Kontent qismiga oʻtish

Klimaks

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Klimaks (yunoncha "klimakter" — zinapoya), klimakteriya davri — jinsiy faoliyatning susayib, keksaya borish davriga oʻtish pallasi. Ayollarda ham, erkaklarda ham kuzatiladi. Klimaksning yuzaga kelishi jinsiy bezlar faoliyatining susayishi bilan birga organizmda vaqtincha roʻy beradigan oʻzgarishlarga asoslangan. Klimaksda ayollarning hayz koʻrishi oʻzgaradi; gipotalamus — gipofiz — tuxumdonlarda funksional oʻzgarishlar vujudga keladi. Hayz qoni toʻxtab-toʻxtab keladi, baʼzan koʻp va uzoq ketib, nihoyat butunlay toʻxtaydi (menopauza). Yurak-tomir va nerv sistemasining funksiyasi buziladi: boshiga qon koʻp kelib, yuzi qizaradi, badani avval qizib, keyin junjiydi va sovuq ter bosadi, halloslaydi, qulogʻi shangʻillaydi; ayol salga qoʻzgʻaluvchan yoki maʼyus boʻladi, xotirasi pasayadi, sababsiz betoqat boʻladi, boshi ogʻriydi, uyqusi boʻziladi va hokazo.

Baʼzan yuragi oʻynaydi, yurak sohasida ogʻriq seziladi. Klimaksda paydo boʻladigan alomatlar organizmning umumiy holatiga bog‘liq. Koʻpchilik ayollarda sezilarsiz oʻtishi, bu ularning umumiy ahvoliga taʼsir etmasligi ham mumkin. Klimaks davri ogʻirroq kechganida qalqonsimon bez faoliyati (yurak oʻynashi, qoʻl qaltirashi) va moddalar almashinuvining buzilishi (ayol semirib yoki juda ozib ketadi), ruhiy iztirob, xayajonlanish, nevroz, psixopatiya va boshqa holatlar kuzatiladi.

Klimaks, odatda, 45-50 yoshlarda boshlanadi, u odatdagidan ertaroq (40 yoshgacha — erta klimaks) yoki kechroq (55 dan keyin — kechikkan klimaks) roʻy berishi ham mumkin. Bu mehnat, turmush tarzi, iqlim sharoiti hamda irsiy xususiyatlarga, shuningdek, ayolning yetuklik davri qanday oʻtganligiga (abort, tugʻish, jinsiy hayoti va boshqalar) bogʻliq. Klimaks davrini oʻtkazayotgan ayol baʼzan boʻyida boʻlib tugʻishi ham mumkin. Erkaqlarda klimaks bir qadar kechroq — 60 yoshlarda kuzatiladi; neyro-gumoral oʻzgarishlar, yurak sohasida ogʻriq, xotira va ish qobiliyatining pasayishi, uyqusizlik va boshqa noxush alomatlar paydo boʻladi. Klimaks, erkak yo ayol organizmida kechishidan qatʼiy nazar, unga xos dastlabki alomatlar paydo boʻlishi bilan vrachga uchrashish va tegishli maslahatlar olish zarur.

Mehnat va dam olishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, miriqib uxlash, suv muolajalari, badan tarbiya; dori-darmonlar — gormonlar, vitaminlar va boshqa buyuriladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil