Jan Baudouin de Courtenay
Jan Niecisław Ignacy Baudouin de Courtenay | |
---|---|
Tavalludi |
1845-yil 13-mart[1]:70 |
Vafoti |
1929-yil 3-noyabr Varshava, Ikkinchi Polsha Respublikasi |
Fuqaroligi | Polsha va Rossiya Imperiyasi |
Koʻrsatgan taʼsirlari | August Leskien |
Olgan taʼsirlari | Nikolai Trubetzkoy, Praga maktabi |
Otasi | Aleksander Baudouin de Courtenay |
Imzosi | |
Jan Niecisław Ignacy Baudouin de Courtenay yoki Ivan Aleksandrovich Boduen de Kurtene (ruscha: Иван Александрович Бодуэн де Куртенэ; 1845-yil 13-mart – 1929-yil 3-noyabr) – rus, polyak va slavyan tilshunosi. U fonema va fonetik almashinish nazariyasi bilan mashhur[2][3].
Baudouin de Courtenay umrining koʻp qismini Rossiya imperiyasining Qozon (1874–1883), Dorpat (hozirgi Estoniya; 1883–1893), Avstriya-Vengriyadagi Krakov (1893–1899) va Sankt-Peterburg (1900–1918) kabi universitetlarida oʻtkazdi. 1919–1929-yillarda u qayta mustaqil boʻlgan Polshada tashkil etilgan Varshava universitetida professor boʻlgan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Baudouin de Courtenay Polshaning Varshava gubernatorligidagi (Rossiya imperiyasiga tegishli boʻlgan mustaqil davlat) Radzymin shahrida kelib chiqishi fransuz boʻlgan oilada tugʻilgan. Uning ota-bobolaridan biri Polsha qiroli Avgust II davrida Polshaga koʻchib kelgan fransuz aristokrati boʻlgan. 1862-yilda de Courtenay eski Varshava universitetining tarkibidagi „Asosiy maktab“ga oʻqishga kirdi. 1866-yilda u tarix-filologiya fakultetini tamomlagan va Rossiya imperiyasining Taʼlim vazirligi stipendiyasini qoʻlga kiritgan. Polshani tark etgach, de Courtenay turli xorijiy universitetlarda, jumladan Praga, Yena va Berlin universitetlarida tahsil oldi. 1870-yilda u analogiya boʻyicha ishi uchun Leypsig universitetida doktorlik, Sankt-Peterburgda esa „O drevne-polskom yazike do XIV-go stoletiya“ deb nomlangan polyak tilidagi dissertatsiyasi uchun magistrlik darajasini olgan.
Baudouin de Courtenay 1870-yillarning oʻrtalarida Qozon tilshunoslik maktabini tashkil etgan va 1875-yildan mahalliy universitetda professor lavozimida faoliyat olib borgan. Keyinchalik Dorpat universitetining tilshunoslik fakultetiga (1883–1893) boshliq (dekan) etib saylangan. 1882-yilda u tarixchi va jurnalist Romualda Bagnicka bilan turmush qurgan. 1894–1898-yillarda de Courtenay Krakovdagi Yagellon universitetiga, keyinchalik Sankt-Peterburgga xuddi shu lavozimga tayinlandi va u yerda fonetik almashinish nazariyasini takomillashtirishda davom etdi. 1918-yilda Polsha mustaqillikka erishgandan soʻng, u Varshavaga qaytib kelib, u yerda Varshava universitetining tilshunoslik fakultetining oʻzagini tashkil etgan. 1887-yildan Polsha mahorat akademiyasi faoliyatida doimiy oʻrin egallagan va 1897-yildan Peterburg fanlar akademiyasining aʼzosi boʻlgan.
Rus leksikografi Vladimir Dal (1801–1872) tomonidan tuzilgan „Tolkoviy slovar jivogo velikorusskogo yazika“ning uchinchi (1903–1909) hamda toʻrtinchi (1912–1914) nashrlariga Baudouin de Courtenay muharrirlik qilgan.
Baudouin de Courtenay oʻzining ilmiy faoliyatidan tashqari kam sonli turli milliy va etnik guruhlarning milliy tiklanishining ham ashaddiy tarafdori boʻlgan. 1915-yilda u Rossiya hukmronligi ostidagi xalqlar avtonomiyasi haqidagi risolani nashr etgani uchun Rossiyaning „Oxana“ maxfiy xizmati tomonidan hibsga olingan. U uch oy davomida qamoqda oʻtirishiga qaramay, baribir ozod etildi. 1922-yilda de Courtenayning xabarisiz, u Polshadagi milliy qabilalar tomonidan Prezidentlikka nomzod sifatida taklif qilingan, lekin Polsha parlamentidagi ovoz berishning uchinchi bosqichida magʻlubiyatga uchraydi va Gabriel Narutowicz Prezident etib saylangan. Shuningdek de Courtenay esperanist va Polsha Esperanto Assotsiatsiyasi prezidenti ham edi. U 1925-yilda tashkil etilgan Polsha tilshunoslik jamiyatining asoschilaridan biri.
1927-yilda de Courtenay boshqa diniy mahzabga qoʻshilmasdan Rim-katolik cherkovidan rasman chiqib ketdi. U 1929-yil 3-noyabrda Varshavada vafot etdi va Varshavadagi protestant islohot qabristoniga dafn etildi. De Courtenayning qabrtoshiga shunday yozilgan: „U haqiqat va adolatni qidirdi“.
Tilshunoslikka qoʻshgan hissasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]XX asr tilshunoslik nazariyasiga katta taʼsir koʻrsatgan de Courtenayning ishlari bir qancha fonologiya maktablari uchun asos boʻlib xizmat qildi. U zamonaviy ogʻzaki tillarni oʻrganish boʻlgan sinxron tilshunoslikning dastlabki targʻibotchisi edi. Bu yoʻnalishni u shveysariyalik tilshunos Ferdinand de Saussurening strukturalistik lingvistik nazariyasi bilan bir vaqtda rivojlantirgan. De Courtenayning eng eʼtiborga loyiq yutuqlari orasida tillarning statik va dinamik holatlari oʻrtasidagi farq hamda til (elementlarning mavhum tizimi) va nutq (bu tizimning alohida shaxslar tomonidan amalda qoʻllanilishi) oʻrtasidagi farqlanish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu Saussurening til va parol tushunchalari bilan taqqoslanadi[4].
Baudouin de Courtenay 1894-yilda shogirdlari Mikolay Krusevskiy va Lev Sherba bilan birgalikda 1873-yilda fransuz tilshunosi A. Dufriche-Desgenettes tomonidan nemis tilidagi Sprachlaut soʻziga ekvivalent sifatida taklif qilingan fonema atamasining zamonaviy qoʻllanilishini shakllantirdi. E. F. K. Koernerning fikriga koʻra, de Courtenayning fonetik almashinish nazariyasi boʻyicha ishi Ferdinand de Saussurening faoliyatiga taʼsir qilgan boʻlishi mumkin.
XX asr fonologiyasining uchta asosiy maktabi: Leningrad fonologiya maktabi, Moskva fonologiya maktabi va Praga fonologiya maktabi bevosita uning fiziofonetik (fonologik) va psixofonetik (morfofonologik) almashinishlari oʻrtasidagi farqidan kelib chiqqan. Uchala maktab ham de Courtenayning muqobil dixotomiyasining tabiati boʻyicha turli pozitsiyalarni ishlab chiqqan. Praga maktabi slavyan tilshunosligi boʻyicha mashhur edi. De Courtenay butun umri davomida polyak, rus, chex, slovyan, italyan, fransuz va nemis tillarida yuzlab ilmiy ishlar nashr etgan.
Qarashlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixchi Norman Daviesning fikriga koʻra, Baudouin de Courtenay XIX–XX asrlar davomida eng koʻzga koʻringan va gʻayrioddiy polshalik mutafakkirlardan biri boʻlgan. Davies shunday yozadi:
"U tinchliksevar, atrof-muhitni muhofaza qilish uchun kurash tarafdori, feminist, taʼlim sohasidagi taraqqiyot uchun kurashchi va erkin fikrlovchi edi hamda oʻz davrining aksariyat ijtimoiy va intellektual shartnomalariga qarshi edi"[5].
Baudouin de Courtenay ateist boʻlgan va umrining koʻp qismida oʻzini katolik cherkovining aʼzosi deb hisoblamagan[6]. U yana Polsha Erkin fikrlovchilar uyushmasi raisi ham edi.
Baudouin de Courtenay Polshadagi ilm-fanni Ikkinchi Polsha Respublikasidagi barcha yahudiy maktablariga, yahudiy tilini esa barcha Polsha maktablariga kiritish tarafdori edi. Ommaviy chiqishlarida u antisemitizm va ksenofobiya namoyishlarni ochiq tanqid qilgan va buning oqibatida bir necha bor hayoti xavf ostida qolgan.
Merosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Baudouin de Courtenayning qizi Cezaria Anna Baudouin de Courtenay Ehrenkreutz-Jędrzejewiczowa Polsha etnologiya va antropologiya maktabining asoschilaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Vilnyus va Varshava universitetlarida professor ham boʻlgan. De Courtenayning Cezariadan tashqari yana toʻrt farzandi boʻlgan: rassom va haykaltarosh Zofia, huquqshunos va diplomat Świętosław, tarixchi Ewelina va advokat Maria.
Baudouin de Courtenay 2010-yilda Jozeph Skibell tomonidan yozilgan A Curable Romantic asari qahramoni uchun prototip sifatida tanlab olingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Anderson, Stephen R.. Phonology in the twentieth century, Second, revised and expanded, Berlin: Language Science Press, 2021. DOI:10.5281/zenodo.5509618. ISBN 978-3-96110-327-0. Qaraldi: 2021-yil 28-dekabr.
- ↑ Boduen de Kurtene, Ivan Aleksandrovich // Новая иллюстрированная энциклопедия. – Kn. 3. Bi-Ve. – M.: Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya, 2003. – S. 27—28. – ISBN 5-85270-195-5 (kn. 3), ISBN 5-85270-218-8.
- ↑ Iłowiecki, Maciej. Dzieje nauki polskiej. Warszawa: Wydawnictwo Interpress, 1981 — 219–220-bet. ISBN 978-83-223-1876-8.
- ↑ E. F. K. Koerner, Ferdinand de Saussure: Origin and Development of His Linguistic Thought in Western Studies of Language. A contribution to the history and theory of linguistics, Braunschweig: Friedrich Vieweg & Sohn Oxford & Elmsford, N.Y.: Pergamon Press, 1973.
- ↑ Davies, Norman. God's Playground: A History of Poland in Two Volumes. OUP Oxford, 24 February 2005. ISBN 0-19-925339-0. OCLC 773484001.
- ↑ „Baudouin de Courtenay, Romualda | Archiwum Kobiet“. archiwumkobiet.pl. Qaraldi: 2022-yil 25-avgust.