Kontent qismiga oʻtish

Gulchehra Joʻrayeva

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Gulchehra Jo‘rayevadan yoʻnaltirildi)
Gulchehra Joʻrayeva
Tavalludi 1-fevral 1937-yil (1937-02-01) (87 yosh)
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)
Kasbi shoira, yozuvchi, jurnalist
Unvoni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi
Mukofotlari Mehnat shuhrati ordeni

Gulchehra Joʻrayeva (1937-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan) — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira, yozuvchi va jurnalist.

Gulchehra Joʻrayeva 1937-yil 1-fevralda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Doʻrmon qishlogʻida ziyoli oilada dunyoga kelgan[1]. 1954-yilda Buxoro shahrida oʻrta maktabni bitirib, Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning oʻzbek filologiyasi fakulteti jurnalistika boʻlimida tahsilni davom ettirgan[2].

Mehnat faoliyatini „Yosh lelinchi“ gazetasida boshlagan. „Oʻzbekiston madaniyati“ gazetasida oʻn yildan ortiq ishlagan. Soʻngra „Yoshlik“ jurnalida (1982), Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasida (1991), 1996—1997-yillarda esa Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi sifatida faoliyat olib borgan[3].

Shoira ijodiy faoliyatining boshlanishi oʻtgan asrning 50-yillariga toʻgʻri keladi. Ilk sheʼri „Tafakkur“ nomi ostida 1954-yilda chop etilgan. 1961-yilga kelib „Baxtim borki…“ nomli dastlabki sheʼriy kitobi nashrdan chiqqan. Soʻngra „Gul shaydosi“ (1969), „Bogʻimda bahor“ (1968), „Hayajon“ (1971), „Umr — daryo“ (1974), „Salom, doʻstlar“ (1975), „Eng yaqin yulduz“ (1979), „Dostonlar“ (1981), „Iqbol“ (1983), „Mehrim sizniki“ (1984) kabi oʻnlab toʻplamlari dunyo yuzini koʻrgan. Ijodkor, shunigdek, „Chavandoz“, „Imtihon“, „Zuhro yulduzi“ kabi qissalar muallifi. 1987-yil „Gulshan aro“ nomli sheʼr va qissalar toʻplami matbuotda eʼlon qilingan[4].

Mustaqillikdan soʻng „Yillarim — yoʻllarim“ (2000), „Seni sevaman, hayot“, „Saylanma“ (2009) kitoblari bosmadan chiqqan[5]. Shoiraning yigirmadan ortiq sheʼr va qissalar toʻplami kitobxonlar qoʻliga yetib borgan.

Gulchehra Joʻrayevaga 1992-yil „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi“ unvoni berilgan. „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan ham taqdirlangan.

  1. „GULCHEHRA JO‘RAYEVA (1937)“. ziyouz.com. Qaraldi: 16-iyul 2024-yil.
  2. YouTube logotipi Portret 7-soni (Gulchehra Jo'rayeva) YouTubeda
  3. „Gulchehra Jo‘rayeva (1937)“. uzpedia.uz. Qaraldi: 16-iyul 2024-yil.
  4. „Jo‘rayeva Gulchehra“. arboblar.uz. Qaraldi: 16-iyul 2024-yil.
  5. „GULCHEHRA JO‘RAYEVA (1937)“. ziyouz.com. Qaraldi: 16-iyul 2024-yil.