Kontent qismiga oʻtish

Hatice Turhan Sultan

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Turxon sulton
Tavalludi 1627-yil
hozirgi kunda Rossiya hududi
Vafoti 4-Avgust 1683-yil
Edirne saroyi , Istanbul, Usmonli imperiyasi
Fuqaroligi Usmonli imperiyasi
Millati Kiyev Rus kelib chiqishi
Dini Sunni Islom(avval sharqiy katolik)
Turmush oʻrtogʻi Sulton Ibrohim I
Bolalari

Turxon sulton (Nadya) (usmonli turkcha: تورخان سلطان tax. 1627-yil – 1683-yil 4-avgust; Turxon „aslzoda boʻlib tugʻilgan“ degan maʼnoni anglatadi) Usmonli sultoni Ibrohimning Haseki sultoni (1640—1648) va Sulton Mehmed IV (1648—1687) ning onasi. Turxon kichik oʻgʻlining hukmdorlik yillardagi faoliyati bilan mashhur boʻlgan. U va uning qaynonasi Koʻsem Sulton Usmonlilar tarixida rasmiy regentlar sifatida koʻrilgan va Usmonli imperiyasi ustidan oliy nazoratga ega boʻlgan yagona ikki ayol hisoblanishgan. Natijada, Turxon Ayollar Sultonligi deb atalgan davrning taniqli shaxslaridan biriga aylangan.

Asli Kiyev Rusidan[1][2] boʻlgan Turxon Hatiche Sulton 1627-yilda tugʻilgan[3]. U tatarlar bosqinlaridan birida asirga tushib, quldorlarga sotib yuborilgan[4]. U Qrim xoni tomonidan Topkapi saroyidagi Imperator Haramiga joʻnatilgan[5]. Turxon Koʻsem Sultonga Kor Sulaymon Poshoning sovgʻasi sifatida saroyga taqdim etilgan[3]. U Sulton Ahmad I ning qizi Atike Sulton tomonidan tarbiyalangan va Kösem tomonidan oʻgʻli Ibrohimga sovgʻa qilingan[6]. Istanbulda yashagan Yunus ogʻa (1689-yilda vafot etgan) ismli bir ukasi ham boʻlgan[7].

Turxon 1642-yil 2-yanvarda tugʻilgan Shahzoda Mehmed (boʻlajak Sulton Mehmed IV)[6], Fatma Sulton (1642-1682), Beyxon Sulton (1645-1700) va Atike Sulton (1646-1688) ni dunyoga keltirgan. Mehmedning dunyoga kelishi saroy ichida ham, saroy tashqarisida ham katta shodiyonalarga sabab boʻlgan[6]. Garchi u sultonning birinchi oʻgʻlini dunyoga keltirgan boʻlsa-da, sulton unga u qadar eʼtibor bermaydi[6]. Uning xaseki sifatidagi kunlik nafaqasi 1000 asperdan boʻlgan[6]. Aniq manbalar mavjud emasligi uchun koʻplab bahslarga sabab boʻlgan boʻlsa-da, u Ibrohimning toʻngʻich qizi Gevherxon Sultonning (1641/42-1694) onasi sifatida ham tilga olinadi.

Bir paytlar Ibrohim choʻri ayolning goʻdak oʻgʻlini juda yaxshi koʻrib qoladi, hatto begona boʻlgan bu goʻdakni oʻz oʻgʻli Mehmeddan ham afzal koʻradi. Turxon bundan nihoyatda gʻazablanib, bor alamini Ibrohimga toʻkib sochadi. U esa jahl ustida Mehmedni Turxonning qoʻlidan olib, hovuzga uloqtirib yuboradi. Agar xizmatkor uni qutqarmaganida Mehmed choʻkib oʻlgan boʻlar edi. Uning peshonasida shu voqeadan soʻng, doimiy chandiq qolib ketgan[3].

Volida Sulton

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mehmed IV hukmronligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ibrohimning xatti-harakatlari sababli uni taxtdan tushirish haqida gap-soʻzlar paydo boʻla boshlaydi. 1648-yil 8-avgustda Ibrohim taxtdan tushiriladi va bir necha kundan keyin boʻgʻib oʻldiriladi[3]. Usmonli imperiyasining kelajagi yosh sulton Mehmed IV qoʻliga oʻtadi. Mehmedning taxtga chiqishi bilan Valide Sulton („hukmron sultonning onasi“) lavozimi Turxonga oʻtishi kerak edi. Biroq Turxon yoshligi va tajribasizligi tufayli eʼtibordan chetda qolib ketadi. Buning oʻrniga sultonning buvisi va avvalgi Volida Sulton boʻlmish Koʻsem Sulton bu yuqori lavozimga qayta tiklanadi. Koʻsem Sulton ikki oʻgʻilning Valide (onasi) edi, shuning uchun bu ayolning siyosatdagi tajribasi koʻproq boʻlgan[6].

Biroq Turxon oʻta shijoatli ayol boʻlib chiqdiki, bunday yuksak mavqeni jangsiz qoʻldan boy berishni istamaydi. Volida Sulton boʻlish uchun kurashda Turxonni bosh amaldor va sadr vaziri, Koʻsem Sultonni esa yanichalar boʻlinmasi qoʻllab-quvvatlaydi. Garchi Koʻsemning Volida Sulton lavozimi hukumat uchun eng yaxshi variant boʻlgan boʻlsa-da, xalq yanicharlarning hukumatga oʻtkazadigan taʼsiridan norozi boʻlishadi[6].

Bu hokimiyat kurashida Kösem Mehmedni taxtdan tushirishni va uning oʻrniga boshqa bir yosh nevarasini oʻtkazishni rejalashtirgan. Bir tarixchining soʻzlariga koʻra, bu oʻzgarish ambitsiyali kelinni osonroq boshqariladigan kelin bilan almashtirish bilan alaqador boʻlgan. Bu reja muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, chunki bu haqda Koʻsemning xizmatkorlaridan biri Meleki Xotun Turxon sultonga xabar yetkazadi[6].

Koʻsem Sulton oʻzining yosh nabirasiga regent boʻlganidan keyin uch yil oʻtib oʻldiriladi[8].

Noiba sifatidagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Raqibining oʻlimi bilan Turxon Valide Sulton unvoniga erishadi. Noiba sifatida Turxon katta hokimiyatga ega boʻladi. U oʻgʻlini muhim yigʻilishlarga oʻzi kuzatib qoʻygan va bir necha bor parda ortida turib bu yigʻilishlarda ishtirok etgan. U oʻgʻli tomonidan mehr va hurmatga sazovor boʻlgan. Turxon oʻzining tajribasizligi tufayli hukumatning boshqa aʼzolari fikriga tayanib, siyosiy masalalarda sultonga maslahat bergan. Bu uning vazirlar bilan yozishmalarida ham saqlanib qolgan[6].

Turxonning hukmronligi kamida ikkita omil bilan bogʻliq edi: Krit oroli uchun venetsiyaliklar bilan urush va urush olib borish uchun katta xarajatlar tufayli yuzaga kelgan moliyaviy inqiroz. Zaif vazirlar vaziyatni yaxshilay olmaydilar. Biroq, 1656-yilda Koʻprülü Mehmed Posho sadr vazirligi lavozimiga tayinlandi. Uning bu lavozimni qabul qilish shartiga koʻra, unga oʻzidan oldingilarga qaraganda koʻproq vakolat berilishi kerak boʻlgan[6]. Shunday qilib, Turxon oʻzining siyosiy hokimiyatini vazir hokimiyatiga oʻtkazadi.

1657-yilda Mehmed Ederneda uzoq muddat istiqomat qilgan vaqtida, Turxon Sulton u bilan birga boʻladi. Edernedan qisqa muddatga chiqib ketayotganda sultonni nazorat qilish uchun vazirlardan biri tayinlanadi. Oʻgʻli uzoq safarda boʻlganida, vaqti-vaqti bilan Istanbulga borib turgan. Turxon Sulton 1672-yil 5-iyun kuni Edernedan chiqib, Kamanichye yoʻnalishida harakat qilgan oʻgʻli bilan Babadagʻiga sayohatni amalga oshirgan[9].

Gulnush Sulton toʻngʻich oʻgʻli Mustafoni dunyoga keltirganidan keyin erining ukalari Sulaymon II va Ahmad IIni boʻgʻib oʻldirishga uringan, ammo Turxon bu urinishlariga toʻsqinlik qilgan[10][9].

Buyuk vazirga katta vakolatlar berish orqali Turxon siyosiy sahnada oʻz hokimiyatini cheklab qoʻyadi. Biroq, u oʻz kuchini boshqa meʼmoriy loyihalarga yoʻnaltiradi.

1653-yilda Beshiktosh tumanida favvora qurdiradi.[9] Uning birinchi qurilish loyihasi 1658-yilda boshlangan. Venetsiya qilingan tahdidiga javoban Valide sulton Dardanelga kiraverishda ikkita qal’a qurdirgan. Biri Yevropa tomonida, ikkinchisi Osiyo tomonida joylashgan qal’alarni bugungi kunda ham koʻrish mumkin. Fatih Mehmed va boshqa sultonlar ham xuddi shu hududda oʻz qal’alarini barpo ettirishgan[3]. Har bir qalʼa masjid, boshlangʻich maktab, hammom va bozorlardan iborat boʻlgan[9].

Turxon Istanbulda Yangi masjid ham qurdirgan. Dastlabki qurilishni Turxonning oʻtmishdoshlaridan biri Safiya Sulton boshlab bergan. U masjid uchun shaharning savdo hududi, Eminonu ni tanlagan edi. Bu hududda musulmon boʻlmaganlar istiqomat qilgan. Safiya Eminönüda yangi masjid qurib, hududni islomiylashtirishni maqsad qilgan[3]. Bu yerda qurilish uchun yerni mahalliy musulmon boʻlmagan aholidan tortib olish kerak edi, bu harakat muammosiz yakunlanmaydi[3]. 1597-yilda masjidning birinchi toshlar qoʻyilgan. Safiyaning oʻgʻli Mehmed III vafot etgach, masjid qurilishi toʻxtab qoladi, chunki u endi Valide emas edi. Qurilish 57 yil davomida toʻxtab qolgan, ammo 1660-yilgi Buyuk yongʻin tufayli hudud vayron boʻlganidan keyin qurilish ishlari qayta yoʻlga qoʻyilgan[3]. Turxon Safiye Sulton boshlagan ishni yakunlashga qaror qiladi. 1665-yilda qurib bitkazilgandan keyin majmuada nafaqat masjid, balki maktab, jamoat favvoralari, bozor va qabriston ham faoliyat yurita boshlaydi[6]. Yangi masjid ayol tomonidan qurilgan birinchi imperator masjidi sifatida taniladi[6].

Turxon yosh oʻgʻlining noibasi boʻladigan darajada buyuk hokimiyatga ega boʻlgan soʻnggi ayol edi[6].

Turxon, Volida Sulton 1683-yilda vafot etgan. U Yangi masjiddagi oʻz nomi bilan atalgan qabrga dafn etilgan[6]. U buyuk volida sultonlarning oxirgisi hisoblangan[6]. Uning oʻlimi Ayollar Sultonligi deb nomlanuvchi davrning intihosi sifatida tariflanadi.

Ibrohim bilan birga Turxonning 6 farzandi boʻlgan:

  • Sulton Mehmed IV (Toʻpqopi saroyi, 1642-yil 2-yanvar – Edirne, Turkiya, 1693-yil 6-yanvar), Yangi masjid Turxon Sulton maqbarasiga dafn etilgan.
  • Gevherxon Sulton (Topkapi saroyi, tax. 1642 – 1694, Istanbul, Shehzade masjidida dafn etilgan) 1653-yilda Chavushzoda Mehmed Poshoga (1681-yilda vafot etgan), 1692-yil Helvaji Yusuf Poshoga turmushga chiqdi
  • Shahzoda Ahmad (1643-1644) Yoshligida vafot etgan.
  • Oysha Sulton (1644-1685)
  • Beyhan Sulton (Toʻpqopi saroyi, 1645 – 1701, Istanbul) Sulaymon podshoh maqbarasiga dafn etilgan.
  • Atike Sulton (Toʻpqopi saroyi, 1646 – 1686, Istanbul, Ayasofya maqbarasiga dafn etilgan) 1648-yilda Sari Kenan poshoga (1659-yilda qatl etilgan) 1659-yilda Mostarli Ismoil Poshoga turmushga chiqqan (1666-yilda vafot etgan).

2015-yilda Turkiya tarixiy teleseriali Muhtasham Yuzyil: Kösem kartinasida Turxon rolini turk aktrisasi Hande Dogandemir ijro etgan[11].

  1. Natalia Yakovenko: „Essays on History on Ukraine. From the Earliest Times until the End of the 18th Century“. 1997.
  2. Ruth Barzilai-Lumbroso (2008). Turkish Men, Ottoman Women: Popular Turkish Historians and the Writing of Ottoman Womenʼs History. ProQuest. ISBN 978-0-549-48355-7.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 Thys-Şenocak 2006.
  4. Afyoncu. Turhan Hatice Sultan. Istanbul: Yeditepe Yayınevi, 2015 — 27-bet. ISBN 978-605-9787-24-6. 
  5. Baer, Marc David. Honored by the Glory of Islam: Conversion and Conquest in Ottoman Europe. Oxford University Press, 2008 — 35-bet. ISBN 978-0-19-979783-7. 
  6. 6,00 6,01 6,02 6,03 6,04 6,05 6,06 6,07 6,08 6,09 6,10 6,11 6,12 6,13 6,14 Peirce 1993.
  7. Argit, Betül Ipsirli. Life after the Harem: Female Palace Slaves, Patronage and the Imperial Ottoman Court. Cambridge University Press, 29-oktabr 2020-yil — 69-bet. ISBN 978-1-108-48836-5. 
  8. Kadıoğlu, Muhsin. THE TURKISH INFLUENCES ON THE MOST FAMOUS EUROPEAN LADIES (en). Muhsin Kadıoğlu, 2016-10-17. 
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 „TURHAN SULTAN (ö. 1094/1683) IV. Mehmed'in annesi vâlide sultan.“. İslam Ansiklopedisi. Qaraldi: 2020-yil 10-may.
  10. Necdet Sakaoğlu. Famous Ottoman women. Avea, 2007 — 155-bet. 
  11. „Hande Doğandemir, Tugay Mercan ve Müge Boz, Muhteşem Yüzyıl Kösem kadrosunda!“ (tr). ranini.tv. Qaraldi: 2017-yil 5-noyabr.