oʻrta maxsus taʼlim vazirining maslahatchisi[2].
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Gʻayrat Shoumarov 1947-yili Toshkent shahrining Balandmachit mahallasida (hozirgi Xadra maydoni, Alisher Navoiy koʻchasi hududi) shifokor oilasida tavallud topgan. Otasining xizmat faoliyati tufayli Toshkent viloyatining Chinoz va Yangiyoʻl hududlarida bir necha yil yashagan. 1963-1967-yillarda Yangiyoʻl tibbiyot bilim yurtida oʻqib, feldsher kasbini egallagan. 1967-1968-yillari Navoiy shahridagi harbiy kasalxonada feldsher boʻlib ishlagan.
1969-1973-yillar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining pedagogika va psixologiya fakulteti defektologiya boʻlimida tahsil olgan. 1973-yildan shu institutning assistenti sifatida pedagogik mehnat faoliyatini boshlagan. 1973-1974-yillar Polsha Respublikasida harbiy xizmatni oʻtagan. 1977-1979-yillar Moskva pedagogika fanlari akademiyasi qoshidagi defektologiya ilmiy tekshirish instituti aspiranti, 1980-1987-yillar Nizomiy nomidagi Tashkent davlat pedagogika insitituti „Umumiy psixologiya“ kafedrasida assistent, dotsent lavozimlarida ishlagan.
1988-1989-yillari doktorlik dissertasiya himoyasi ustida ishlash uchun ikki yilga Moskva shahriga yuborilgan. Dissertasiya mavzusi boʻyicha Moskva, Nijniy Novgorod, Kishinyov, Toshkent shaharlarida eksperimental maʼlumotlarni yigʻib, 1990-yili doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan[2].
1991-1996-yillari Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish markaziy instituti rektori, 1996-1998-yillari Respublika taʼlim markazi direktori lavozimlarida ishlagan. 1998-yildan 2002-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida yetakchi konsultant, bosh konsultant, monitoring guruhi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2002-2008-yillari Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori[3], 2008-yildan 2010-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri lavozimlarida ishlagan.
U 2009-yili Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan YuNESKO Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasiga rahbarlik qilgan va Assambleyada oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etgan.
Ilmiy va pedagogik faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Respublika komissiyasi kotibi sifatida „Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar“ fani taʼlim tizimiga joriy etilishida, shuningdek, monitoring guruhi rahbari sifatida taʼlim turlarida birinchi bor davlat taʼlim standartlari (DTS) tasdiqlanishida hissa qoʻshgan.
Gʻ.Shoumarov psixologiya fani yoʻnalishida Oʻzbekistonda oilani oʻrganish boʻyicha shakllangan ilmiy maktabi asoschisi hisoblanadi. Gʻ.Shoumarov maktab oʻquvchilari uchun moʻljallangan, sogʻlom turmush tarzi, salomatlik, oila masalalariga bagʻishlangan qator oʻquv qoʻllanmalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻqitiladigan „Oila psixologiyasi“[sayt ishlamaydi] va „Sharqona oila“ oʻquv qoʻllanmalari, „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“, „Ayollar ensiklopediyasi“, „Bolalar ensiklopediyasi“ singari kitoblar mualliflaridan biri boʻlib, rahbarligi va hammuallifligida psixologiya boʻyicha qator ilmiy-ommabop kitoblar tayyorlangan.
Gʻ.Shoumarov 400 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi boʻlib, 40 dan ortiq fan nomzodlariga (PhD) ilmiy rahbarlik, 10 nafar fan doktoriga ilmiy maslahatchilik qilgan.
Uning rahbarligida oʻzbek, tojik, qoraqalpoq, qirgʻiz oilalarining ijtimoiy va etnopsixologik xususiyatlari, ayollarda oʻziga oʻzi oʻt qoʻyish, bolalarda oʻz joniga qasd qilish, jinsiy qoniqishning nikoh mustahkamligiga taʼsiri, respublikada psixologik xizmatni tashkil etish, badiiy ijodiyot psixologiyasi, boshqaruv psixologiyasi, deviatsiya masalalari tahlili va shu kabi yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan. Oʻzbekistonda birinchi marta oliy taʼlim tizimida psixologik xizmatni tashkil etish yoʻnalishida Fan va texnologiyalar markazi tomonidan moliyalashtirilgan amaliy loyiha rahbari sifatida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida psixologik markazning ishga tushirilishida asos solgan. 2023-yil 23-dekabrda Gʻayrat Shoumarov Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib tasdiqlandi va unga akademik unvoni berildi[4].
Jamoatchilik faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uning tashabbusi bilan 2000-yili Oʻzbekiston psixologlar assotsiatsiyasi tashkil etilgan va oʻn yil mobaynida Gʻ.Shoumarov assotsiatsiyasiga rahbarlik qilgan. 2003-2010-yillari „Oʻzbekiston-Turkmaniston“ doʻstlik jamiyati raisi boʻlgan.
Gʻ.Shoumarov bir necha yillardan beri sogʻlom turmush targʻibotchisi boʻlib, aʼzolari turli boʻgʻindagi rahbarlardan iborat futbol komandasiga sardorlik qilib kelmoqda.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Об утверждении действительных членов Академии наук Республики Узбекистан“. president.uz. Qaraldi: 2023-yil 23-dekabr.
- ↑ 2,0 2,1 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383-bet.
- ↑ Yangi Oʻzbekiston - maktab ostonasidan boshlanadi [Izomaterial]: kitob-albom/Xalq ta'limi vazirligi. Toshkent, 2021. bet 206.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga yangi akademiklar tasdiqlandi“. oyina.uz. Qaraldi: 23-dekabr 2023-yil.