Daryo
Daryo tabiiy suv manbasi boʻlib,[1] odatda okean, koʻl, dengiz va boshqa daryoga quyiluvchi toza suvdir. Daryolarni quruqlik gidrologiyasining darelar gidrologiyasi boʻlimi oʻrganadi. Har bir daryoning manbai va dengiz, koʻlga quyiladigan yoki boshqa daryo bilan qoʻshilib ketadigan joyi — mansabi boʻladi. Manba suvayirgʻichga yaqin joylashgan boʻladi.
Bevosita okean, dengiz, koʻlga quyiladigan yoki qumga singib ketadigan daryo bosh daryo hisoblanadi, bosh daryo ga kuyiladigan daryo — irmoq deb ataladi. Bosh daryo barcha irmoklari bilan birga daryo sistemasini hosil qiladi. Daryolar koʻpincha koʻl, botqoklik, buloq va muzliklardan boshlanadi. Masalan, Oʻrta Osiyodagi Panj, Vaxsh, Zarafshon va Norin kabi daryolar muzliklardan, Rossiyadagi Neva, Svir, Angara singari daryolar koʻllardan, Belarus, Ukraina, Gʻarbiy Sibirdagi aksariyat daryolar botqokliklardan boshlanadi. Quruq va issiq iqlimli oʻlkalardagi daryolar koʻpincha suvi bugʻlanib va qumga singib tugaydi yoki hamma suvi sugʻorishga sarf boʻladi, jumladan Oʻrta Osiyodagi daryolarning ayrimlari maʼlum bir joyga quyilmasdan tugab qoladi (Zarafshon, Qashqadaryo, Chu va Turkmanistondagi daryolar). Daryo sistemasi oʻzining suvini yigʻib oladigan quruqlik yuzasi suv yigʻiladigan maydon deb ataladi. Yer sirtining daryo sistemasi joylashgan va boshqa suvayirgʻichlar bilan chegaralangan qismi daryo havzasi deyiladi (qarang Daryo havzasi).
Oʻzbekistondagi daryolar, asosan, togʻlardagi qor va muzliklardan hamda yomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Oʻzbekiston hududini kesib oʻtuvchi eng katta suv arteriyalari boʻlmish Sirdaryo va Amudaryo qamda ularning irmoqlari Oʻzbekistondan tashqarida boshlanadi. Oʻzbekistonning yirik daryolari: Norin, Qoradaryo, Soʻx, Chirchiq, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Sheroboddaryo. Ularning koʻpchiligi faqat oʻrta va quyi oqimida Oʻzbekiston hududidan oʻtadi.
Daryo, odatda, relyefning choʻziq pastliklarida — vodiylarda oqadi, uning eng past qismi oʻzan, daryo suvi koʻpayganda oʻzandan chiqib bosib ketadigan vodiy tubining oʻzanga tutash qismi esa kayir yoki qayir terrasasi deyiladi. Oʻzanlarda chuqur va sayoz joylari almashinib boradi. Oʻzanning eng chuqur joylari — farvater, oqim tezligi eng katta boʻlgan joylari esa tezoqar joy deyiladi. Daryo yoki daryolarning ayrim qismlari balandliklari farqining uzunligiga nisbati daryo nishabligi deyiladi.
Relyefga bogʻliq ravishda togʻ daryosi va tekislik daryosiga boʻlinadi. Togʻ daryosi nishabi kattaligidan, tor vodiylarda tez (kuchli) oqadi, yuvish jarayoni ham kuchli boʻladi. Oʻrta Osiyo daryolari asosan togʻ daryolaridir. Tekislik daryolari keng oʻzanda sokin oqadi, ilonizi yoki meandrlar xos. Tekislik daryolari oʻzan va qayirlarida qum, gil yotqiziqlar qoldiradi, marza, sayozlik, tirsaklar hosil qiladi (mas, Amudaryo va Sirdaryo oʻrta va quyi oqimida), quyilish joylarida esa deltalar vujudga keladi. Baʼzan daryo dan ajralgan tarmoqlar boshqa daryo bilan qoʻshilishib ketadi (qarang Daryoning ikkiga ayrilishi).
Yer shari yuzasida daryolar juda note-kiye taqsimlangan. Har bir materikda bosh suvayirgʻichlar — oqim chegaralari bor. Yerning bosh suvayirgʻichi materiklar yuzasini 2 asosiy havzaga: AtlantikaArktika (oqim Atlantika va Shimoliy Muz okeanlariga boradi) va Tinch okean (oqim Tinch va Hind okeanlariga tushadi) havzalariga boʻlib turadi. Ekvatorial mintaqada daryolar zich boʻlib, dunyodagi eng yirik Amazonka, Kongo daryolari oqadi; tropik va moʻʼtadil mintaqalarda, ayniqsa togʻli rayonlarda (Alp, Kavkaz, Qoyali togʻlar va b.), choʻllarda daryolar qor eriganda yoki jalalarda suv toʻlib oqadi (mas, Qozogʻistonning tekislik qismida).
Daryoda oqim tezligi bir necha sm/sek dan (tekislik daryosila) 6-7 m/sek gacha (togʻ daryosida) oʻzgarib turadi. Suv sathi koʻtarilishi bilan oqim tezligi, odatda, chuqur joylarda koʻpayadi va sayozlikda kamayadi. Daryoda suv temperaturasi issiq mavsumda havo temperaturasi bilan deyarli bir xil, daryo muzlagan paytda qariyb 0° boʻladi.
Daryolarda muzlash hodisalari quruklik hududining taxminan 1/4 qismida, asosan Shimoliy yarim sharda kuzatiladi. Daryolar Rossiya Federatsiyasida dastavval Shim.-Sharqiy Sibirda (sentabr oxirida), kechroq Yevropa qismining janubi-gʻarbida va Oʻrta Osiyoda (dekabr oxiri — yanvar boshida) muzlaydi. Eng kalin muz qoplami Sharqiy Sibir daryolarida (muz qalinligi oʻrtacha 1,5-2 m) kuzatiladi va 9—10 oy mobaynida saqlanadi. Togʻ daryolarida oqim tez boʻlganligidan muz qatlami hosil qilmaydi, koʻpgina daryolarda qishda shovush oqadi.
Daryo da suv sathining tebranishi suv sarfining oʻzgarishi bilan bogʻliq. Suv sathi va suv sarfi hamda ularning tebranishi — suv rejimining asosiy tavsifidir.
Daryolar — Yerda suv aylanishit muhim vosita. U quruklikda chuchuk suvni taqsimlaydi va Dunyo okeaniga kaytaradi. Daryolarning Dunyo okeaniga jami yillik oqimi qariyb 42 ming km3.
Daryoning toʻyinish manbalari — yogʻin, qor qoplami, baland togʻ qorlari va muzliklar, yer osti suvlari. Toʻyinish xususiyatlariga koʻra, daryoning asosiy suv rejimi fazalarga: toʻlinsuv davri, vaqtincha suv toʻlib oqishi va kamsuv davriga boʻlinadi.
Togʻ daryolari alohida suv rejimiga ega. Ularning toʻyinishi va sersuvligi balandlik mintaqalari qonuniyatlariga bogʻliq. Oʻrta Osiyo daryolari asosan togʻlardagi qor va muzliklardan suv oladi. Karst shakllari rivojlangan joylarda.baʼzan yer ostida oqib, yana yuzaga chiqadigan daryo ham bor.
Daryo eroziya (yemirish) ishlarni bajaradi. Oʻzan va qayirida daryo oqimlari, suv yigʻish maydonida esa yuza suvlari okimi tuproqni yuvadi. Daryo suvining loyqaliligi turlicha. Oʻrta Osiyo daryo lari suvi nisbatan loyka (1 m3 suvda 200—300 g dan 1-5 kg gacha loyka bor).
Daryo oqimi chuchuk suv resurslarining muhim manbaidir (qarang Suv resurslari). Daryo oqimlari kelib chiqishi va xoʻjalik ahamiyatiga koʻra 2 qismdan: yer osti oqimi va yer yuzasi oqimidan iborat. Yer osti oqimidan yil davomida foydalanish mumkin. Yer yuzasi oqimini suv omborlari yordamida tartibga solib foydalaniladi.
Daryoning flora va faunasi bentos, plankton va nektondan iborat. Daryo tubining tuzilishiga qarab qar xil daryo tubi hayvonlari uchraydi. Daryoning sekin oqadigan qismida yuksak suv oʻsimliklari uchraydi. Suvoʻtlar va toshlar orasida koʻplab mayda jonzotlar yashaydi. Erkin suzadigan planktonlarga yarim mikroskopik va mikroskopik hayvonlar (mayda qisqichbaqasimonlar, kolovratka) va suvoʻtlar (fitoplankton) kiradi. Nektonga oqimga qarshi suza oladigan baliklar mansub. Daryolarning quyi qismi va ularning deltalari baliqqa boy. Daryo da suv omborlari barpo qilish planktonlarning sonini oshirdi. Toʻgʻon va gidrouzellar qurilishi ovlanadigan oʻtkinchi baliqlarning (ayniqsa losossimon va osyotrsimonlar) tabiiy migratsiyasiga toʻsqinlik qiladi va koʻpayishiga xalaqit beradi. Daryolarning sanoat va xoʻjalik oqova suvlari bilan ifloslanishiga yogʻoch chiqindilari, shuningdek, mineral oʻgʻitlar va zaharli kimyoviy moddalarning qoʻshilishi ham salbiy taʼsir kursatadi. Yer sharidagi koʻpchilik daryoning (ayniqsa Shimoliy Amerikaning sharqi va Gʻarbiy Yevropadagi) suvi sanoat va xoʻjalik chiqindilari bilan ifloslangan. Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida qonuniy, texnikaviy va sanitariya-gigiyena chora tadbirlari koʻrilmoqda (qarang Tabiatni muhofaza qilish).
Daryo qadimdan aholini ichimlik suvi va sanoatni suv bilan taʼminlash, tabiiy va chana (qishda) yoʻli, muntazam yangilanib turadigan gidroenergiya manbai, botqoq yerlarning suvini qochirishda kollektor vazifasini oʻtab kelgan. Daryolardan anchagina baliq ovlanadi. Daryo qayirlari oʻtloq, tuprogʻi unumdor boʻlib, koʻpincha poliz ekinlari¾ ekiladi. Daryo vodiylari boʻylab asosiy yer usti transport yoʻllari (temir yoʻl va avtomobil yoʻllari) oʻtadi, daryo boʻyida juda koʻp shaqar va shaharchalar joylashgan. Daryo suvi suv resurslarining asosiy manbaidir.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ River {definition} from Merriam-Webster. Accessed February 2010.
Oʻqish uchun
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Jeffrey W. Jacobs. "Rivers, Major World – dam, sea, effects, important, largest, salt, types, system, source". Water Encyclopaedia. http://www.waterencyclopedia.com/Re-St/Rivers-Major-World.html.
- Luna B. Leopold. A View of the River. Harvard University Press, 1994. ISBN 978-0-674-93732-1. OCLC 28889034.
- Middleton, Nick. Rivers: a very short introduction. New York: Oxford University Press, 2012. ISBN 978-0-19-958867-1.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Shulʼs V. L., Reki Sredney Azii, ch. 1-2, L., 1965; Shuls V.L., Mashrapov R., Oʻrta Oyeiyo gidrografiyasi, T., 1969; Baratov P., Mamatqulov M., Rafiqov A., Oʻrta Osiyo tabiiy geografiyasi, Toshkent, 2002-yil.
- Hikmatov, Fazliddin. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Daryo haqida Vikipediyaning qardosh loyihalarida koʻproq bilib oling | |
Maʼno va tarjimalari Vikilugʻatda | |
Media fayllar Vikiomborda | |
Taʼlim resurslari Vikiversitetda | |
Xabarlar Vikiyangiliklarda | |
Iqtibos, maqol va matallar Vikiiqtibosda | |
Asarlar matnlari Vikimanbada | |
Kitob va darsliklar Vikikitobda |