Kontent qismiga oʻtish

Quvondiq Iskandarov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Iskandarov Quvondiqdan yoʻnaltirildi)

Iskandarov Quvondiq (1930-yil 10-sentyabr, Hazorasp tumani — 2004-yil 20-iyul) — Oʻzbekiston xalq hofizi (1998). Hojixon Boltayev maktabi davomchisi. Ashulachilik sirlarini dastlab Ozod Jabborovdan, keyinchalik ustozona yoʻllarini Hojixon va Nurmuhammad Boltayevlardan oʻrgangan. Oʻzbek davlat filarmoniyasi („Xorazm“, „Lazgi“ ansambllari)da yakkaxon xonanda (1958—1985). Toshkent musiqa kolleji va Oʻzbekiston konservatoriyasida pedagog (1999-yildan). Repertuaridan Xorazm („Feruz 1,2“ savtlari bilan. „Segoh“, „Dugoh“, „Orazibon“, „Katta Suvora“, „Chapandozi Suvora“ va boshqalar), FargonaToshkent („Tanavor 1“, „Girya 1.2“, „Tamanno“ va boshqalar) mumtoz yoʻllari, kuyini oʻzi bastalagan asarlar („Suhbatlashaylik“, „Uchralim“. „Uzoqdasan“, „Ikkimiz“, „Qaylasan“, „Indamas Suvora“ va boshqalar), shuningdek, turkman va ozarbayjon xalq qoʻshiqlari oʻrin olgan. Iskandarov soʻlim, yoqimli, barcha registrlarda jarangdor va jozibali ovoz sohibi. U oʻzbek mumtoz ashulachilik anʼanalariga tayanib oʻziga xos ijro yoʻlini yaratgan. Uslubi shijoat va joʻshqinligi bilan ajralib turadi. I. F. Davletov, M.Dadaboyeva, R.Qurbonov, A.Dadayev, Oʻ.Ollaberganov, G.Gʻoibova, Sh. Matyoqubov kabi xonandalarga ustozlik qilgan. Osiyo davlatlarida gastrolda boʻlgan. Ijrolari gramplastinka va Oʻzbekiston radiosi fonotekasiga yozilgan.