Koʻganli ota (ziyoratgoh)
Koʻganli ota | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Joylashuvi | Oqqopchigʻay |
Manzili | Qumqoʻrgʻon tumani |
Shahar | Surxondaryo viloyati |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koʻganli ota ziyoratgohi — Surxondaryo viloyatida, Shoʻrchi va Bandixondan Boysunga boradigan avtomobil yoʻllarining tutashgan joyidan biroz orqaroqda joylashgan ziyoratgoh. Xalq tomonidan Koʻganli ota deb nom berilgan. Maʼnosiga koʻra, chorvachilik bilan shugʻullanadigan aholi oʻzaro muomalada „koʻgan“ soʻzini asrlar mobaynida qoʻllab kelgan. Bu shevada qoʻzi-uloqlarni bogʻlab qoʻyishda ishlatiladigan ilmoqli arqon, chilvir maʼnosini bildirgan. Bundan tashqari bogʻlab qoʻymoq- koʻganlab qoʻymoq mazmunida ham ishlatilgan[1].
Nomlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Koʻgan soʻzining maʼnolari jihatdan bu soʻz „koʻganlamoq“ — koʻgan bilan bogʻlash koʻrinishida ham ishlatilgan. Bu soʻzning ziyoratga nisbatan ishlatilishida ham yetarlicha asoslar mavjud edi. Bu esa XIX asrning 60-yillarida yuz bergan daxshatli voqea bilan bogʻliq.
Ushbu voqea Buxoro amirligidagi bekliklar sababli yuz bergan. Ular Denov tomondan Buxoroga yayov olib ketilayotgan oʻnlab qoʻzgʻolonchilarni shu yerga kelganda oʻldib yuborishgan. Qatlnni amalga oshirish jarayonida ular dastlab odamlarning qoʻl-oyoqlarini qoʻshib koʻgan (arqon) bilan bogʻlashgan. Ularning ustidan ot yugurtirmoqchi boʻlishgan. Ammo ot har qancha qamchilashganda ham koʻganlangan odamlar ustidan yurmagan. Shunda asirlarni ustidan qavat-qavat kigiz bilan yopiladi va otlar koʻzidan pana qilinadi. Otlar esa ularning ustidan choptiriladi. Shu tariqa vaxshiylik bilan qatl etilgan qoʻzgʻolonchilar uchun shu yer qabriston boʻlib qolgan. Bu joylar „Koʻganli“ nomini olgan va keyinchalik ziyoratgohga aylantirilgan. Mozor yonidagi qishloq ham shu nomda yuritilgan[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Voqeaning tarixiy izohiga koʻra, Temuriylar va Shayboniylar davrida mamlakatda markazlashgan davlat tuzilib, uni samarali boshqarish, birlashgan uluslarni mustahkamlash yoʻlida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Ammo soʻngi shayboniyxon Abdullaxondan keyingi zamonlarda davlat sustlashib, parchalanishga yuz tutdi, xonliklar avval ikki, va keyin uch xonlikka boʻlina boshladi. Ichki nizolarning avj olishi, amirlik va bekliklar oʻrtasida kurashlar oqibatlari tinch aholi hayotiga ayniqsa kuchli taʼsir qildi. Nihoyasiz urushlar davomida sarf-harajatlarning koʻpayishi, aholi orasida soliqlarning oshishiga sabab boʻldi. Mazkur soliqlarni undirish vazifasini bajaruvchi mahalliy amaldorlarning esa oʻzboshimcha, ortiqcha jabr zulmidan xalq aziyat chekardi. Soliq turlari Qoʻshbegi, yaʼni amirlik hujjatlarida alohida belgilangan shahs tomonidan yigʻilishi aytilgan va qonunlashtirilgan boʻlsada, soliqlarga Denov va Sherobod beklari tomonidan oʻzgartirishlar kiritildi. Amlokdorlar Qoʻshbegi hujjatlariga koʻra ish tutmasdan, bir tanob bogʻdan 13 tanga oʻrniga 26 tanga, bir tanob beda uchun 6 tanga emas 12 tanga soliq olganliklari holatlari kuzatilgan[3].
Viloyatlarda togʻli oʻlkalar aholisi nafaqat soliq yigʻish, balki boshqa sabablarga koʻra ham uy-joylari tan-taroj qilingan. Ekinlarning nobud boʻlganiga hukumat tomonidan hech qanday chora koʻrilmagan, ekin ekish vaqtida esa soliqlar meyoridan oshirib undirib olingan. Bular esa xalqning sabr-kosasini toʻldirgan va xalq gʻalayonlari vujudga kelgan[4].
XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib Buxoro amirligining Sherobod, Denov, Hisor, Koʻlob va boshqa bekliklarida xalq qoʻzgʻolonlari avj olgan. Ichki nizolar oqibatida zaiflashib qolgan amirlik Turkiston chorizm tomonidan istilo qilingan. 1865-yilda Toshkent shahri ruslar tomonidan bosib olinishi hisobiga Buxoro amirligining mavqeyi tushib ketgan. Bundan foydalangan bekliklar amirlikdan ajralib chiqish, mustaqillik harakatini boshlaganlar. Jumladan, Denov begi Abdulkarim mustaqillik eʼlon qilgan va Hisor oʻlkasi xalqlarini amirlikka qarshi qoʻzgʻolonga boshlagan.
Amir Muzaffar unga qarshi Denovga qoʻshin tortib keladi va Denov qal’asi zabt etiladi, qal’a devorlari vayron qilinadi. Qoʻzgʻalon bostiriladi. Asir olinganlar Buxoroga olib ketishda yoʻlda Darband va Tangimushga kelganlarida, hozirda oʻsha Koʻganli ota ziyoratgohi boʻlgan Oqqopchigʻayda qatl etiladi.
Xotirasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Koʻganli ota ziyoratgohi adolatsiz hukmdorlar va ularning zulmidan jabr koʻrgan xaqlning timsoli sifatida yodlanadi. Bu yerda vafot etganlar xotirasini abadiy eslatib turadi[5].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻzbek tilining izohli lugʻati, 2-tom, OʻzME, 2006, 443-bet
- ↑ Sh.Safarov, I.Umarov. Ayrim toponimlar tarixi, 26-bet, Qarshi „Nasaf“ nashriyoti, 2005.
- ↑ S. Tursunov, E. Qobilov, B. Murtozayev. Surxondaryo tarixi, 183-bet, Toshkent, „Sharq“ nashriyoti, 2004.
- ↑ OʻzME. Ikkinchi tom. Toshkent, 2001-yil, 501-bet
- ↑ Abdulla Xolmirzayev. Termizdan nur, 103-bet, „San'at“ jurnali nashriyoti, 2015.