Kontent qismiga oʻtish

Jibuti

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Hibotidan yoʻnaltirildi)
Jibuti Respublikasi
ShiorDjibouti by Choice
Madhiya: Djibouti
Location of Jibuti
Poytaxt Jibuti shahar
Rasmiy til(lar) Fransuz tili
Arab tili
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Ismail Omar Guelleh
Dileita Mohamed Dileita
Mustaqillik (Fransiyadan)
• Sana
27-iyun 1977
Maydon
• Butun
23,000 km2 (150-oʻrin)
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
476,703 (167-oʻrin)
• Zichlik 20/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$619 mil. (203-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$1,299
Pul birligi Djibouti Franc (DJF)
Vaqt mintaqasi UTC+3
• Yoz (DST)
UTC+3
Qisqartma DJ
Telefon prefiksi 253
Internet domeni .dj


Jibuti, Jibuti Respublikasi (Republigue de Djibouti) — Afrikaning shimoli-sharqidagi davlat. Maydon 23,4 ming km2. Aholisi 988 ming kishi (2020). Poytaxti — Jibuti shahri. Maʼmuriy jihatdan Jibuti tumani va 4 okrugga boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jibuti — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1992-yil 15 sentabrda kuchga kirgan. Davlat boshligʻi — prezident (1999-yildan Ismoil Umar Gellex). Qonun chiqaruvchi hokimiyati — bir palatali parlament — Millat majlisi. Ijroiya hokimiyati — prezident va hukumat (Vazirlar kengashi).

Jibuti hududi shimoli-gʻarbda Adan qoʻltigʻiga tutash, qirgʻoqlari unchalik parchalanmagan. Birdan bir yirik qoʻltigʻi — Tajura mamlakat hududiga 58 km kirib boradi. Yer yuzasida keng togʻli joylar va lavaizlari qolgan past platolar uchrab turadi, oʻchgan vulqonlarning konuslari koʻzga tashlanadi. Shimoli-sharqda Danakil togʻ tizmasining etaklari (Muso Ali choʻqqisi, 2022 m — mamlakatning eng baland nuqtasi) joylashgan; Jibuti hududining Tajura qoʻltigʻidan gʻarb va janubidagi qismi Afar botigʻi doirasida. Mamlakatning markaziy qismini toshloq, qumloq yoki tuproqli vodiylar egallaydi, ularning pastkam joylarida shoʻr koʻl koʻp. Bu koʻllarning eng kattasi dengiz sathidan 153 m pastdagi As-sal koʻlidir. Iqlimi tropik, quruq, iqlim. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 27°, iyulniki 35°. Yogʻin juda kam yogʻadi: yiliga Assal koʻli sohilida 45 mm dan Jibuti shahri atrofida 130 mm gacha. Doimiy oqadigan daryolari yoʻq. Oʻsimlik qoplami choʻl va yarim choʻlga xos oʻt-oʻlan va butalardan iborat. Danakil tizmasi choʻqqilarida va shamolga roʻpara yon bagʻirlarida qora archa, zaytun daraxtlari, mimoza va akas oʻsadigan siyrak oʻrmonlar, vohalarda palmalar uchraydi. Hayvonot dunyosi nochor: voxalar atrofida yirik sut emizuvchilardan oriks kiyiklari, sirtlon, chiyaboʻri, oʻrmonlarda maymunlar yashaydi. Qirgʻoqqa yaqin suvlarida baliq koʻp. Milliy bogʻlari: Day, Maskali-Mussha.

Aholisining 90% ga yaqini kushit tillarida soʻzlashuvchi xalqlardan: shimoliy va shimoli-gʻarbda afarlardan, janubida va janubi-sharqda issa, ishaq va gadaburslardan iborat. Poytaxtda asosan issalar, yevropalik (fransuz, italyan, grek)lar va arablar yashaydi. Rasmiy tili — arab va fransuz tillari. Tub joy aholining aksariyati islomning sunniy mazhabiga, yevropaliklar xristian diniga, afarlarning bir qismi mahalliy anʼ-anaviy dinga eʼtiqod qiladi. Shahar aholisi — 81%. Yirik shaharlari: Jibuti, Dikkil, Ali-Sabiye, Tajura, Obok.

Jibuti hududida saqlanib qolgan irrigatsiya inshootlarining qoldiqlariga qaraganda, aholi qadim zamonlarda dehqonchilik bilan shugʻullangan. Mil. av. 3-asrda bu yerga hind, yunon, fors savdogarlari va Janubiy Arabiston arablari kela boshlagan. 7-asr islom dini tarqalishi munosabati bilan Jibuti arab musulmon sultonlariga qaram boʻlib qolgan. 16-asrda Somali yarim orol portugal, turk va mahalliy aholi oʻrtasidagi shiddatli urushlar maydoniga aylangan paytda Jibuti portugallar hokimiyati izmiga oʻtdi. 17-asrda yana arablar xukmronligi oʻrnatildi. Tub joy aholi koʻchmanchi hayot kechirgan. Boshqaruvchilar va savdo-sotiq tabaqasi arablar boʻlgan.

