Hakim Karimov
Hakim Karimov | |
---|---|
Tavalludi |
1900-yil Siyob volosti, Samarqand |
Vafoti |
1938-yil Toshkent |
Fuqaroligi | SSSR |
Faoliyat yillari | 1923—1937 |
Hakim Karimov (1900-yil, Samarqand – 1938-yil, Toshkent) – Samarqand uyezdining partiya komitetida mas‘ul kotib. Qatagʻon qurboni boʻlgan.
Hakim Karimov 1900-yilda Samarqand viloyatining Siyob volostida tugʻilgan. Oilasi toʻquvchilik bilan shugʻullangan. 1901-yilda otasi vafot etib, onasi qoʻlida qolgan. 8 yoshida yangi usuldagi jadid maktabiga bepul qabul qilingan. Biroq uchinchi sinfni tamomlagach, oilaviy sharoit tufayli oʻqishni tashlab etikdoʻzga shogird tushadi. 1918-yilda bolsheviklar hukumati ochgan oʻqituvchilar kursida oʻqiydi. 1919-yilda kursni tamomlashi bilan Samarqand shahrining Eski shahar qismida boshlangʻich bilim yurtida dars beradi. 1920-yilda qizil armiyaning Buxoro yurishi boshlangach, armiya saflarida ikki oy davomida Buxoro amirligiga qarshi kurash olib borgan. 1922-yilda Samarqand shahridagi ishchi-komsomol yoshlar tashkilotiga oʻqishga kiradi. 1923-yilga kelib Hayrad volostining ijroiya komiteti raisi etib tayinlanadi. 1924-yilning 1-yanvaridan uyezd-shahar partiya komiteti targʻibot boʻlimida mudir oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritadi. 1924-yilning 5-fevralida Samarqand uyezdining partiya komitetida mas‘ul kotib vazifasida ishlaydi. 1925-yilning aprel oyida oblast partiya komiteti tomonidan Jizzax uyezdiga shahar partiya komiteti ixtiyoriga yuboriladi. Keyinchalik Zomin tumani partiya komitetida partiya tashkilotchisi etib tayinlanadi. 1925-yildan oʻshu yilning dekabr oyigacha ishlaydi[1].
1926-yildan boshlab Jizzax xalq maorif uyida inspektorlik qiladi. 1926-yilning iyun oyida Samarqand viloyat kasaba ittifoqining birinchi syezdida OSPS hay‘ati va madaniy boʻlim mudiri etib saylanadi[2].
1938-yilning 8-oktyabrda SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasining sud majlisida oʻlimga hukm qilinadi. Hukm ijrosi oʻsha kuni taʼminlanib, otib tashlanadi.
Kommunistik partiyaning XX syezdidan soʻng realibitatsiya qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Rustambek Shamsutdinov. Коллективлаштириш ва “катта террор” даврида қатагон қилинган ватандошларимизнинг xoтиpa китоби. Тошкент: Янги аср авлоди, 2015 йил — 330-bet. ISBN 978-9943-27-589-9.
- ↑ Rustambek Shamsutdinov. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1-kitob). Sharq Toshkent 2012 — 123-bet. ISBN 978-9943-00-481-8.