Georgiy Jukov
Georgiy Konstantinovich Jukov [1896.19.11 (1.12), Kaluga viloyati, Strelkovka qishlogʻi — 1974.18.6, Moskva] — harbiy arbob, sarkarda. Sobiq Ittifoq marshali (1943), toʻrt marta Sovet Ittifoqi Qahramoni (1939, 1944, 1945, 1956) Xalxin-Gol daryosi boʻyidagi jangda qatnashgan (1939). Kiyev harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni (1940-yildan). 1941-yil yanvar—iyudda Bosh shtab boshligʻi — SSSR Mudofaa xalq komissari oʻrinbosari. Jukov Ikkinchi jahon urushida nemis-fashist bosqinchilarini tor-mor keltirishda muhim rol oʻynagan: Moskva va Leningrad janglari (1941 — 42), Leningrad qamalini yorib oʻtish, Stalingrad va Kursk janglari (1942— 43), Oʻng qirgʻoq Ukrainasidagi hujum, Belarus operatsiyasi (1943—44), Visla-Oder va Berlin operatsiyalari (1944—45)da oʻzining mohir sarkarda ekanligini koʻrsatgan. 1942-yil avgustdan urushning oxirigacha Mudofaa xalq komissari oʻrinbosari, Oliy Bosh qoʻmondon oʻrinbosari. Oliy Bosh qoʻmondon nomidan 1945-yil 8-mayda fashistlar Olmoniyasining soʻzsiz taslim boʻlganlik (kapitulyasiya) haqidagi hujjatni qabul qilgan. 1945—46 yillar Germaniyadagi sovet qoʻshinlari guruhi bosh qoʻmondoni va Sovet harbiy maʼmuriyati boshligʻi. 1946-yil martdan Quruqlikdagi qoʻshinlar bosh qoʻmondoni, SSSR Qurolli Kuchlar vaziri oʻrinbosari. Shu yilning oʻzida I. V. Stalin tomonidan ishdan chetlatilgan. 1946-yil iyundan Odessa harbiy okrugi, 1948-yildan Ural harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni. 1953-yildan SSSR mudofaa vaziri 1-oʻrinbosari, 1955-yildan mudofaa vaziri. 1956—57 yillarda KPSS MK Prezidiumi aʼzoligiga nomzod, aʼzosi. 1957-yil oktabrdan Nikita Xrushchyov koʻrsatmasiga binoan vazifasidan ozod qilingan. 1958-yil Qurolli Kuchlar saflaridan boʻshatilgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Vospominaniya i razmishleniya, 10-izd., t. 1-3, M., 1990.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |