Kontent qismiga oʻtish

Kurortologiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Kurortologiya (kurort va ...logiya) — tibbiyotning bir boʻlimi; tabiiy shifobaxsh omillar (iqlimiy, balneologik va boshqalar), ularning organizmga taʼsirini hamda ulardan davolash-profilatika maqsadlarida foydalanish usullarini oʻrganadi (qarang Balneologiya, Iqlim bilan davolash, Balneoterapiya, Balchiq bilan davolash). K. sanatoriy va kurortlar ishini tashkil qilish, ommaviy dam olish, kurortbop joylarni izlash va tanlash masalalari bilan ham shugʻullanadi. Xuddi tabiiy fizik omillardagidek (mas, karbovat angidridli, vodorod sulfidli va boshqalar) sunʼiy muhit barpo etish, fizioterapiya usulidan foydalanish ham K. vazifasidir. Oʻzbekistonda Kurortologiya ilmiy tadqiqot instituti (1919) va 1920-yilda Oʻrta Osiyo universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etilgan vaqtdan boshlab kurort joylarni muntazam oʻrganishga kirishildi, mahalliy mineral suvlar, balchiqlar, kuyosh nuri va boshqa tabiiy omillarning odam organizmiga taʼsiri klinik hamda eksperimental jihatdan tadqiq qilindi. Hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Salomatlikni tiklash va fizioterapiya ilmiy tadqiqot instituti hamda uning shoxobchalari (Termiz, Namangan shahrida) K. sohasida faoliyat koʻrsatadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil