Kontent qismiga oʻtish

Ion

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ion bu zaryadlangan atom yoki molekula boʻlib, unda elektronlar soni protonlar soniga teng emas va shuning hisobiga ion zaryadlangan zarracha hisoblanadi.

Ionlar (yunoncha: ion — borayotgan, harakatlanayotgan) — zaryadlangan zarralar; atom yoki atomlar guruhi (molekulalar, radikallar va b.) elektron (yoki zaryatlangan zarracha) qabul qilganda yo yoʻqotganda hosil boʻladi. "I." tushunchasi va terminini 1834-yilda ingliz olimi M.Faradey birinchi boʻlib tatbiq etgan. U ishqorlar, kislotalar, tuzlarning suvdagi eritmalari elektr oʻtkazuvchanligi I. harakatiga bogʻliq deb hisobladi. Eritmalarning manfiy qutb (katod)ga harakatlanadigan musbat zaryadli I. kationlar, musbat qutb (anod)ga harakatlanadigan zaryadli I. anionlar deyiladi. I. zaryadining kattaligi elektron zaryadiga karrali nisbatdadir: mas, atom 1, 2, 3, ... elektron yoʻqotganda yoki qabul qilganda shunga mos ravishda 1, 2, 3 va hokazo zaryadli I. hosil boʻladi. Elektrolit eritmasida I. erituvchi bilan oʻzaro taʼsir etishi tufayli barqaror boʻladi. I. mavjudligi sababli eritmalar elektr tokini oʻtkazadi (qarang Elektrolitik dissotsiatsiya). Atomdan elektron ajralib, kation hosil boʻlayotganda maʼlum miqdorda energiya sarflanadi va uni atomning ionlash potensiali deyiladi. I. ning xossalari ularning kattaligi va elektron qobigʻining tuzilishiga, zaryadning ishorasi hamda miqdoriga bogʻliq.

I. organizmda moddalar almashinuvi jarayonida faol qatnashadi. I. atmosferada boʻladigan oʻzgarishlarda muhim rol oʻynaydi (qarang Atmosfera elektri, Ionosfera).

Ad:Smirnov B. M., Kompleksnie ioni, M., 1983; Krestov G.A., Termodinamika ionnix protsessov v rastvorax, 2 izd., L., 1984.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil