Kaptarxona minorasi
Kaptarxona minorasi | |
---|---|
Joylashuvi | Xiva, Xorazm viloyati |
Koordinatalar | 41°22′33″N 60°21′51″E / 41.37577309279012°N 60.36421153571211°E |
Turi | minora |
Arxitektura uslubi | Xorazm meʼmorchiligi |
Asos solinishi | XIX asr |
Qarovchi | Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi |
Qurilish materiali | pishiq gʻisht |
Kaptarxona minorasi — Xorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. XIX asrda barpo etilgan minora. Xiva shahridagi Kaptarxona mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan. Xorazm viloyati madaniy meros boshqarmasi tasarufida[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kaptarxona minorasi XIX asrda qurilgan boʻlib, xuddi shu nomdagi masjid yonida joylashgan[2]. Mazkur minoraning qurilish uslubi, minoraga ishlatilgan qurilish materiallariga qaralsa Xiva shahridagi boshqa bironta minoralarnikiga oʻxshamaydi[3]. Buni Xorazm Ma’mun akademiyasi tadqiqotchilari savdogar Said Sholikorboy mablagʻi evaziga usta Muhammad Rahim boshchiligidagi binokorlar tomonidan qurilgan Said Sholikorboy majmuasi tarkibidagi minora bilan taqqoslab oʻrganishgan. Kaptarxona minorasiga eshik orqali kirilgan. Zinalari spiralsimon boʻlib, minoraning tepa qismida toʻrt tomonga qaralgan tirqish mavjud[1]. Qadim davrlarda masjid muazzini ular orqali azon aytgan va ushbu minora joylashgan hudud aholisini namozga chaqirgan[3]. Kaptarxona minorasining balandligi 8 metr, poydevori diametri 2 metrdir[2]. Minora pishiq gʻishtdan qurilgan va naqshli gʻisht bilan bezatilgan. Faqat karnizi koʻk plitalar bilan oʻralgan. Kaptarxona minorasi gʻishtlarini terishda quruvchi ustalar uning zilzilabardoshlik jihatini ham alohida hisobga olishgan. Sababi gʻishtlar oʻn qator gorizantal va bir qator vertikal tarzda terilgan. Vertikal terilgan gʻishtlar qatori sodir boʻlishi mumkin boʻlgan zilzila toʻlqinini soʻndirish xususiyatiga ega boʻlgan boʻlib, favqulodda vaziyatlarda minoraning qulab ketmasligini taʼminlagan[3]. Gorizantal tarzda terilgan gʻishtlarning qalinligi 3 santimetrni tashkil qilgan, minoraning deyarli yarmigacha gʻishtlar orasiga qoʻyilgan qorishmaning qalinligi ham 3 santimetrni tashkil etgan. Ammo tepa qismida qorishma qalinligi 0,8 santimetrgacha kamayib borgan. Ushbu holat Xorazm meʼmorchilining oʻziga xosligidan dalolat beradi[1].