Pirmuhammad Mirzo
Pirmuhammad Mirzo (1376 — 1407.22.2) — temuriy shahzoda. Amir Temurning nabirasi, Muhammad Jahongir Mirzoning oʻgʻli. Otasining oʻlimidan 40 kun oʻtgach, Baxt Mulk Ogʻo begimdan tugʻilgan. 1392-yilda Amir Temur Gʻazna, Kobul, Zobuliston, Qandahor viloyati va Sind, daryosigacha boʻlgan yerlarni Pirmuhammad tasarrufiga topshirgan edi. U bobosi Amir Temurning bir necha harbiy yurishlarida, jumladan, Hindiston fathida qatnashgan. Amir Temur vafoti oldidan Pirmuhammadni oʻziga valiahd deb eʼlon qilgan. Biroq Pirmuhammadni boshqa temuriy shahzodalar va hatto Oʻtrorda turgan qoʻshin boshliqlari (amir Shoh Malik va Shayx Nuriddin va boshqalar) ham tan olmaganlar. Har bir viloyat hokimi Sohibqiron vafotidan soʻng oʻz nomidan tanga zarb etib, nomini xutbaga qoʻshib aytadigan boʻlgan. Temuriylar taxtiga Xalil Sulton oʻtirgan. U Pirmuhammadga qarshi 1405-yil mayda Sulton Husayn boshchiligida qoʻshin (30000 kishi) tortgan va Balxni egallagan. Sulton Husayn Xalil Sultonga qarshi isyon koʻtarib Samarqandga yurish qilgan. Xalil Sulton uni 6-iyulda Chekdolik (Shahrisabz janubida)da tormor keltirgan va uni taʼqib etib Balxni egallagan. Sulton Husayn Shopurgon va Andxud hokimi Sulaymonshoh (Amir Temurning jiyani) huzuridan panoh topgan. Pirmuhammad Sulaymonshohdan Sulton Husaynni berishini qattiq talab qilgan, rad javobi olgach, unga qarshi 3000 otliqdan iborat qoʻshin joʻnatgan. Sulaymonshoh va Sulton Husayn Hirotga, Shohrux huzuriga qochib borishgan. Shohrux Pirmuhammadning talabini toʻgʻri deb topgan, Sulton Husayn qamoqqa olinib, qatl etilgan va uning bosh terisi ichiga somon toʻlgʻazilib Pirmuhammadga joʻnatilgan. Pirmuhammad Sulaymonshoh ustidan qozongan gʻalabasidan keyin Balxni olgan va Movarounnahrga qarshi birgalikda kurashish uchun Shohrux bilan muzokaralar olib borgan. Shohrux undan yurishni kechiktirishni soʻragan, biroq Pirmuhammad oʻjarlik qilib, Qarshi tomon harakat qila boshlagan. 1406-yil 20-fevralda Qarshi yaqinida Xalil Sulton bilan jang qilib magʻlubiyatga uchragan. Pirmuhammad Balxga qochgan va bir yildan soʻng qotil Pir Ali Toz tomonidan oʻldirilgan. Shohrux Pirmuhammadni oʻchini olish maqsadida qoʻshin tortib Balxni egallab olgan va 1370-yil Amir Temur tomonidan buzib tashlangan shahar qoʻrgʻonini qayta tiklagan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Fayziyev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995.[1]
- Abdurazzoq Samarqandiy, Matlai saʼdayn va majmai baxrayn, T., 1969.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |