Hakim xalfa ziyoratgohi
Hakim xalfa ziyoratgohi | ||
---|---|---|
Mamlakat: | O'zbekiston | |
Hudud: | Fargʻona | |
Shahar: | Qoʻqon | |
Maqomi: | Qabriston | |
Dafn etilgan: | Abdulhakim xalfa | |
Barpo etilgan: | XIX asr |
Hakim xalfa (Abdulhakim xalfa) ziyoratgohi — Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrining Degrezlik (hozirgi Zarafshon MFY hududi) mahallasida joylashgan qadamjo. Hakim xalfa tasavvuf tariqatida xalifa Abdulaziz Namangoniy nomi bilan mashhur boʻlgan Mazjub Namangoniyning shogirdidir. Hakim xalfa ancha vaqt davomida pirining mirzasi boʻlib ishladi. Hatto toʻrt marta ustozi ijozat bersa ham, ketmay xizmatni davom ettiradi. Oxiri toʻrt sulukka muraxxas-ruxsat beruvchi darajasiga yetib, Qoʻqonga keladi[1]. Qoʻqon xoni Xudoyorxonning iltifotiga ham sazovor boʻlgan. Xonning singlisi, turmush oʻrtogʻi va farzandlari Abdulhakim xalfaga murid boʻlgan. Xonning singlisi oʻz piriga Qoʻqonning Degrezlik mahallasiga qarashli katta soy boʻyidan keng yer ajratib beradi. Bu yerda hovli, uy, xonaqoh, masjid, bogʻ barpo etiladi. Xalfaning butun umri shu joyda oʻtgan. Hozirgi paytda bu joyda uning avlodlari yashaydi. Abdulhakim xalfa 4 oʻgʻil, 4 qiz farzand koʻrgan. Oʻgʻillari Oshiq mahzum, Abu Bakr mahzum, Muhammadjon mahzum, Zikriyo mahzumdir. XIX asrda yashab oʻtgan Abdulhakim xalfaning Turkistonning barcha shaharlarida muridlari boʻlgan[2].
Hakim xalfa haqida odamlar orasida afsonalar yuradi. Hakim ota har kuni kechasi yashash uyidan bir chaqirim uzoqdagi „Madrasai mir“ masjidiga borib, bomdod namozigacha tahajjud namozini oʻqirkan. Bir kecha soydan oʻtib masjidga yaqin qolganda oʻgʻrilar undan bir boy odamning uyi qayerda ekanini soʻrashibdi. Abdulhakim ota mahalladoshining uyini koʻrsatish oʻrniga oʻz uyi manzilini aytib, yoʻlida davom etibdi. Kechqurun oʻgʻrilar uning uyini oʻmarib ketibdi. Ertasiga qishloqda „Xalfa buvaning uyini oʻgʻri uribdi“, degan gap oralabdi. Oʻgʻrilar bu xabarni eshitib, boyning hovlisi oʻrniga eshon buvaning uyini tunashganidan pushaymon boʻlishibdi. Olgan narsalarini qaytarib, Hakim buvadan kechirim soʻrashibdi. Tavba qilishib, unga shogird tushishibdi va halol kasb bilan shugʻullanishga ahd qilishibdi.
Hakim xalfa XIX asrning oxirlarida vafot etgan. Xalfaning vafoti sababli Qoʻqon adabiy muhitining bir qancha namoyandalari Hakim xalfaning oʻlimiga bagʻishlab marsiya va taʼrix bitgan.
Qadamjo Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi 846-sonli qaroriga koʻra moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari Milliy reestri tarkibiga kiritilgan.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „HISTORICAL AND CULTURAL MONUMENTS IN THE CITY OF KOKAND AND THEIR CONDITION (1991-2020 ABDULKHAKIM KHALIFA MAUSOLEUM, AVRAT MOSQUE, ALIKHAN KHOJI MADRASAH, KHUDOYOR KHAN HORDE, NORBOTABEK MADRASAH AS EXAMPLES OF ARCHITECTURAL MONUMENTS): PRESERVATION, PROTECTION AND THEIR USE ISSUE“. inlibrary.uz. Qaraldi: 15-iyun 2023-yil.
- ↑ Baxtiyor Eraliev, Ikromiddin Ostonaqulov, Nodirjon Abdulahatov. O‘zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari. 1-kitob. Farg‘ona viloyati. Turon zamin ziyo, 2013 — 320 bet-bet. ISBN 978-9943-335-24-0. Qaraldi: 2-iyun 2023-yil.