Janubiy Fargʻona kanali
Janubiy Fargʻona kanali - Fargʻona vodiysidagi yirik irrigatsiya kanali. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hududidan oʻtadi. Olay togʻlaridan oqib tushadigan soylar suvini tartibga solish va Fargʻona vodiysining sharqiy va janubiy qismida suv taʼminotini yaxshilash maqgʻsadida hashar yoʻli bilan qazilgan (1940). Shahrixonsoy kanalining (Qoradaryo chap sohilida) yirik shoxobchasi. Dastlab Isfayramsoydagi Besholish uzogʻligigacha qazilgan, keyinchalik Margʻilonsoygacha yetkazildi. 1946-yilda Oltiariqsoygacha davom ettirildi. Uzunligi 120 km, eni boshlanishida 12 m, quyi qismida 2 m. Bosh qismida suv sarfi 85 m-³/s. Polvontosh kollektorining suvi qoʻshilgandan soʻng 30 m³/s suv oqadi. Shahrixonsoyda bosh taqsimlagichi boʻlgan toʻsuvchi inshoot qurilgan. Marhamat qishlogʻidan 6 km yuqoriroqda Karkidon suv omboridan suv oladi (18 m³/s). Kanalda 3 tezoqar, 35 suv tushirgich, 52 quloq bor. 75,8 ming ga yerni sugʻoradi (25,2 ming ga Andijon viloyatida, 48 ming ga Fargʻona viloyatida, 2,6 ming ga Kirgʻizistonning Aravon tumanida).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]