Kontent qismiga oʻtish

Koʻk ota ziyoratgohi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Koʻk ota ziyoratgohi
Joylashuv Samarqand
Bagʻishlangan Abu Said Ahmad Nasafiy
Turi Ziyoratgoh
Material Pishiq g'isht
Xarita

Koʻk ota ziyoratgohi – Samarqand viloyati Narpay tumanida joylashgan qadamjo[1].

Koʻk ota nomiga erishgan Hazrat Abu Qusam shayx ibn Said Ahmad an-Nasafiydir. Imom sartaxtining vorisi boʻlmish ushbu avliyoni Narpay ahli hurmat ehtirom ila „Koʻk ota“ yoki „Avliyo ota“ deb ulugʻlaydi.

Said Ahmad Nasafiy taxminan 1419—1420-yillarda Koson tumanida tugʻilgan. Hazrat Abu Said Ahmad Nasafiyning otasi Abu Qusam obroʻ-eʼtibori baland, eng zukko va bilimdon shayxlardan sanalgan. Ayrim diniy ulamolar Abu Qusam shayxni Bahovuddin Naqshbandiyning piri deb bilishadi. Hazrat Qusam shayx oʻsha imomlar safidan oʻrin egallagan. Said Ahmad Nasafiy yoshligidan ilmga chanqoqligidan dastlab otasining tarbiyasini olgan Soʻng kosonlik din peshvosi mohir bilimdonlariga shogird tushib, Qur’on, Hadis, Fiqh, Tavhid va boshqa koʻplab islomiy ilmlarni chuqur egallagan. U 1455-yili Narpay tumanining hozirgi Koʻk ota qishlogʻiga (qadimgi Totkent mavzesi) koʻchib oʻtgan. Hozirgi Koʻk ota jomeʼ masjididagi kitoblarning birida „Saud mavze Koʻk ato alayhir rohima“, deb yozilgan bitik bor, Bu yerda Saud atamasidan maʼno, yaʼni, Arablar mavzesi deyiladi.

Hozirgi Koʻk ota qabristonida Hazrat Qusam shayxning bir necha avlod vakillarining qabrlari bor. Koʻk ota xoʻjalar qabristoni Koʻk ota jomeʼ masjidining orqasida joylashgan. Mazkur qabristonda oʻnlab ulugʻ xoʻjalarning, moʻtabar qorilarning va qozilarning qabrlari bor. Bundan tashqari, oʻzbek xalqining otashin shoiri Buxoralik Sadriddin Ayniyning maktabdosh doʻsti Turdixoʻjaning „XVIII asrda yashab oʻtgan shoir“, bir necha islom taʼlimotiga doir asarlar muallifi Barot Hokisorning ham qabri Koʻk ota qabristonida joylashgan. Koʻk ota qabristonining umumiy maydoni oʻn sakkiz gektarni tashkil etadi. Koʻk-ota jomeʼ masjidining yonida soʻlim bogʻlar bor. Azon uchun baland minora va masjid oldida hovuz bor. Hovuz yonida barvasta chinorlar boʻlib, ularning ostiga soʻrilar oʻrnatilgan[2].

Koʻk otaning maqbarasi qoʻshkulohlik gumbazsimon turda bunyod etilgan. Bir-biriga tutash maqbaraning birida (shimoliy qismida) Said Ahmad Otanurning qabri joylashgan. Ushbu maqbaraning balandligi yerdan tomigacha 3 metr. Eniga esa 5 m 35 smdan iborat. Maqbaraning gʻishtlari shu yerda maxsus xumdonlarda pishirib, tayyorlangan. Koʻk ota jomeʼ masjidi va Said Ahmad otaning maqbarasi qabristonda mavjud boʻlgan yer osti xonaqohlari bir davrda barpo etilgan. Bunday yer osti qabrlari dastlab 10 tadan ziyod boʻlgan. Hozirda 3 tasi saqlanib qolgan. Bu yer osti qabrlarining ustki koʻrinishi 1936—1940-yillar atrofida shoʻro hukumati tomonidan koʻmib yuborilgan.

  1. „Зиёратчилар қадами узилган Кўкота зиёратгоҳи“. 2022-yil 1-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-sentabr 2023-yil.
  2. „Ҳазрати Кўк - ота зиёратгоҳи тарихи“. 2023-yil 21-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 30-sentabr 2023-yil.