Jizzax qoʻzgʻoloni
Bu maqolada bir qancha muammolar mavjud. Iltimos, ularni tuzatib yordam qiling yoki shu muammolarni munozara sahifasida muhokama qiling.
|
Jizzax qoʻzgʻoloni – Jizzax va uning atrofi aholisining chor mustamlakachilariga qarshi olib borgan milliy ozodlik harakati. Oʻrta Osiyo qoʻzgʻolonining tarkibiy qismi.
Birinchi jahon urushida Rossiya Germaniya va Turkiyaga qarshi kurashida oʻzining noʻnoqligi, uquvsizligi tufayli oʻrinsiz qurbonlar berib, Rossiyaning urushga taraddudi puxta boʻlmaganini koʻrsatdi. Rus qoʻmondonligi urush ogʻirligini mustamlakalar yelkasiga ortib, ularni ayovsiz ezish siyosatiga oʻtdi. Imperator Nikolay II 1916-yil 25-iyunda „Imperiyadagi rus boʻlmagan erkak aholining harakatdagi armiya rayonida mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yoʻllari qurish uchun olib boriladigan ishlarga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur boʻlgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish haqida“ farmon chiqardi. Unga koʻra, Turkiston, Sibir va Kavkaz xalqlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan erkaklarni safarbar qilish koʻzlangan edi. Bu farmonning eʼlon qilinishi aholi oʻrtasida qonli voqealarning vujudga kelishiga sabab boʻldi. 4-iyulda Xoʻjand xalqi qoʻzgʻolon koʻtardi, ayni paytda, Samarqand, Jizzax va Kattaqoʻrgʻon tumanlarida ham gʻalayonlar boshlandi. Fargʻona, Sirdaryo, Samarqand, Yettisuv, Zakaspiy viloyatlarida avj olgan gʻalayonlar keskinlashib xalq qoʻzgʻoloniga aylandi. Ayniqsa Samarqand viloyatining Jizzax uyezdida bu voqealar uyushgan va oshkora tus oldi. J.q. aniq maqsadlar – Rossiyadan ajralib, mustaqil boʻlish maqsadi ostida, uyushgan tarzda olib borilgan edi.
Qoʻzgʻolon arafasida Jizzaxda ham butun oʻlkadagi kabi zulm-zoʻravonlik, adolatsizlik cheksiz edi. Aholi, asosan, don, gʻalla yetishtirish bilan mashgʻul edi. Mahalliy aholi yerlari tortib olinib, temir yoʻl, oʻrmon xoʻjaligida band boʻlgan rus oilalariga berilgan, yaylovlar qisqartirilgan, oʻrmonlar qattiq nazoratda boʻlib, hatto oʻtin olishga ruxsat berilmasdi, sugʻorish inshootlari ham maʼmuriyat qoʻlida boʻlib, yer, suv soliqlari tobora oshi-rilmoqda edi. Jizzax uyezdi boshligʻining maʼlumotnomasida qayd etilishicha, „aholining iqtisodiy ahvoli shu darajada ogʻir boʻlganki, ular qishdan bahorga chiqquncha, gadoylar darajasiga tushib qolgan, sadaqa bilan kun koʻrib, bir burda non u yoqda tursin, tariqqa ham zor boʻlgan“. Ana shunday aqvolda kun kechirayotgan aholidan Birinchi jahon urushi yillarida Rossiyaga harbiy ehtiyojlar uchun juda koʻp mahsulot majburan tashib ketildi. Mardikorlikka olish haqidagi farmon eʼlon qilingach (3-iyul), norozilik keskin gʻalayonlarga aylandi. Maʼmuriyat taqsimotiga koʻra, Jizzax uyezdi 11 ming mardikor, butun Samarqand viloyati 38 ming mardikor berishi kerak edi. Busiz ham halokat yoqasiga kelib qolgan aholi orasidan 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan erkaklarni nomaʼlum muddatga, ayni qishloq xoʻjalilning ishlari qizigan mavsumda olib ketilishi minglab oilalarning boquvchisidan ayirib, halok etishi turgan gap edi. 5-iyul kuniyoq dastlabki gʻalayonlar boshlandi. Aholi farmonni bekor etishni, roʻyxat tuzishni toʻxtatishni talab eta boshladi. Jizzax ahli boshqa shaharlardagi ahvoldan xabardor boʻlish uchun Toshkent va Samarqandga oʻz vakillarini (Toshkentga jizzaxlik Nazir Hoji, Samarqandga bogʻdonlik Xudoyorqul Hoji) joʻnatdilar. Nazir Hoji Toshkent aholisi qoʻzgʻolon koʻtarganidan xabar topib, 12-iyul kuni Jizzaxga qaytadi. Shu kuni Jizzaxning eski shahar qismida toʻplangan xaloyiq farmonga boʻysunmaslikka, kurash boshlashga axd qiladi. Tuni bilan shahar aholisi bundan ogoh etiladi. Ertasi kuni – 13-iyulda erta tongda Jizzax ahli qoʻzgʻaladi. Damin kulol boshchiligida bir necha ming kishidan iborat olomon mardikorlikka roʻyxat tuzgan ellikboshi Mirzayor Xudoyorni jazolaydi. Shu yerda qoʻzgʻolonchilar safi kengayib, Jizzaxni bosqinchilardan ozod qilib, mustaqil beklik tuzish rejasi ilgari suriladi. Nazir Hoji eshon Jizzax beki deb eʼlon qilinadi. Eng oddiy qurollar – ketmon, kaltak, pichoq, toʻqmoqlar bilan qurollangan xaloyiq Jizzaxning yangi shahar qismiga yoʻl oladi. Bundan xabar topgan uyezd boshligʻi polkovnik Rukin oʻz yordamchilari bilan gʻalayonchilar qarshisidan chiqib, ularni aldab, tinchitmoqchi boʻladi. Biroq, gʻalayonchilar unga ishonmay, yonidagi sheriklari bilan qoʻshib jazolaydilar, qurollarini tortib oladilar. Bu orada yetib kelgan polkovnik Afanasyev boshliq harbiy kuchlar ham qoʻzgʻolonchilarni qaytara olmadi. Oʻzaro toʻqnashuvdan soʻng gʻalayonchilar bir necha oʻn kishini yoʻqotib chekindilar va shaharning eski qismida gʻalayonga tayyorgarlik boshlandi, atrof qishloqlarga choparlar yuborildi. Temirchilar qurolaslaha tayyorlashga kirishdilar. Toshkentdan Abdurahmon jevachining oldiga vakil kelib, „Siz Jizzaxda odamlarni kurashga boshlang, biz Toshkentdan temir yoʻlni qirqamiz, rus askarlari kelolmaydi, hamma yoqni egallaymiz“, deb ogohlantirgan.
Toshkent temir yoʻlga hujum qilish imkoni boʻlmagan, chunki bu yerda harbiy qismlar tayyor turardi. Biroq Jizzaxda bu ish juda epchillik bilan amalga oshirilgan. Qoʻzgʻolonchilar 13-iyul kuni temir yoʻl styalariga, koʻpriklarga hujum qilib, yakson qilganlar, telegraf simlarini uzib tashlaganlar. Ular aloqa vositalarini yakson etib, hukumatga yordam kuchi yuborishga imkon bermaslikka uringanlar, natijada 65 km masofadagi temir yoʻl buzib tashlangan. Lomakino, Kuropatkino, Obruchevo, Rostovsevo st-yalari yakson etilgan. Oʻsha kuniyoq Nazir Hoji eshon bir necha kishi bilan Bogʻdonga, Abdurahmon jevachinikiga yetib keladi, uning uyida boʻlib oʻtgan kengashda Jizzaxni Rossiyadan ajratib olish, mustaqil beklik tashkil etishga qatʼiy kelishiladi. 21-iyul kuni Jizzaxdan 12 chaqirim narida Kli (xalq orasida „Kuya boshi“) degan joyda toʻplanishga qaror qilinadi. Toʻraqul Toʻrabekov Sangzor beki deb eʼlon qilinadi. Sangzor aholisi Jizzax qoʻzgʻolonchilarini qoʻllab-quvvatlashga ahd qiladi. Zominda ham shunday gʻalayonlar boshlanib, Qosimhoji eshonbek deb eʼlon qilinadi. Abdurahmon jevachi, Nazir Hojilar atrof qishloq, ovullarga choparlar yuborib, oʻzlari ham borib xalqni kurashga chorlaydilar. Abdurahmon jevachi Buxoro amiriga maktub orqali murojaat etib, yordam soʻraydi, biroq maktub mirshablar qoʻliga tushib qoladi. Rabot, Bogʻdon, Xayrobod, Forish, Sintob, Nurota dahalariga choparlar yuborilib, kurashga daʼvat etilgan. Nixoyat Jizzax yaqinidagi „Kuya boshi“ da 4 ming atrofida olomon toʻplanadi. Shahardagi nonvoyxonalar uzluksiz ishlab, qoʻzgʻolonchilarga non yopib, aravalarda tashib keltiriladi. Xaloyiq imkon darajasida ketmon, loʻm, oz boʻlsada miltiq bilan qurollanadi.
Yuz berayotgan voqealar hukumatni sarosimaga solib qoʻyadi. 18-iyul kuni Turkistonda harbiy holat eʼlon qilinadi. 15-iyul kuniyoq Jizzaxga polkovnik Ivanov boshchiligidagi jazo otryadi yuboriladi. Butun uyezdga polkovnik Ivanov tayyorlagan eʼlonlar tarqatiladi. Unda barcha qoʻzgʻolonchilar qirib tashlanishi, ularning mol-mulki xazinaga (davlat ixtiyoriga) oʻtkazilishi taʼkidlanadi.
Mustabid hukumat uyezdga 13 ta rota soldat, 2 ta artilleriya qismi, kazak otryadlari, sapyorlar qismi yuboradi. Jazo otryadi shafqatsizlik bilan deyarli qurolsiz boʻlgan qoʻzgʻolonchilarga qarshi jangga kirishadi. Qoʻzgʻolonchilar „Yoʻqolsin oq podshox“, deb hayqirib, kurashga kirishadilar. Bu voqealar shohidi Oʻzbekiston yozuvchisi Nazir Safarovning taʼkidlashicha, Jizzax sh. 1,5 kun qoʻzgʻolonchilar qoʻlida boʻlgan.
Jazo otryadi pulemyotlarni ishga solib, avval Jizzaxni, keyin Zominni egallaydi, soʻngra Sangzorga yurish qiladi. Tengsiz janglarda deyarli qurolsiz gʻalayonchilar ommasi tutdek toʻkib tashlanadi, omon qolganlar quvgʻin etiladi.
21-iyul kuni jazo otryadi „Kuya boshi“da toʻplangan qoʻzgʻolonchilar hujumiga uchraydi. Jangda qoʻzgʻolonchilar bir soat davomida pulemyotdan oʻqqa tutiladi. Qoʻzgʻolonchilar bu jangda yengiladilar, ularning sardorlari Abdurahmon jevachi, Nazir Hoji eshonlar qoʻlga olinadi, mustabid hukumat qoʻzgʻolon koʻtargan xalqdan vahshiyona oʻch olishga kirishadi. Qoʻzgʻolonni uyushtirgan rahbarlar: Abdurahmon jevachi, Nazir Hoji eshon, aka-uka Toʻraqul va Eshonqul Toʻrabekovlar, Qosim Hoji eshonlar oʻlim jazosiga hukm etiladi. Jizzax sh. va yana bir necha qishloqqa oʻt qoʻyilib, yakson etiladi. Minglab kishilar boshpanasiz, uy-joysiz qoladi.
Jizzax qoʻzgʻoloni mustabid hukumatni qattiq sarosimaga soldi, mazlum Turkistonning magʻrur xalqlari hali koʻp narsalarga qodir ekanligidan, ular uchun erk, ozodlik hamisha muqaddas ekanligidan ogohlantirdi. Hatto rus maʼmurlari ham Turkistonda 1916-yil qoʻzgʻoloni davomida Jizzax gʻalayoni alohida oʻrin tutishi, oshkora kurash tusini olganini qaytaqayta taʼkidlaydilar. Alamzada hukumat bunday voqeaning qaytarilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun aholini „adabini berish“, ularni shafqatsiz jazolashni buyurdi. 3-avgust kuni Jizzaxda 3 kun ichida gʻalayon aybdorlarini topish, agar tutib berilmasa, aholisi va uy-joylarini yoʻq qilib tashlash buyurildi. Gʻalayon sardorlari tutilgan, oʻlim jazosiga hukm etilgan boʻlsada, aholi orasidagi hukumatga qarshi kayfiyatdagi odamlarni yoʻq qilish uchun shunday chora belgilandi. 3 kun oʻtgach, 7-avgust kuni buyruq bajarildi. Jazo otryadlari shahar aholisini bir joyga toʻpgladilar. Pulemyot oʻqlari ostida shahardan quvib, choʻlga haydadilar. Ularni koʻpchiligi ayollar, qariyalar, bolalar boʻlib, be-ayov jazolandi.
Bu fojialar haqida Turkistondagi jadidlardan Mustafo Choʻqayev, Ubaydullo Xoʻja Asadullaxoʻjayevlar Peterburgga borib Rossiya Dumasiga arz qildilar. Aholi nomidan murojaat etib, zoʻravonlikni toʻxtatish, farmonni bekor etish, Turkistondagi ahvolni oʻrganish uchun vakil yuborishni talab qildilar. Rossiya Dumasi bu talablar asosida maxsus komissiya tuzib, oʻlkaga yubordi.
Komissiya Jizzaxda ham boʻldi. Keyinchalik Dumaning yopiq kengashida boʻlib oʻtgan muhokamada (1916-yil, 13—15 dek.) bu haqda deputat A. Kerenskiy shunday degan edi: „Men Jizzax vayronalarini borib koʻrdim, janoblar, men ikki frontda – Kavkaz va Gʻarbiy frontda boʻlganman, lekin bunaqasini hali koʻrmaganman“.
Jizzax qoʻzgʻolonchilaridan 50 kishi oʻlim jazosiga hukm etildi, qolganlariga turma, surgun belgilandi. Hammasi boʻlib 3 ming kishi hibsga olindi. Jizzax aholisi qirilib, omon qolganlari quvildi. Jizzax qoʻzgʻoloni tarixda „Jizzax fojiasi“ degan nom qoldirdi. U Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining „Jizzax qoʻzgʻoloni“ nomli dostonida oʻzining toʻliq aksini topgan.
Jizzax qoʻzgʻoloni oʻzbek xalqining mustaqillik uchun kurashi tarixining eng qonli, unutilmas sahifasi boʻlib qoldi.Biz Abdurahmon jevachi va uning safdoshlari hotirasini qalbimizda asraymiz!!!
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ziyayeva, Dono. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
- Safarov N., Unutilmas kun [1916-yilgi Jizzax qoʻzgʻolonidan xotiralarim], Toshkent, Boku, 1932-yil.
- Haydarov X., Jizzax viloyati tarixi, Toshkent, 1996-yil.
- Ziyayeva D., Turkiston milliy ozodlik harakati, Toshkent, 2000-yil.
- Ziyoyev H., Turkistonda mustaqillik uchun kurashlar tarixi, Toshkent, 2001-yil.
- Oʻzbekistonning yangi tarixi, 1-kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], Toshkent, 2000-yil.
- Choriyev 3., Turkiston mardikorlari: safarbarlik va uning oqibatlari (1916—1917), Toshkent, 1999-yil.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |