Kontent qismiga oʻtish

Ishlab chiqarish xarajatlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ishlab chiqarish xarajatlari – tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga etkazib berishga qilinadigan barcha sarflar tushuniladi. Ishlab chiqarish sarf-xarajatlari tarkibiga xom ashyo, asosiy va yordamchi materiallar, yonilgʻi va energiya uchun qilingan xarajatlar, asosiy kapital amortizastiyasi, ish haqi va ijtimoiy sugʻurtaga ajratmalari, foiz toʻlovlari va boshqa xarajatlar kiradi. Ishlab chiqarishga qilingan barcha sarf-xarajatlarning puldagi ifodasi mahsulot tan narxini tashkil qiladi.

Ishlab chiqarish xarajatlarini ikkiga boʻlib oʻrganish mumkin:

  • bevosita ishlab chiqarish xarajatlari
  • muomala xarajatlari.

Tovar birligining qiymatida ishlab chiqarish xarajatlari faqat uning bir qismini tashkil qiladi. Ishlab chiqarish xarajatlari tovar qiymatidan foyda miqdoriga kam boʻladi. Muomala xarajatlari tushunchasi tovarlarni sotish jarayoni bilan bogʻliq boʻlib, shu tovarlarni ishlab chiqaruvchidan olib, isteʼmolchiga etkazilguncha ketadigan sarflarga aytiladi.

Ular ikki guruhga boʻlinadi:

  1. qoʻshimcha muomala xarajatlari
  2. sof muomala xarajatlari.

Tovarlarni oʻrash, qadoqlash, saralash, transportga ortish, tashish va saqlash xarajatlari qoʻshimcha muomala xarajatlari hisoblanadi. Muomala xarajatlarining bu turlari ishlab chiqarish xarajatlarining davomi hisoblanib, tovar qiymatiga kiradi va uning qiymatini oshiradi. Xarajatlar tovarlar sotilgandan keyin olingan pul tushumi summasidan qoplanadi.

Maʼlumki, muayyan bir resursni ishlab chiqarishning biron-bir yoʻnalishi boʻyicha sarflanishi endilikda bu resursdan boshqa yoʻnalishlarda foydalanish imkoniyatini cheklab qoʻyadi. Shunga koʻra, tadbirkor (yoki resurs egasi) mazkur resursni eng yuqori darajada naf keltiruvchi yoʻnalishga sarflashga harakat qiladi. Iqtisodiy resurslarni eng yuqori naf olish maqsadida boshqa muqobil yoʻnalishlarda ishlatilishiga yoʻl qoʻymay oʻziga jalb etish uchun toʻlov iqtisodiy yoki zimmasiga tushuvchi xarajat deb ataladi.[1]

Ishlab chiqarish hajmining oʻzgarishi taʼsiriga qarab xarajatlarni turkumlash

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ishlab chiqarish hajmining oʻzgarishiga (qisqarishi yoki ortishiga) taʼsir qilmaydigan xarajatlar doimiy xarajatlar deyiladi.

Doimiy xarajatlar (FC) ishlab chiqarish hajmining oʻsishiga bevosita taʼsir etmaydi va ishlab chiqarishning har qanday, hatto nolinchi hajmida ham mavjud boʻladi. Bunga korxonaning toʻlov majburiyatlari (zayomlar boʻyicha foiz va boshqa), soliqlar (ishlab chiqarish hajmiga bogʻliq boʻlmagan turlari), amortizastiya ajratmalari, ijara haqi, qoʻriqlash xizmatiga toʻlov, uskunalarga xizmat koʻrsatish sarflari, boshqaruv xodimlari maoshi va shu kabilar kiradi.

Oʻzgaruvchi xarajatlar (VC) deb ishlab chiqarish hajmining oʻzgarishiga taʼsir qiladigan xarajatlarga aytiladi. Unga xom ashyo, material, yonilgʻi-transport xizmati, ishchilar ish haqi va shu kabilarga qilinadigan sarflar kiradi. Ishlab chiqarishning har bir darajasida doimiy va oʻzgaruvchan xarajatlar yigʻindisi umumiy yoki yalpi xarajatlar (TS)ni tashkil qiladi.

Xarajatlar klassifikatsiyasi:

– Korxonalarni yalpi xarajatlari (IH) doimiy (DX) va oʻzgaruvchan (OX) xarajatlar dan iborat boʻladi.

Doimiy xarajatlar – bu ijara toʻlovi, qorovullik xizmati toʻlovi, boshqaruvchi va muxandislar maoshi va shu kabilardan iborat boʻladi va ishlab chiqarish xajmiga bogʻliq boʻlmaydi.

Oʻzgaruvchan xarajatlar – doimiyga kirmagan boshqa hamma xarajatlar, yaʼni xom ashyo, materiallar, yoqilgʻI, elektr energiya, ish haqi va shunga oʻxshashlardan iboratdir. Korxona faoliyatini tashkil etish va oqilona boshqarish mahsulot birligiga qilingan xarajatlar (OʻIH) bilish muhimdir. Oʻrtacha xarajatlar, umumiy xarajatlar miqdorini korxona ishlab chiqargan mahsulot hajmiga boʻlish orqali hisoblanadi. Xuddi shu yoʻsinda oʻrtacha doimiy (OʻDX) va oʻrtacha oʻzgaruvchan (OʻOʻX) xarajatlar farqlanadi. Korxona faoliyatining asosiy maqsadi foyda olish uning miqdorini muttasil oshirib borishdan iboratdir, ushbu xol esa chegaraviy xarajatlar tshunchasini qoʻllashga sabab boʻladi.

Chegaraviy xarajatlar (ChX) deganda hisoblangan va aslida ishlab chiqarish hajmiga nisbatan har bir qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarishga qilingan xarajatlar.[2]

Tashqi havolalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arxiv.uz
Maʼruza:Sh. I.Mustafakulov

  1. Ergashxo'jayeva Sh.Dj., Qosimova M.S., Yusupov M.A.. Marketing, 2018. 
  2. M.Mamatov, T.Jo'rayev, A.Xurramov. Iqtisodiyot nazariyasi, 2019.