19-asr oʻrtalarida Suvaysh kanali qurilishi munosabati bilan Yevropa davlatlari Jibutini qoʻlga kiritishga intildilar. 1832-yilda Fransiya Jibuti hududining bir qismini egallab oldi. Kanal ochilgach (1869), Jibutining ahamiyati yanada oshdi. 1881—85 yillarda Fransiya asta-sekin butun Jibutini oʻz izmiga oʻtkazdi va hozirgi Jibuti sh.ni qura boshladi. 1887-yilda Fransiya mahalliy sultonlar bilan bir qancha shartnomalar tuzish orqali bu yerni oʻz mustamlakasiga aylantirdi va uning boyliklarini oʻzlashtirishga kirishdi, Jibuti sh.ni Qizil dengiz boʻyidagi muhim savdo portiga aylantirdi. Bu yerda yirik harbiy-dengiz bazasi barpo etildi. 1896—1946-yillarda mamlakat Fransiya Somalisi nomi bilan atalib keldi. 1946-yilda u Fransiyaning "dengiz orti hududi" deb eʼlon qilindi. 1967-yilda Fransiyaning Afar va issalar hududi nomini oldi. Jibuti aholisi mustaqillik uchun zoʻr berib kurashdi. Bu kurashda aholining barcha tabaqalari birlashdi. Jibuti ozodligi harakati deb atalgan yashirin tashkilot tuzildi. 1975-yilda issa va afar xalqlarining siyosiy tashkilotlari oʻzaro ittifoq tuzib, haqiqiy mustaqillik uchun kurashni kuchaytirdilar. Nihoyat, Fransiya 1977-yilda Jibutiga mustaqillik berishga majbur boʻldi va u Jibuti Respublikasi deb ataldi. Jibuti — 1977-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 27 iyun — Mustaqillik kuni (1977).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taraqqiyot uchun xalq birligi, hukmron partiya, 1979-yilda tuzilgan; Demokratax yangilanish partiyasi, 1992-yildan oshkora faoliyat olib boradi; Birlik va demokratiyani tiklash fronti, 1991-yil asos solingan. Kasaba uyushmalari markazi — Mehnat umumiy birlashmasi 1992-yil Jibuti mehnatkashlari umumiy birlashmasi oʻrnida tashkil etilgan.

Jibuti chetdan oziq-ovqat, sanoat mollari, asbob-uskuna va boshqalar oladi. Chetga goʻsht, tirik qoramol, charm va xom teri chiqaradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Fransiya, Efiopiya, Italiya, Yaponiya, Keniya. Pul birligi — Jibuti franki.

Xoʻjaligi va sanoati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

BMT tasnifiga binoan Jibuti — iqtisodiy jihatdan nisbatan kam rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiradi. Yalpi milliy mahsulotda xizmat koʻrsatish tarmogʻi oʻrtacha 77%, sanoat va qurilish 17%, qishloq xoʻjaligi 3%ni tashkil etadi.

Qishloq xoʻjaligining asosiy yoʻnalishi — koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi chorvachilikdir. Qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirishga yaroqli yerlar 6 mingdan koʻproq. Jibuti har yili oziq-ovqat mahsulotlarining 90% dan koʻpini chetdan keltiradi. Baliqchilik, marvarid, korall, bulut (suv jonivori) ovlash, dengiz suvini bugʻlatib tuz olish rivojlangan. Asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari — kofe, xurmo, meva va sabzavot.

Yalpi ichki mahsulotning 2,4% ni beruvchi sanoat oziq-ovqat mahsulotlari, koʻnchilik buyumlari, qurilish ashyolari ishlab chiqaruvchi mayda korxonalardan, mexanika va tikuvchilik ustaxonalaridan iborat. Elektr stansiyalar, neft kompaniyalari, transport (qisman) va aloqa, maʼdanli suv zavodi, sut zavodi va omixta yem zavodi davlatga qarashlidir. 1 yilda oʻrtacha 176 mln. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Transport — mamlakat iqtisodiyotining eng rivoj topgan tarmogʻi. Yaxshi jihozlangan kema tuzatish korxonalari boʻlgan Jibuti porti Hind okeani havzasining gʻarbiy qismidagi eng muhim portlardan biridir. Yiliga 2,5 mln. tonna yuk qabul qilib olinadi va joʻnatiladi. Temir yoʻl uzunligi — 106 km, avtomobil yoʻllari uzunligi — 3,1 ming km, shundan 281 km qattiq qoplamali.

Jibutida yagona pulli maorif tizimi joriy etilgan. Bu tizim boshlangʻich va toʻliqsiz oʻrta maktablarni, 3 litseyni oʻz ichiga oladi. Oliy oʻquv yurtlari yoʻq. Oliy ilmiy-texnika institutida (1979-yilda tashkil etilgan) Jibuti tabiati, tabiiy zaxiralari, arxeologiyasi va anʼ-anaviy madaniyatini oʻrganish ishlari olib boriladi. Haftalik xukumat gaz. — "Revey de Jibuti" ("Jibutining uygʻonishi"), "Nason de Jibuti" ("Jibuti xalqi") haftanomasi, "Jibuti ojurdyui" ("Bugungi Jibuti") oynomasi va "Karfur afriken" ("Afrika chorrahasi") katolik jurnal nashr etiladi. Jibuti axborot agentligi 1979-yil tashkil etilgan. Jibuti radio eshittirish va televideniyesi hukumat nazoratida; 1956-yil asos solingan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil