Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyi
Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bogʻ-muzeyi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 23-dekabrdagi VM-559-sonli „Buyuk musavvir Kamoliddin Behzod tavalludining 545 yilligini nishonlash toʻgʻrisida“gi Qaroriga asosan tashkil etilgan.[1]
Muzeyda Kamoliddin Behzod ijodiga oid miniatyura nusxalari, Buxoro, Samarqand, Hirot, Tabriz va Isfaxon singari yetakchi maktablar uslubida yaratilgan zamonaviy oʻzbek miniatyurasi namunalari bilan birga, turli sohalarga doir koʻhna hamda noyob qoʻlyozma asarlar saqlanadi. Oʻsha davrning usta xattotlari tomonidan kufiy, suls, nasx, nastaʼliq kabi husnixatlarda bitilgan, usta rassomlar miniatyuralari, shamslar, zarvaraqlar, goʻzal naqshlar bilan bezagan qoʻlyozma hamda toshbosma asarlar Sharq rassomlik sanʼati tarixini oʻrganishda katta oʻrin tutadi. Qoʻlyozma va toshbosma asarlar orasida betakror qaydnomalar mavjud boʻlib, ular XII, XV — XX asrlar tarixini oʻrganishda muhim xizmat koʻrsatadi.
Muzey fondi
[tahrir | manbasini tahrirlash]XVII asrdagi nodir qoʻlyozmalar: Imom Gʻazzoliyning „Kimyoi saodat“, „Ihyou ulum ad-din“ asarlari, Husayn Voiz Koshifiyning „Axloqi Muhsiniy“, Burhoniddin Margʻinoniyning „Hidoya“, „Siyari sharif“ asarlari. Xoja Ubaydulloh Ahrorning ustozi Yoqub Charxiy qalamiga mansub „Tafsir“ning noyob qoʻlyozmasi, XII asrga oid Abubakr ibn Muhammad Abdus-sayloniy tomonidan yozilgan „Najotuz-zokirin“ nodir qoʻlyozmasi, Mavlono Xovandshoh Xeraviyning „Ravzat us-safo“, Alisher Navoiy, Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Shayx Saʼdiy, Muhammad Fuzuliy, Jaloliddin Rumiy devonlari, Shamsiddin Tabriziyning „Kulliyoti Shams Tabriz“ qoʻlyozmasi shular jumlasidandir.
Muzey fondidan XII asrga mansub „Favoyid al-Ziyoiya“ (arab tili grammatikasiga oid), XIV asrga tegishli „Tarixi Qaboil al-arab“ (arab qabilalari tarixi) qoʻlyozmasi ham joy olgan. Mazkur qoʻlyozmada chizma shakllar tarzida arab qabila nomlari tilga olingan, arab xalqlari tarixini oʻrganuvchi muhim manba sanaladi.[2]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI BUYUK MUSAVVIR KAMOLIDDIN BEHZOD TAVALLUDINING 545 YILLIGINI NISHONLASH TOʻGʻRISIDA lex.uz 23.12.1997
- ↑ Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bogʻ-muzeyi (Wayback Machine saytida 2022-05-22 sanasida arxivlangan) kbmsm.uz