Iskandar mirzo
Iskandar mirzo — (1384-1415) — Iroq va Fors hokimi (1412—14). Temuriylardan. Amir Temurning nabirasi, Umarshayx Mirzoning oʻgʻli.
Onasi — Milkat Ogʻo begim. 1399-yil bobosi safarga ketayotib, uni Fargʻona hokimi etib tayinlagan. Samarqand taxtida oʻtirgan muvaqqat hukmdor Muhammad Sulton I. M.ni be-bosh, oʻzboshimcha siyosatidan norozi boʻlib uni Samarqandga chaqirtirgan hamda I. M.ning otabegi va 26 navkarini qatl ettirib oʻzini esa qamoqqa olgan. 1401-yil I. M. qamoqdan chiqarilib, unga kaltak jazosi berilgan. Sohibqiron 1403-yil I. M.ni Hamadon viloyatining hokimi etib tayinlagan. Amir Temur vafotidan soʻng I. M. akalari Pirmuhammad Mirzo va Rustam Mirzolar bilan Fors, Huziston, Kermon, Qum viloyatlarida oʻzaro nizolashib kurash olib borgan. Pirmuhammad Mirzo 1410-yil xiyonatkorona oʻldirilgach, I. M. akasining vorisi sifatida Sheroz taxtini egallaydi. I. M. Kermon (1411), Qum (1412) ni egallab, Iroq va Fors hukmdoriga aylanadi. U Isfahonni oʻziga poytaxt qiladi, oʻz nomidan pul zarb ettirib, xutbani Shohrux nomiga emas, oʻz nomiga oʻqitadi, Huroson xududida bosqinlar uyushtiradi. Shohrux qoʻshini bilan boʻlgan jangda I. M. yengiladi, Isfahon sh. egallanadi (1414-yil 20 iyul). Shohrux I. M.ni va unga tobe yerlarni Rustam Mirzoga topshiradi. Rustam Mirzo I. M.ning koʻzlariga mil tortib koʻr qiladi va maxsus nazoratda saqlaydi. Biroq, Shohrux bundan xabar topib I. M.ni ukasi Boyqaro Mirzo huzuriga joʻnatadi. I. M. ukasini saltanatga qarshi kurashga gijgijlaydi. Boyqaro Mirzo akasi soʻziga kirib Sherozga qoʻshin tortadi. Rustam Mirzo I. M.ni qoʻlga olib yana hibsda saqlay boshlaydi; 1415-yil 9 iyunda Boyqaro Mirzoni Sherozga kirganidan xabar topgach, I. M.ni qatl ettiradi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |