Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi 2017-yil 3-noyabr sanasida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan atoqli oʻzbek adiblari Hamid Olimjon va Zulfiyaning xotirasi yuzasidan Jizzax shahrida 1902-yilda qurilgan „Xoʻja Nuriddin“ madrasasi qayta taʼmirlanib, Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi tashkil etilgan.

Muzey 16 ta hujradan iborat boʻlib, ularda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimlarning hayoti va ijodiga bagʻishlangan koʻrgazmalarni koʻrish mumkin.

Muzeyda Hamid Olimjonning ilk bor tushgan surati, oʻsha vaqtdagi uy-roʻzgʻor va kulolchilik buyumlaridan namunalar, Hamid Olimjon dalahovli maketi, bolaligi tasvirlangan rasmlar, XX asrga tegishli boʻlgan joynamoz, soʻzana va kashtalar, shoirning onasi oʻqigan arab alifbosidagi kitob hamda Komila ayaning kiygan kiyimi va roʻmoli kabi buyumlar koʻzga tashlanadi.

Bundan tashqari, muzeyda Hamid Olimjon va Zulfiyaning asarlari, oila aʼzolari, hamkasblar va xorijlik yozuvchilar bilan birga tushgan suratlari, ssenariylar, hujjatlar va guvohnomalar, kiyimlar, oʻsha davrda aholi foydalangan veksil, pullar va tangalardan namunalar, XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi kitoblarni koʻrish mumkin.

1970-yilda Sh. Axtemov adibning bronza haykalini yasagan. 2017-yilda esa Bahrom Norboyev Zulfiyaxonim haykalini yasagan. Ayni paytda bu haykallar muzeydan oʻrin olgan.

Shuningdek, muzeyda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim yozgan sheʼrlarini bir-birlariga oʻqib berayotgani tasvirlangan haykal ham qad rostlagan.

Zulfiyaxonimga moʻljallangan xonalarda uning sur’atlari, mukofotlari, jumladan, Ukraina, Bolgariya, Qozogʻistondan olgan orden va medallar, 1999 – yil Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan "Doʻstlik" ordeni ham bor.

Zulfiya 1965- yili Oʻzbekiston Respublikasi xalq shoirasi, 1968-yili Javoharlaʼl Neru, 1970-yili Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti, 1971-yili Xalqaro Nilufar mukofotiga, 1977-yili Bolgariyaning „Kirill va Mefodiy“ ordeniga, xususan, 1984-yili shoiralar ichida birinchi boʻlib „Mehnat qahramoni“ unvoniga ega boʻlgan.

Ushbu muzeyda Hamid Olimjon va Zulfiya muxlislari tomonidan taqdim etilgan buyumlar, kiyim-kechaklar va esdalik sovgʻalari saqlanadi.

Muzeydan joy olgan har bir koʻrgazma oʻz tarixiga ega. Mumtoz adabiyotining yorqin ikki vakillari Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning hayoti haqida batafsil soʻzlab beradi[1].

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi: Asal bochkasi va tarixning boshqa goʻzal eksponatlari (foto) xabar.uz