Ihota daraxtzorlari
Ihota daraxtzorlari - qishloq xoʻjaligi ekinlari, chorvachilik fermalari, kanallar, aholi punktlari, avtomobil va temir yoʻllar, suv omborlari va b. obʼyektlarni tabiatning noqulay hodisalari (qurgʻoqchilik, tuproq eroziyasi, sel, qor va b.)dan saqlash va mikroiqlimni yaxshilash maqsadlarida barpo qilinadigan oʻrmon daraxtzorlari. Ular oʻrmon massivlari, tasmasimon va tup-tup shaklda boʻlishi mumkin. Bu daraxt-zorlar oʻrmonlarning 1-guruh toifasiga kiradi. Bajaradigan vazifasiga qarab Ihota daraxtzorlari quyidagi guruhlarga boʻlinadi: davlat ihota oʻrmonzorlari; lalmi yerlardagi Ihota daraxtzorlari; kanallar atrofidagi ihota oʻrmonzorlari; sugʻoriladigan yerlardagi dala oʻrmon ihotazorlari; togʻ qiyaliklaridagi suvlarni tartibga solish ihotazorlari; jarliklar atrofidagi oʻrmon ihotalari; togʻ meliorativ Ihota daraxtzorlari; yaylov oʻrmon ihota-zorlari; fermalar atrofidagi oʻrmon ihotazorlari; yashil soyabonlar; koʻchma qumlarda barpo etilgan oʻrmon ihota-zorlari va b. Ihota daraxtzorlarini barpo etishda asosiy (himoyalovchi), yoʻldosh (tuproqning vertikal kesimini zichlaydigan) daraxtlar va buta (tuproqni eroziyadan himoyalaydigan)lardan foydalaniladi.
Ihota daraxtzorlarining quyidagi turlari koʻproq qoʻllanadi: lalmi va sugʻoriladigan yerlarda daraxt va butalar ekib, 2—4, baʼzan 5 qator dal a ihota daraxtlari mintaqasi hosil qilinadi. Shamol kuchli boʻlgan mintaqalarda (Fargʻona vodiysining Qoʻqon tumanlari guruhi, Mirzachoʻl va sh.k.) 4—5 qatorli panjarasimon daraxtzor mintaqalari (mintaqaning butun vertikal kesimi boʻyicha bir xil oraliqda yoʻlaklar qoldiriladi) yaxshi samara beradi. Dala ihota daraxtzor mintaqalari shamol tezligini pasaytiradi, tuproqni shamol eroziyasidan saqlay-di, qorning bir tekisda toʻplanishiga va namni saqlashga imkon beradi. Suvni tartiblovchi daraxtzor mintaqalari qiyaroqq. x. yerlarida barpo qilinadi. Ularning asosiy va-zifasi erigan qor suvlari va yogʻinlarning oqib ketishini kamaytirishdan iborat. Shuningdek, ular tuproqni yuvilib ketishdan saqlaydi, yer sirtidagi suvlarning tuproq ostiga oʻtishini osonlashtiradi. Daraxtzor mintaqalarining suvni tartiblovchilik rolini oddiy gidrotexnika inshootlari — terrasalar, marzalar, ariqchalar yordamida kuchaytirish mumkin. Soylik va jarlik boʻylari daraxtzor mintaqalari, asosan, soylik va jarlik boʻylarini yuvilishdan saqlashga xizmat qiladi. Bunday daraxtzorlar 12,5–21 m kenglikda qalin qilib ekiladi, baʼzan esa soylik va jarlik yoqalari yoppasiga oʻrmonzorga aylantiriladi. Tog yon bagʻrilari oʻrmonlari seldan saqlash maqsadini koʻzda tutadi. Masalan, Chirchiq va Samarqand oʻrmon xoʻjaliklarida sel xav-fi boʻlgan havzalarning bir qancha ming ga maydoni oʻrmonlashtirilgan. Qumliklarda ihota daraxtlari oʻtqazish deflyasiyaning oldini olish, koʻchma qumlarni mustahkamlash va choʻl yaylovlarining oʻrmon melioratsiyasi maqsadlarida amalga oshiriladi; kanal boʻylari daraxtzorlar i suvning bugʻlanishini kamaytiradi, grunt suvlari sathini pasaytiradi, kanal boʻylaridagi yerlarni qayta shoʻrlanishdan saqlaydi; suv omborlari atrofiga daraxtlar oʻtqazish yer usti suv oqimini kamaytirib, uni tuproq ostiga va gruntga koʻchiradi, qirgʻoqni yuvilishdan saqlaydi, sohilboʻyi hududlarning gidrologik rejimini yaxshilaydi; aholi punktlari atrofiga va yoʻl yoqalariga daraxt oʻtqazish shamol tezligini pasaytiradi, qurgʻoqchilik taʼsirini yumshatadi, mikroiqlimni yaxshilaydi, temir yoʻllar va avtomobil yoʻllarini qor bosishidan saqlaydi va hokazo Ihota daraxtzorlari shamolga nisbatan joylanishiga qarab asosiy (shamol yoʻnalishiga koʻndalang) va yordamchi (asosiy ihotazorga perpendikulyar) turlarga boʻlinadi. Asosiy oʻrmon ihotazorlari oraligʻi shamolning kuchiga qarab 300–600 m, yordamchi ihotazorlar oraligʻi 800–1200 m boʻladi. Ihota daraxtzorlari 3—5 qatordan iborat boʻlib, qatorlar oraligʻi 2,5–3 m, qator ichida 1–2 m ga teng boʻladi.
Oʻzbekistonda har yili 33 ming ga maydonda oʻrmonzorlar barpo qilinmoqda, uning 10—12 ming gektari Orol dengizining suvi qurigan joylariga toʻgʻri keladi (2002).
Dala, aholi punktlari, suv omborlari atrofiga, kanal va yoʻl yoqalariga dub, qayragʻoch, terak, tol, jiyda, chinor va shunga oʻxshash daraxtlar, togʻ yon bagʻirlariga archa, dub, yongʻoq, bodom va b., qumlarni mustahkamlashda esa saksovul, kandim, shumtol va b. ekiladi (qarang Agrooʻrmon melioratsiyasi).[1]
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Molchanova A. I., Boyko N. P., Polezashitnoye lesorazvedeniye v Oʻzbekistane, M., 1969; Agrolesomelioratsiya, [Podred. V. P. Vinogradova], M., 1979.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |