Oʻrta Osiyo qoʻzgʻoloni
Oʻrta osiyo qoʻzgʻoloni (1916), mardikorlar qoʻzgʻoloni — Birinchi jahon urushi davri (1914—18)da Rossiya podsho hukumatining mustamlakachilik siyosatiga qarshi Oʻrta Osiyo xalqlarining chiqishlari. Oʻ.Oʻrta osiyo qoʻzgʻoloni aslida oʻlkada tobora kuchayib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy qarama-qarshiliklar mahsuli boʻlib, uning boshlanishi uchun Nikolay II ning 1916-yil 25-iyundagi mardikorlikka olish haqidagi farmoni bahona boʻlgan. Bu farmon ijtimoiy-iqtisodiy tomondan ahvoli tang boʻlib turgan xalqning sabrkosasini toʻldirib yubordi.
Dastlabki qoʻzgʻolon 4-iyul kuni Samarqand viloyatining Xoʻjand shahrida boshlandi. Olomon politsiya idorasida toʻplanib mardikorlikka olishni toʻxtatishlarini talab qildi. Bunga javoban chor maʼmuriyati soldatlari ularni oʻqqa tutdi. Bunday voqealar Samarqand viloyatining Siyob, Mahalla, Xoʻjaahror, Dahbed, Jizzax, Sangzor, Zomin, Gadoytopmas, Jumabozor va boshqalar joylarda bir-biriga ulanib ketdi (qarang Jizzax qoʻzgʻoloni). Qoʻzgʻolonlarning birinketigg magʻlubiyatga uchrashiga qaramay xalq ommasi bosh koʻtarishdan qaytmadi. Qoʻzgʻolonlarning hammasi shafqatsizlik bilan bostirildi.
Turkiston oʻlkasining Sirdaryo viloyatida ham xalq qoʻzgʻolonlari avjiga chiqdi. Bu yerdagi qoʻzgʻolonlarni ayollar boshlab berdilar. Dastlabki qoʻzgʻolon 11-iyul kuni Toshkent shahrida boshlanib, ular soni 2000—3000 kishi atrofida edi. Qoʻzgʻolonchilar Olmazordagi politsiya idorasiga toʻplanganlar, oldingi saflarda ayollar turishgan. Qoʻzgʻolonchilar mardikorlikka olinadiganlar roʻyxatini yirtib tashlash uchun politsiya binosiga bostirib kirishgan va derazalarni toshboʻron qilishgan. Shunda pristav Mochalov xalqqa qarata oʻt ochishga buyruq bergan va qoʻzgʻolon faollaridan boʻlgan Ruzvonbibi Ahmadjonovani oʻz qoʻli bilan otib tashlagan. Qoʻzgʻolon qonga botirilgan. Qoʻzgʻolonlar Sirdaryo viloyatining Toʻytepa, Xonobod, Zangiota, Perovskiy, Avliyoota va boshqalar joylarida ham shiddatli tus olgan.
Qoʻzgʻolon alangasi Fargʻona viloyatini ham qamrab oldi. U yerdagi dastlabki qoʻzgʻolonni 9-iyulda Andijon shahri aholisi boshlab berdi. Ertasiga Dalvarzin, 13-iyulda esa Chuama qishlogʻi aholisi qoʻzgʻolon koʻtardi.
Viloyatdagi eng yirik qoʻzgʻolon Margʻilon shahrida boʻlib, unda 20—25 ming kishi qatnashdi. Qoʻzgʻolonlar Fargʻona viloyatining Andijon, Namangan, Qoʻqon, Oʻsh va Skobelev uyezdlarida davom etdi. Turkiston oʻlkasi boʻyicha eng koʻp qoʻzgʻolonlar aynan shu viloyatda boʻlib oʻtgan edi.
Mustabid hukumat yuzlab qoʻzgʻolonchilarni hibsga oldi va ularni qattiq jazoladi. Qoʻzgʻolonchilar ishi boʻyicha sud jarayonlari harbiy vazir D.S.Shuvayev farmoni bilan tashkil qilingan maxsus muvaqqat harbiy sudlar tomonidan amalga oshirilgan. Sud ishlari yopiq eshiklar ortida, mutlaqo yashirin tarzda oʻtkazilgan. Ularga harbiy sud orqali oʻlim, surgun va turli muddatlarga qamash jazolarini berish bilan qoʻzgʻolon qatnashchilaridan qattiq oʻch olindi.
Chor maʼmuriyati belgilangan 200 ming 470 kishi oʻrniga 123 mingdan ortiq mardikorlarni safarbar qilishga muvaffaq boʻldi. Ulardan 101 600 kishi Rossiyaning Yevropa qismiga, 4000 kishi Sibirga, 7405 kishi Kavkazga joylashtirilgan. 10 mingdan ortiq kishi Turkiston oʻlkasida ishlatilgan.
Oʻ.Oʻrta osiyo qoʻzgʻolonining oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, unda oʻzbek, qozoq, tojik, qirgʻiz, turkman va qoraqalpoqlar birgalikda mardonavor kurashdilar. Kurash davomida xalklarning tarixan shakllangan birodarligi va doʻstligi yaqqol namoyon boʻldi. Qoʻzgʻolon nihoyatda ommaviy tus olganligi sababli uning dovrugʻi Rossiyaga yetib bordi. Ayniqsa, uni bostirish bilan bogʻliq fojialar dahshatli boʻldi, hatto Rossiya davlat dumasining diqqatini jalb etdi. Oppozitsiyadagi fraksiyalar maxsus komissiya tuzib 1916-yil qoʻzgʻolonining sabablari va oqibatlarini oʻrgandi. Soʻngra duma majlisida komissiya aʼzolari va soʻzga chiqqanlar orasida chor hukumatining siyosatini gʻayriqonuniyligini, adolatsizligini va tub aholining ustidan yurgizgan zulmini fosh etdilar. Xalq qoʻzgʻolonlarini Peterburgda, Rossiya davlat dumasida muhokama etilishida jadidlarning, ayniqsa, Ubaydulla Asadullaxoʻjayevnit xizmati katta boʻldi.
Oʻ.Oʻrta osiyo qoʻzgʻoloni chor hukumatining mustamlakachilik va ulugʻmillatchilik siyosatiga qattiq zarba berdi. Bu kurash milliy zulm, oʻlkani Rossiyaning xom ashyo manbai va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirishga qarshi qaratildi.
Qoʻzgʻolon oʻzbek va oʻlkaning boshqa xalqlarining mustaqillik, ozodlik uchun olib borgan kurashlari tarixida oʻchmas iz qoldirdi.
Yana q.
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekistonning yangi tarixi, 1j. [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Ziyaye v H., Oʻzbekiston mustaqilligi uchun kurashlarning tarixi, T., 2001; I smoi l ova J., Fargʻona vodiysida milliy ozodlik kurashlari, T., 2003.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |