Kontent qismiga oʻtish

Giuseppe Garibaldi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Garibaldi Juzeppedan yoʻnaltirildi)
Giuseppe Garibaldi (1866)

Giuseppe Garibaldi ([dʒuˈzɛppe ɡariˈbaldi]; talaffuzi: Juzeppe Garibaldi; 1807-yil 4-iyul, Nitssa — 1882-yil 2-iyun, Kaprera oroli) — Italiya xalq qahramoni, general, Risorjimento inqilobiy qanotining rahbarlaridan biri. Janubiy Amerika respublikalarining mustaqilligi yoʻlida 10 yildan ortiq kurashgan. 1848—1849-yillardagi Italiya inqilobi qatnashchisi, Rim Respublikasini mudofaa qilish (1849) tashkilotchisi. 1848-, 1859- va 1866-yillarda Garibaldi rahbarligidagi koʻngilli askarlar Avstriyaga qarshi ozodlik urushlarida shuhrat qozongan. Italiyaning janubini ozod qilish bilan 1859—1860-yillardagi Italiya inqilobi gʻalabasini taʼmin etgan. „Minglar“ harbiy yurishiga boshchilikqilgan (I860). 1862- va 1867-yillarda Rimni papa hokimiyatidan qurolli yoʻl bilan xalos etishga uringan. 1870—1871-yillarda Fransiya-Prussiya urushi davrida koʻngilli boʻlib Fransiya tomonida urushgan, Vogez armiyasiga qoʻmondonlik qilib, prus armiyasini bir necha bor jiddiy magʻlubiyatga uchratgan.

Giuseppe Garibaldi 1807-yil 4-iyulda Nitssa shaharchasida tugʻilgan. Uning otasi Dominiko Garibaldi kichik savdo kemasi kapitani edi. Garibaldi tugʻilganida uning shahri Napoleon Bonapart boshqaruvidagi Fransiya tarkibida edi keyinchalik 1814-yilgi Vena Kongressidan soʻng Italiyaning Sardiniya qiroligi ostiga qoʻshiladi. Garibaldi oilasining qirgʻoqboʻyi savdosi bilan shugʻullanishi uni dengizdagi hayotga tortdi. Onasining ruhoniylar safiga qoʻshilish istagiga qaramasdan Garibaldi 15 yoshida dengizga chiqishga qaror qildi va 25 yoshida kema kapitani darajasiga erishdi.

1833-yilda Garibaldi Genuya shahrida Giuseppe Mazzini bilan uchrashdi. Mazzini Italiyani siyosiy va ijtimoiy islohotlar orqali liberal respublika sifatida birlashtirishning qizgʻin tarafdori edi. Garibaldi Mazzini tomonidan asos solingan „Yosh Italiya“ harakatiga qoʻshildi va vatanini Avstriya hukmronligidan ozod qilish va birlashtirish uchun kurashga bagʻishlab qasamyod qildi. 1834-yil fevral oyida Pyemontdagi muvaffaqiyatsiz qoʻzgʻolonda qatnashdi. Sud Garibaldini sirtdan oʻlimga hukm qildi va u Marselga qochib ketdi.

Janubiy Amerikadagi hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garibaldi dastlab Tunis Beyligiga suzib bordi va oxir-oqibat Braziliya imperiyasiga kelib oʻrnashdi. Garibaldi oʻn yildan ziyod vaqt mobaynida surgunda yashab, avval dengizchi keyin esa savdogar sifatida yashay boshladi. U Janubiy Amerikaning Braziliya va Urugvay davlatlarida isyonchi harakatlarda qatnashgan. 1842-yilda Garibaldi Urugvayda boshlangan fuqarolar urushi davrida dengiz floti qoʻmondoni boʻldi va "Qizil ko'ylaklilar" deb nomlangan italyan legionini tashkil etgan. Keyinchalik esa bu qizil koʻylaklar Garibaldi va uning izdoshlarining ramziga aylandi.

Italiyaga qaytib kelishi va Birinchi Italiya Mustaqillik urushlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garibaldi Janubiy Amerikada boʻlsa-da, Londonda surgunda yashayotgan oʻzining inqilobiy hamkori Mazzini bilan aloqada boʻlib qoldi. Mazzini Garibaldini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatladi, uni italyan millatchilari uchun birlashtiruvchi kuch sifatida koʻrdi. Garibaldi Italiyada 1848-yilgi inqilob davrida vataniga qaytib keldi va „Harakat partiyasi“ning asoschilaridan va rahbarlaridan biriga aylandi. Va shu tariqa Italiyada „Birinchi Italiya Mustaqillik urushlari“ boshlandi. Avstriyaliklarga qarshi Garibaldi oʻz legioni bilan Luino va Morazzon shaharlarida ikkita kichik gʻalabaga erishdi. Ushbu gʻalabalardan soʻng Garibaldi yaqinda Papa davlatidan oʻzini mustaqi; deb eʼlon qilgan Rim respublikasini qoʻllab-quvvatlash uchun Rimga bordi. Biroq, Lui Napoleon tomonidan yuborilgan fransuz qoʻshini uni agʻdarish bilan tahdid qildi. Mazzinining iltimosiga binoan Garibaldi Rim mudofaasiga qoʻmondonlikni oʻz zimmasiga oldi.

1849-yil 30-aprelda Garibaldi qoʻmondonligi ostidagi respublika armiyasi son jihatdan ancha ustun boʻlgan fransuz armiyasini magʻlub etdi. Keyinchalik qoʻshimcha fransuz qoʻshinlari yetib keldi va 1-iyunda Rimni qamal qilish boshlandi. Respublikachilar armiyasi qarshilik koʻrsatganiga qaramay, 29-iyunda fransuzlar gʻalaba qozondi. 30-iyun kuni Rim assambleyasi uch yoʻldan birini tanlashni muhokama qildi: taslim boʻlish, koʻchalarda jangni davom ettirish yoki Apennin togʻlaridan qarshilikni davom ettirish uchun Rimdan chekinish. Garibaldi qonga belangan holda xonaga kirib, uchinchi variantni yoqlab nutq soʻzladi: Ovunque noi saremo, sarà Roma[1] (Qayerga borsak, oʻsha yer Rim boʻladi).

Tomonlar 1—2-iyulda sulh toʻgʻrisida muzokaralar olib bordilar, Garibaldi 4000 askar bilan Rimdan chiqib ketdi. Markaziy Italiyada avstriyaliklar bilan toʻqnashuvlardan soʻng San Marinodan vaqtincha boshpana topdi. Keyinchalik barcha savdo kemalarini sotib Nyu York shahriga joʻnab ketdi.

Ikkinchi Italiya Mustaqillik urushlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Garibaldi 1854-yilda yana Italiyaga qaytib keldi. Akasidan qolgan merosdan foydalanib, u oʻzini qishloq xoʻjaligiga bagʻishlab, Italiyaning Kaprera orolining yarmini (Sardiniya shimolida) sotib oldi. 1859-yilda Sardiniya hukumatidagi ichki fitnalar oʻrtasida Ikkinchi Italiya Mustaqillik urushi (Avstro-Sardiniya urushi deb ham ataladi) boshlandi. Garibaldi general-mayor etib tayinlandi va Alp togʻlari ovchilari (Cacciatori delle Alpi) nomli koʻngillilar boʻlinmasini tuzdi. Shundan soʻng, Garibaldi Mazzinining Italiyani respublika qilish gʻoyasidan voz kechdi va faqat Pyemont monarxiyasi bilan mamlakatni birlashtrish mumkin deb hisoblay boshladi. U va uning koʻngilli askarlari Varese, Komo va boshqa hududlarda avstriyaliklar ustidan gʻalaba qozonishdi.

Garibaldi oʻzining tugʻilgan shahri Nitssani muhim harbiy yordam evaziga Fransiyaga berilganidan juda norozi boʻldi. 1860-yil aprel oyida Turindagi Pyemont parlamentida Nitssa deputati sifatida u Nitssani Fransiya imperatori Lui Napoleonga bergani uchun Camillo Bensoni qattiq tanqid qildi.

  1. Hibbert, G. C (1965). Garibaldi and his enemies. London: Longmans. p. 94.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Hibbert, G. C (1965). Garibaldi and his enemies. London: Longmans.