Kontent qismiga oʻtish

Gamboro kasalligi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Sargʻish peribursal shish, Fabriciusning kattalashgan bursasi

Morbus Gamboro – gamboro kasalligi (yuqumli bursit, yuqumli nekroz), Infektsion bursit (lotincha: Bursitis infectiosa avium) – oʻtkir kechadigan kontagioz virus kasalligi boʻlib, tovuqlar fabritsieva xaltachasining yalligʻlanishi, nefrozonefrit va ichaklar faoliyatining buzilishi bilan xarakterlanadi[1]. Kasallik birinchi marta 1957-yilda AQSH ning Delaver shtati, Gamboro rayonida roʻyxatga olingan va 1962-yil, A.Kosgrov uni Gamboro kasalligi deb atagan. Vanterfeld va Xitchner (1962-yil) kasal tovuqlardan ajratib olgan virus broyler tovuqlarda nefrozonefrit qoʻzgʻatishini aniqlagan. SHuning uchun uni infektsion nefrozonefrit deb atashgan. Biroq, 1965-yili Karnayun kasallikdagi asosiy xarakterli belgi, fabritsieva xaltachaning yalligʻlanishi ekanligini, nefrozonefrit esa, unga hamroh boʻluvchi belgi ekanligini tasdiqlagan. 1970- yildan beri infektsion bursit kasalligi deb yuritiladi[2]. Kasallik Amerika, Yevropa, Osiyo qitʼalari mamlakatlarining parrandachilik sanoatlashgan xoʻjaliklarida, ayniqsa, broyler fermalarida tarqalgan. Rossiyada mavjud parrandalarning 14% ushbu kasallikdan nobud boʻlgan (2004-yil).

Qoʻzgʻatuvchisi va uning chidamliligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

RNK li virus – Birnaviridae oilasi, avibirnavirus avlodiga mansub. Virion tashqi qobiqsiz, oʻlchami 60-65 nm, ekosaedrik simmetriyaga ega va 90% oqsil, 10% ribonuklein kislotadan iborat. Virusning ikkita seroturi aniqlangan: Si-1 joʻjalardan, 23/82 esa kurkalardan ajratilgan[3]. Ikkala virus seroturi ham faqat oʻzi ajratilgan tur parrandalarda kasallik qoʻzgʻatadi. Patogenligi boʻyicha avirulent, kuchsiz virulentli, virulentli va yuqori virulentli shtammlari mavjud. Tabiatda antigen xususiyatlari boʻyicha bir biridan farqlanadigan virusning juda koʻp serovariantlari mavjud. Standart serotur 1 odatda 50% gacha parrandalarni oʻldirsa, yuqori virulentli serotur 1 bilan zararlangan joʻjalar 100% oʻladi. Virus 9 kunlik tovuq embrioni sariq xaltasiga yuborilsa, embrion 6 kunda oʻladi. Virus tashqi muhit taʼsirlariga va kimyoviy preparatlarga (efir, xloramin, rN 2,0) chidamli. Bino ichidagi axlatda, suv, ozuqada virus oʻzining faolligini 52 kun saqlaydi. U rN 7,0-7,5 ga nisbiy chidamli va ishqorli rN ga sezgirdir. Virus 56 °C da 5 soat, 60 °C da 0,5 soat, 25 °C da – 21 kun, minus 20 °C da saqlanganda uch yil oʻz faolligini saqlaydi. CHangda, devor, asbob-uskunalar ustida 1 yil, har xil predmetlarda (shisha, ventilyator parragi) 30 kungacha faol saqlanadi. 0,5% li xloramin eritmasi 10 daqiqada, yod preparati 2 daqiqada, 3% li formaldegid 24 soatda, 4% li formaldegid, 3 soatda faolsizlantiradi. Odatdagi dezinfektsion vositalar (1% li fenol, krezol, formalin) taʼsirida 1 soatda faolsizlanadi. Virus tashqi muhit taʼsirlariga va kimyoviy preparatlarga (efir, xloramin, rN 2,0) chidamli. Bino ichidagi axlatda, suv, ozuqada virus oʻzining faolligini 52 kun saqlaydi. U rN 7,0-7,5 ga nisbiy chidamli va ishqorli rN ga sezgirdir. Virus 56 °C da 5 soat, 60 °C da 0,5 soat, 25 °C da – 21 kun, minus 20 °C da saqlanganda uch yil oʻz faolligini saqlaydi. CHangda, devor, asbob-uskunalar ustida 1 yil, har xil predmetlarda (shisha, ventilyator parragi) 30 kungacha faol saqlanadi. 0,5% li xloramin eritmasi 10 daqiqada, yod preparati 2 daqiqada, 3% li formaldegid 24 soatda, 4% li formaldegid 3 soatda faolsizlantiradi. Odatdagi dezinfeksion vositalar (1% li fenol, krezol, formalin) taʼsirida 1 soatda faolsizlanadi.

Epizootologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Virusga tovuqlarning barcha yoshdagilari moyil, ammo joʻjalarning 2-3 dan 11-haftaliklarigacha juda sezgir, ayniqsa broyler zotlari. Katta yoshdagi tovuqlarda kasallik belgisiz oʻtadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchining manbai boʻlib, kasal va virus tashuvchi joʻjalar hisoblanadi. O‘rdak, sesarka, gʻoz va bedana virus tashuvchi boʻlishi mumkin. Kasal parrandalar oʻzining axlati bilan toʻrt haftagacha virus ajratib turadi va toʻshama, katakcha, asbob-uskunalar va suv ozuqalarni ifloslantiradi. Virus yuqori kontagiozli boʻlgani uchun kasallangan parrandalarning bir-biriga yaqinlashishi, kasallikning tarqalishiga olib keladi. Parrandalar ogʻiz, koʻz va burun shilliq pardalari orqali zararlanadi. Virus bir tovuqxonadan boshqasiga parranda boqarlarning kiyim-kechaklari, poyafzallari hamda asbob-uskunalari orqali oʻtishi aniqlangan. Kasallanib tuzalgan parrandalar 7-30 kun davomida virus tashuvchi boʻladi. Virus uzoq masofalarga yovvoyi parrandalar orqali tarqaladi. U tuxum orqali va aerogen yoʻl bilan ham oʻtishi mumkin. Kasallik qoʻzgʻatuvchi rezervuari boʻlib, qora qoʻngʻiz (Alphitobius diaperinus), pashsha, kemiruvchilar, un qurtlari, yovvoyi parrandalar xizmat qilishi aniqlangan. Yangi epizootik oʻchoqda kasallik oʻtkir va yarim oʻtkir, statsionar nosogʻlom xoʻjaliklarda esa, surunkali yoki belgisiz kechadi. Ushbu kasallikning asosiy epizootologik belgisi – fermada parrandalarning toʻsatdan yuqori darajada (40-100%) kasallanishi, tez oʻlishi (20-40%) va nisbatan tez (4-7 kun orasida) tuzalishi hisoblanadi. Nosogʻlom xoʻjaliklarda infektsion bursit kolibakterioz, salmonellyoz va pulloroz bilan birga kechishi mumkin. Yuqori darajada oʻlim, tuxum yoʻnalishidagi 6-8 haftalik joʻjalarga xos. Goʻsht yoʻnalishidagi joʻjalar odatda 3-4 haftalikda kasallanadi. Joʻjalar orasida oʻlim 5-40 foiz atrofida kuzatiladi. Kasallik yilning hamma faslida uchraydi.

Buyraklarning shikastlanishi
Proventrikul va qorin boʻshligʻida qon ketishi

Virus organizmga asosan ogʻiz orqali va aerogen kirib, ichak orqali limfoid va makrofaglarga yopishib qon bilan fabritsieva xaltacha va boshqa limfoid toʻqimalarga joylashadi hamda u yerlarda virus reproduksiyasi boshlanadi. 2-3 kun orasida virus fabritsieva xaltacha va taloqda yuqori titrda toʻplanadi, keyin kasallik rivojlanishi davrida boshqa aʼzolarda: miya, qon, buyraklar va jigarda ham aniqlanadi. Virus taʼsirida kasallik infektsion jarayonining rivojlanishi oqibatida organizmda kalsiy almashinuvi, qonning ivishi va jigar faoliyatining buzilishi, suyak iligi aplaziyasi, immun komplekslarning shakllanishi, oʻtkir degidratatsiya, gipoksiya, immunitetning asosiy aʼzolarining tayanchi boʻlgan immun hujayralarning yemirilishi asosida organizmda immunosupressiya kuzatiladi, yaʼni patogenezda immunitetning asosiy aʼzolarining biri – fabritsieva xaltachaning nekrotik yalligʻlanishi asosiy rol oʻynaydi.

Klinik belgilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ikkita kattalashgan bursa: sargʻish, kulrang (oʻngda), gemorragik (chapda)

Kasallikning inkubatsion davri oʻtkir kechganda, juda qisqa davom etadi. Virus organizmga tushgandan soʻng 2-3 kun orasida klinik belgilar paydo boʻladi. Kasallik 2 shaklda oʻtkir va subklinik kechadi. Oʻtkir kechish odatda 3-6 haftalik joʻjalarda kuzatiladi. Kasallik tananing qaltirashi va asab tizimi belgilari bilan boshlanadi. Joʻja darhol harakatlana olmasdan qoladi. Patlari hurpayadi, anoreksiya va ich ketish kuzatiladi, axlati shilliqli suyuq, oq rangli boʻladi va joʻjalarda degidratatsiya rivojlanadi, odatda ular depressiya holatda oʻladi. 4-5 kun orasida fermadagi barcha joʻjalar kasallanadi. Kasallikning ikkinchi subklinik shakli 1-21 kunlik joʻjalarga xos. Bu shaklda kasallikka xos klinik belgilar va oʻlim kuzatilmaydi. Joʻjalarda faqat immunosupressiya rivojlanadi, u surunkali va tuzalmaydigan jarayonga aylanadi. Bu holatdagi joʻjalar nyukasl, marek, ILT kasalliklariga vaksina bilan emlanganda ham ularga qarshi immmunitet yaxshi shakllanmaydi. Ular oʻsish va rivojlanishdan orqada qoladi, berilgan ozuqaga nisbatan mahsulot olinmaydi, xoʻjalik uchun yaroqsiz boʻlib qoladi.

Patologoanatomik oʻzgarishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallik oʻtkir shaklda kechsa, oʻlgan parrandalar yorib koʻrilganda son, koʻkrak, qanoti terisi ostida nuqtali va chiziqli qon quyilishlar hamda gavdaning suvi qochganligi koʻzga tashlanadi. Fabritsieva xaltacha 2-3 marta kattalashgan, shilliq pardalari shishgan va qonga toʻlgan boʻlib, ogʻir hollarda bursa boʻshligʻida jelatinaga oʻxshash transsudat va fibrin qatlami koʻrinadi. Muskullar quruq, suvsiz va oqargan boʻladi. Jigar shishgan, taloqda nekrotik oʻchoqlar boʻladi. Kasallikning keyingi bosqichlarida taloqda atrofiya, oxirgi bosqichida buyrak shishgan toʻq jigar rangda, kanalchalarda esa siydik kislotasi toʻplangan boʻladi va fabritsieva xaltachada ham atrofiya kuzatiladi. Ushbu kasallikda fabritsieva xaltachani gistologik tekshirish talab etiladi. Unda limfotsitlardagi oʻzgarishlar, ularning halokatga uchrashi, follikulalarning joyli (lokal) va umumiy nekrozga uchrashi, follikula moddalari makrofaglar tomonidan lizisga uchrab, asalari uyasiga oʻxshab qolishi mikroskop ostida koʻrinadi[4].

Diagnostikasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Fabrisius bursasida toʻplangan kazeoz ekssudati

Dastlabki diagnoz epizootologik maʼlumotlar, klinik belgilar, patologoanatomik oʻzgarishlarga qarab qoʻyiladi. Yakuniy diagnoz laboratoriyaviy tekshirishlar asosida qoʻzgʻatuvchini ajratish, serologik reaksiyalarda identifikatsiya qilish, biosinov (9 kunlik tovuq embrionini, 30-40 kunlik joʻjalarni zararlash), patologik materialda (fabritsieva xalta) infektsion bursit antigeni yoki unga qarshi shakllangan antitelolarni parranda qon zardobida IDR, IFT da aniqlash hamda gistologik tekshirish natijalariga asoslanib qoʻyiladi. Embrionning xorioallantois membranasiga virusli suspenziya yuborilsa, 3-5 kun orasida embrion oʻladi va virus NR yoki IDR, IFT da identifikatsiya qilinadi. Zararlash uchun Gamboro kasalligi va boshqa infektsion kasalliklar boʻyicha sogʻlom boʻlgan xoʻjaliklardan olingan 9 kunlik tovuq embrioni ishlatiladi. Tuxum poʻchogʻini teshib, 2-3 mm chuqurlikda tekshiriladigan namuna 0,2 ml hajmda yuboriladi. Poʻchoqdagi teshik parafin bilan yopiladi. Embrionlar termostatga joylashtiriladi va 10 kun 37 °C da inkubatsiyaga qoʻyiladi. Inkubatsiya jarayonida har kuni bir marta ovoskopiya oʻtkaziladi. Oʻlgan embrionlar oldin 2-3 soat 4 °C gacha sovutilib, shu kuni ochilishi kerak. Tirik embrionlar ham inkubatsiyaning 10-kuni 4 °C gacha sovutiladi va ochiladi. Embrionlar zararlangandan keyin 3-7 kun orasida oʻlsa, natija ishonchli hisoblanadi. Oʻlgan va oʻsishdan qolgan embrionlardan steril probirkalarga (har bir embriondan alohida) allantois suyuqligi olinadi va GPA, GPB ga 0,2 mm ekib sterilligi tekshiriladi. Ekmalar termostatda 37 °C da 5 kun saqlanadi. Virusni ajratib olish, uning patogenligini oʻrganish hamda kasallikni eksperimental keltirib chiqarish uchun joʻjalarda biosinov oʻtkaziladi. Zararlashda 20-25 kunlik joʻjalardan foydalaniladi. Tekshiriladigan namuna joʻjalarning burniga 0,5 ml miqdorda yuboriladi va 15 kun kuzatiladi. Biosinov natijalari kasallikning klinik namoyon boʻlishi va patologoanatomik oʻzgarishlar kechikkan vaqtda qon zardobida maxsus antitelolarning topilishiga qarab baholanadi. Diagnozni serologik tasdiqlash uchun IDR reaksiyasi qoʻllanadi. Angigen sifatida tovuq embrioni xorioallantois pardasidan tayyorlangan antigen ishlatiladi.

Maxsus davolash vositasi yoʻq, biroq sekundar infeksiyalarga qarshi keng doirada taʼsir etuvchi antibiotiklar, nitrofuran, sulfanilamid va yodli preparatlardan foydalansa boʻladi.

  1. Castón, José R.; Rodríguez, José F.; Carrascosa, José L. „Infectious Bursal Disease Virus (IBDV)“, . Segmented Double-stranded RNA Viruses: Structure and Molecular Biology. Caister Academic Press, 2008. ISBN 978-1-904455-21-9. 
  2. Nguyen Thi Hau (October 27, 2014). „GUMBORO disease in chickens and methods of prevention and treatment“
  3. „Infectious Bursal Disease: Introduction“. The Merck Veterinary Manual (2006). Qaraldi: 2007-yil 26-iyun.
  4. „Tovuqlarda gamboro kasalligi“. https://agro-olam.uz/tovuqlarda-gamboro-kasalligi/. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.

Tashqi havolalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]