Kontent qismiga oʻtish

Joʻybor shayxlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Joʻyboriydan yoʻnaltirildi)
Joʻybor shayxlari
Joʻybor xojalari yoki Joʻyboriylar



Dini Sunniy islom
Xoja (xoʻja), shayxulislom

Joʻybor shayxlari (Joʻybor xojalari, Joʻyboriylar) — naqshbandiylik tariqatining Buxorodagi vakillari.

Ularning Joʻybor shayxlari nomini olishi Xoja Muhammad Islomning bobosi Xoja Muhammad Yahyo Buxorodagi Joʻybor degan yerga koʻchib kelishi bilan bogʻliqdir. Joʻybor shayxlari oʻzlarini islom dinini targʻib qilish uchun Makkadan Nishopurga, undan Buxoroga kelgan Imom Ali Murtazo avlodi deb hisoblaganlar[1].

Hokimiyatga kelish va yuksalish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Joʻybor shayxlaridan Abu Bakr Saʼdga va uning avlodlariga Somoniylar davrida Buxoroning shayx ul-islomi degan mansab beriladi. Abu Bakr Saʼdning nevarasi Muhammad Islom Joʻybor shayxlarining iqtisodiy va siyosiy jihatdan katta nufuzga ega boʻlishida asosiy rol oʻynaydi. U 1550-yillarda Buxoro xonligidagidagi toju-taxt uchun boʻlgan kurashlarga aralashib, oʻz muridi Abdullaxon II ning taxtga chiqishiga yordam beradi. Bu davrga kelib Joʻybor shayxlariga Buxorodagi Sumiton qishlogʻi inʼom etiladi. Joʻybor shayxlarining ota-bobolari Buxorodagi Chor Bakr mozoriga qoʻyilganligi uchun XVI asrdan boshlab Joʻybor shayxlari bu joydagi qabrlar ustiga hashamatli maqbara qurib, ziyoratgohga aylantirishgan (qarang Chorbakr ansambli). Bu ziyoratgohlar katta vaqf yerlariga ega boʻlib, ularga Joʻybor shayxlari merosxoʻrlar tariqasida egalik qilishgan va bu yerlar Joʻybor shayxlari xoʻjaligining rivojlanishiga asos boʻlib xizmat qilgan. Katta lavozim, vaqf daromadlari va boshqalar tufayli Joʻybor shayxlari tez orada boyib ketadilar. Joʻybor shayxlari katta yer-mulkka, yuzlab qullarga, koʻplab chorva mollariga, sugʻorish inshootlariga, savdo korxonalariga ega boʻlganlar. Ularning savdo karvonlari XVI asrning 2-yarmidayoq xorij bilan savdo aloqalari olib borgan. Mustahkam iqtisodiy poydevorga ega boʻlgan Joʻybor shayxlari Buxoro xonligining siyosiy hayotida juda katta rol oʻynagan. Ingliz sayyohi Antoniy Jenkinson 1559-yilda Buxoroda boʻlib, bu yerdagi ruhoniylarning rahbarlari boʻlgan Joʻybor shayxlari haqida shunday degan edi: "Buxoroda diniy rahbar bor. Unga qirolga nisbatan koʻproq quloq soladilar, u oʻz xohishi bilan qirolni oʻrnidan olib, boshqasini qoʻya oladi". Joʻybor shayxlari, XVII asrning 1-yarmida mamlakatda paydo boʻlgan qiyin siyosiy vaziyatdan soʻng oʻzlarining oldingi mavqeini yoʻqotganlar[2]. P. P. Ivanov ashtarxoniy Ubaydullaxon II (1702—1711) zamonida Joʻybor xoʻjalari davlat boshqaruvi ishlarida faol qatnashganligini alohida taʼkidlaydi. Jumladan, Joʻybor xoʻjalaridan Muhammad Boqi, Hoshim Xoʻjalar shayxulislom lavozimini, Abulfayzxon (1711—1747) davrida Yaxyo Xoʻja shayx ul-islom lavozimini egallaganlar. Bundan tashqari Ivanov Muhammad Rahimxon (1753—1758) hamda Amir Muzaffar (1860—1885) davrlarida Joʻybor xoʻjalari oʻz ijtimoiy mavqelarini saqlab qolganligi yozgan[3].

Tarixiy asarlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Joʻybor xoʻjalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bir qancha manbalarda uchraydi. Bular Hofiz Tanish Buxoriyning „Sharafnoma-yi shohiy“ („Abdullanoma“ XVI asr), Badriddin Kashmiriyning „Ravzat ar-rizvon“ (XVI asr), Abu Abbos Muhammad Tolibning „Matlab at-tolibin“ (XVII asr), Muhammad Yusuf Munshiyning „Tarixi Muqimxoniy“ (XVII asr), Mir Muhammad Amin Buxoriyning „Ubaydullanoma“ (XVIII asr), Abdurahmon Davlat Tolening „Tarixi Abulfayzxon“ (XVIII asr), Muhammad Yoqubning „Gulshan ul-muluk“ (XIX asr), Mulla Abdullatif Xoʻjaning „Majmua“ (XIX asr), Sayyid Muhammad Nasriddinning „Tuhfat az-zoyirin“ (XX asr boshlari) va boshqa asarlardir[4].

Joʻybor xoʻjalar arxivi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVI asrga doir, Buxoro xonligining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotini oʻrganishda katta ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlar toʻplamidir. Aniqrogʻi, yirik yer-suv va mol-mulk egasi boʻlgan Xoʻja Muhammad Islom va Xoʻja Saʼd (koʻpincha Xoʻja Kalon nomi bilan mashhur)larning katta yerlari va xoʻjaligi va uning jamiyatda egallagan oʻrni va roʻlini koʻrsatib beruvchi hujjatlar toʻplami hisoblanadi. Toʻplamga kirgan hujjatlarning forscha matni, rus tarjimasi bilan qoʻshib, Oʻzbekiston tarixining katta olimlaridan P. P. Ivanov (1893—1942)ning izlanishlari bilan 1938—1954-yillarda ikki kitob qilib Sankt-Peterburgda nashr qilingan. Toʻplam Joʻyboriy xoʻjalardan Xoʻja Saʼd (1531/32—1589)ning mol-mulkiga oid 288 hujjatni (yer-suv, doʻkon, hammom, karvonsaroy, tegirmon, oshxona va boshqa daromad keltiruvchi mulkning oldi-sottisiga oid vasiqalar) oʻz ichiga oladi. Maʼlumki, Joʻybor shayxlari oʻz davrida katta mol-mulkka ega boʻlgan boy kishilardan edilar. Masalan, Xoʻja Muhammad Saʼdning 2 ming juft gov (100 ming tanob) yeri, 25 ming qoʻyi, 1000 bosh tuyasi, 1,5 ming oti, yirik shaharlarda koʻpdan-koʻp doʻkonlari, timlari, tegirmon, hammom, moyjuvoz va boshqa turdagi ishlab chiqarish va savdo korxonalari boʻlgan. Shunga yarasha daromadi ham katta boʻlgan[5]. „Matlab ut-tolibin“da aytilishicha, hazrat eshonning yillik daromadi 1 million 600 ming tangaga barobar boʻlgan. Xoʻja Kalonning mol-mulki, otasidan qolgan mol-mulk xonlar va boy-badavlat odamlarning xayr-ehsonlari, shuningdek, sotib olingan (zarxarid) mulklardan tashkil topgan[6].

  1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 3-jild: Gidrofiliya—Zebralar. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2004.
  2. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 3-jild: Gidrofiliya—Zebralar. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2004.
  3. Ivanov P. P. Xozyaystvo djuyberskix sheyxov. -M., -L., 1954, -¬S.82-83.
  4. Is’hoqov M. M., Alimova R. R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 126-bet.
  5. Qodirov, Zikrullo. Joybor xojalari, 2021 — 99-bet. 
  6. Is’hoqov M. M., Alimova R. R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 126-bet.