Kontent qismiga oʻtish

Jannatmakon madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Jannatmakon madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Bibi Otun oyim
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Bibi Otun oyim
Asosiy sana:
XVIII asr
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 11 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Jannatmakon madrasasi — Buxoro madrasasi. Hozirgi kunda madrasa saqlanib qolmagan. Jannatmakon madrasasi XVIII asrda Jaʼfarxoja naqib guzarida[1], Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Shohmurod davrida, Bibi Otun oyim tomonidan bunyod etilgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Ushbu madrasa ayrim maʼlumotlarga koʻra Amir Shohmurod tomonidan qurilgan. Zamondoshlari Amir Shohmurodni eʼzozlab, „Jannatmakon“ deyishgan. Ammo vaqf hujjatlarida madrasa Bibi Otun tomonidan qurilganligi koʻrsatilgan. Vaqf hujjatlari maʼlumotlariga koʻra madrasa oʻn bitta hujra, xonaqoh, 1 ta chillaxona va ichki ayvon, tashqarisida sufasi ham mavjud boʻlgan. Madrasa pishiq gʻisht va ganchdan qurilgan. Jannatmakon madrasasi gʻarbida hazrat eshon mulla Niyozquli oxund hovlisi, shimolida koʻcha va sufa, sharqida Muhammad Yusufxoʻja mudarris hovlisi va oraligʻida koʻcha mavjud boʻlgan. Ushbu madrasa uchun Bibi otun Komot tumanidagi Holvagaron mavzesidagi 3 tanob xurri xolis yerini va uning yonidagi 2 ta tegirmon va boshqa hudulardagi 3 ta tegirmonni vaqf qilgan. Malika Bibi otun koʻplab ilmlardan xabardor boʻlib, madrasada ajdodlari yoʻlini davom ettirgan. U madrasaga naqshbandiya tariqati vakilini mudarris qilib tayinlagan. Ushbu madrasa shoʻro inqilobiga qadar mujaddiya-naqshbandiya tariqati gʻoyalarini targʻib qiluvchi ilm darogohlaridan biri hisoblangan. Madrasa faoliyatini Miyon Fayzulloh avlodlari boshqargan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 12 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Jannatmakon madrasasi 11 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.


  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144-bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122-bet.