Janpiqqalʼa
Janpiqqalʼa, Jampiq qalʼa — Xorazm vohasida qadimgi shaharqalʼa xarobasi (milodiy 3—4—12—14-asrlar). Qoraqalpogʻistonning Beruniy tumani shim.-gʻarbida, Amudaryoning oʻng sohilida joylashgan. Janpiqqalʼa dastlab S. P. Tolstoye tomonidan aniqlangan (1940), qazishma ishlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston filialining arxeologik otryadi tomonidan ilk bor 1965-yil (soʻngra 1968—71, 1979—86) olib borilgan. Janpiqqalʼaning maydoni taxminan 12 ga. Janpiqqalʼaga antik davrda asos solingan. Janpiqqalʼaning ustki madaniy qatlami Amudaryo suvi yuvib ketishi natijasida yaxshi saqlanmagan. Janpiqqalʼadan mudofaa devorlari, koʻchalar, hammomlar, turar joylar, hunarmandlar yashaydigan mahalla qoldiqlari ochilgan. Suv quvurlari, xoʻjalik oʻralari; turar joylardan tandir, oʻchoq, tashnob; hunarmandlar mahallasidan zargarlik buyumlari, shuningdek, kichik shisha idishlar, deraza oyna, sopol va temir buyumlar yasaydigan, gazlamalarga, koʻnteriga ishlov beradigan ustaxonalar qoldiqlari topilgan. Oltin Oʻrda tangalari, beresta oʻramlari, chavandozlar tasviri tushirilgan eroniy sopol idishlar, koʻplab koshin, ichki va tashqi tomoni feruza rang bilan sirlangan idishlarning topilishi, Janpiqqalʼaliklarning 13—14-asrlarda Oltin Oʻrda, Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan savdo munosabatlarida faol ishtirok etganligidan guvox^ik beradi. Janpiqqalʼaliklar hayotida chorvachilik ham muhim oʻrin tutgan. Bu Janpiqqalʼada xoʻjalik va maishiy hayot ancha rivojlanganini koʻrsatadi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Kdirniyazov M., Materialnaya kultura gorodov Xorezma v XIII—XIV vekax, Nukus, 1989; Aliakbarova A. A., Arshavskaya 3. A., Jampikkala. Jilaya arxitektura pogranichnogo goroda pravoberejnego Xorezma, T., 1990.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |