G‘aroibi sipoh
G‘aroibi sipoh (Qo‘shin g‘aroyibotlari) — nomli tarixiy asar, muallifi, muallifi XIX asr tarixchisi Tojirdir.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]„G‘aroibi sipoh“ asari Qo‘qon xonligi tarixiga oid tojik tilida yozilgan yozma manbalardan biri hisoblanadi[1]. Hozirgacha asarning ikkita qo‘lyozmasi maʼlum. Ulardan biri Oʻzbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi, u haqda sharq qo‘lyozmalari tavsiflarida maʼlumotlar berilgan. 5408 tartib raqamidagi mazkur qo‘lyozma qo‘qon qog‘oziga nastaʼliq xatida yozilgan, jami 36 varaq, taxminan XIX asr oxirida ko‘chirilgan. Ikkinchi qo‘lyozma matni 1993-yili Xo‘jandda S.Asadulloh tarafidan kirill alifbosida nashr etilgan. Unda Oʻzbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti nusxasi (mikrofilm)dan ham foydalanilgani taʼkidlab o‘tilgan. „G‘aroibi sipoh“ asarining Qo‘qon tarixnavisligida tutgan o‘rni va undagi xonlikning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotiga tarixiy maʼlumotlar borasida ayrim mulohazalar bildirilgan. Asarning Xo‘jand nusxasi so‘nggida Tojirning Xo‘jand vasfida bitilgan sheʼrlari ham keltirilgan bo‘lib, shu sabab nashrda muallif Tojir Xo‘jandiy shaklida qabul qilingan. Asarning Toshkent nusxasida bunday sheʼrlar yo‘q. O‘ziga Tojir taxallusini qo‘llaganidan uning savdo sohasiga, asarga qo‘yilgan nomdan esa harbiy ishga aloqador shaxs bo‘lsa kerak, degan fikr-mulohazalar yuzaga kelgan. Muallif voqealarni asosan eshitganlariga tayanib yozgan. Shuni sabab, „roviylarning hikoya qilishicha“ qabilidagi anʼanaviy iboralarni istisno qilganda unda hech qanday tarixiy asar nomi yoki muallif tilga olinmagan. Muallifning taʼkidlashicha, asarning yozilish sanasi, unga berilgan „G‘aroyibi sipoh“ hijriy 1281 (1864—1865) yilga to‘g‘ri keladi. Lekin aslida asar 1844—1845-yillar tafsilotlari bilan yakunlangan. Asarning oxiri Qo‘qonning Amir Nasrulloh qo‘shinidan ozod qilinishi va unda Musulmonqul mingboshining xizmatlarini taʼkidlash bilan tugaydi[2].