Kamoliddin Binoiy
Kamoliddin Binoiy | |
---|---|
Tavalludi |
1453 |
Vafoti |
1512 Qarshi, Shayboniylar davlati |
Ijod qilgan tillari | Fors tili |
Fuqaroligi | Eron |
Ota-onasi | Muhammad Sabz |
Kamoliddin Binoiy (asl ismi: Kamoliddin Ali Muhammad Sabz) (1453-yil, Hirot, Temuriylar imperiyasi — 1512-yil, Qarshi, Buxoro xonligi) — shoir, musiqashunos, tarixchi. Fors tilida ijod qilgan[1].
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kamoliddin Binoiy asl ismi Kamoliddin Ali Muhammad Sabz 1453—yilda Hirotda taniqli meʼmor usta Muhammad Sabz oilasida dunyoga kelgan. Yoshlik vaqtlari Shohruh Mirzo vafotidan keyin mamlakatda kuchayib ketgan toj-u taxt uchun kurash va oʻzaro urushlar sharoitida kechgan. 1458—yilda Qora qoʻyunlilar sulolasidan boʻlgan Jahonshoh Xurosonga bostirib kirib, Hirotni egallab oladi. Lekin oradan koʻp vaqt oʻtmay temuriyzoda Sulton Abu Said qoʻshinlarining tazyiqi ostida mamlakatni tashlab chiqishga majbur boʻladi. Oʻsha vaqtda Jahonshoh oʻzi bilan birga shahardan 100 nafar hunarmand oilasini olib ketadi. Bular orasida meʼmor Muhammad Sabz va uning oilasi ham bor edi. Binoiyning oilasi qariyb uch yil Sherozda istiqomat qilib, 1461—yilda yana Hirotga qaytib keladi[2].
1487-yilgacha Hirotda adabiyot, sheʼr ilmi, insho, musiqa va tarix fanlarini oʻrgangan. Alisher Navoiy uning "bagʻoyat qobiliyati borligi, xatga ishq paydo qilgani, musiqaga mayl koʻrgazgani aytgan („Majolis un-nafois“). Bundan tashqari u meʼmorchilik sanʼatida ham oʻz zamonasining peshqadamlaridan hisoblangan. Muhammad Sabz va uning oʻgʻli ishtirokida qurilgan binolar Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida juda koʻp boʻlgan. Masalan, 1481—yili hozirgi Afg'onistonning Mozori sharif shahrida, (eski nomi Xoʻja hayron) Ali ibn Abu Tolib (656 — 661) mozori tepasiga qurilgan muhtasham maqbara va boshqa binolar shular jumlasidandir. Kamoliddin Binoiy 1487-yilda Tabrizga ketgan, u yerda Xurramiy, Ogahiy, Mazhariy, Ruhiy, Qozi Isolar bilan muloqotda boʻlgan. 1491-yil Hirotga qaytgan, 1495-yilda Samarqandga kelgan. Bu yerda 2 qismdan iborat „Behruz va Bahrom“ masnaviysini yozib tugatgan (1500). Masnaviyda ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-tarbiyaviy masalalar ifodalangan. Samarqand hokimi Sulton Ali Mirzoga bagʻishlab „Majmaʼ ul-gʻaroyib“ qasidasini yozgan (1498). Binoiy dastlab xoʻja Ubaydulla Ahrorning toʻngʻich oʻgʻli xoʻja Qutbuddin Yahyo, soʻng Zahiriddin Bobur, undan keyin 1501—yildan to umrining oxirigacha, Shayboniyxon huzurida uning saroy shoiri va tarixchisi boʻlib xizmat qildi. 1507—yili Binoiy Shayboniyxon bilan birga Hirotga keldi va 1510—yilgacha ona shahrida istiqomat qildi. 1511—yili shaharga Ismoil Safaviy qoʻshinlari yaqinlashishi bilan, u yana Movarounnahrga ketadi va Qarshi shahrida kun kechirdi[3].
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shayboniyxon vafotidan soʻng Kamoliddin Binoiy Qarshiga kelgan va shaharni mudafa qilish ishlarida qatnashgan. Safaviylar uyushtirgan ommaviy qirgʻinda halok boʻlgan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]"Shayboniynoma" fors tilida yozilgan sheʼriy doston boʻlib, asarda XV asr oʻrtalaridan 1505-yilgacha Movarounnahr va Dashti qipchoqda sodir boʻlgan voqealar tasvirlangan. „Shayboniynoma“ asari matni chop etilmagan. Lekin, uning qoʻlyozma nusxalari koʻplab joylarda saqlanmoqda. „Shahanshohnoma“ kitobida esa Ismoil Safaviyning harbiy yurishlari, XVI asr boshlaridagi Buxoro xonligi bilan Eron oʻrtasidagi munosabatlar ifodalangan. Shoirning 4282 misradan iborat sheʼriy devoni, „Futuhoti xoniy“, „Hikoyati safari Binoiy“ kitoblari musiqa ilmiga doir. Rost maqomida bastalangan „Noʻhrang“ („Toʻqqiz rang“) asari ilmiy va badiiy qimmatga ega[4].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bobur Z. M., Boburnoma, T., 1960;
- Mirzayev A., Binai, Dushanbe, 1957.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ B. A. Ahmedov. Oʻzbekiston xalqlari tarixi manbalari. O‘qituvchi, 1991 — 226-bet. ISBN 5-645—00428—0.
- ↑ Kamal ad-din Binai, aforizmi. (Wayback Machine saytida 2023-07-22 sanasida arxivlangan) (istochnik: Taranov P. S., Filosofskaya aforistika, M.: „Ostoje“, 1996 g. Str: 354)
- ↑ Materiali po istorii kazaxskix xanstv XV—XVIII vekov. (Izvlecheniya iz persidskix i tyurkskix sochineniy). Alma-Ata. 1969, str. 91-92.
- ↑ "Kamoliddin Binoiy" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikiiqtibosda Kamoliddin Binoiyga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |