Mahzuna
Mahzuna (taxallusi; asl ismsharifi Mehribon mulla Boshmon qizi, taxminan 1811, Qoʻqon — ?) — oʻzbek shoirasi. Qoʻqonning Qatagʻon daha Mulla Boshmon mahallasidan boʻlib, otasi mahalla masjidi imomi Mulla Boshmon Oxunddir. Ota-onasi qoʻlida savod chiqargan, arab, fors tillarini mukammal oʻrgangan. Navoiy, Jomiy, Fu-zuliy va boshqa ijodidan taʼsirlangan, oʻzbek va tojik tillarida sheʼrlar yozgan. Hayoti va ijodi haqida "Majmuai shoiron" (Fazliy), "Tazkirat ush-shu-aro" (Hashmat) tazkiralarida ayrim maʼlumotlar uchraydi. Fazliy tazkirasida Mahzunaning oqila va hozirjavobligi, Qoʻqonda mashhur shoira ekanligi aytilgan. Hashmat, Pisandiy, tarixchi Ahmadjon toʻralar ham Mahzunaning barkamol shoiraligini xabar qiladilar. Uning sheʼriy qobiliyati, shaxsiy fazilatlari haqida eng koʻp va iliq fikrlar yozib qoldirgan yagona shoir hozircha Fazliydir. Fazliy: "Garchi ul zaifa boʻlsa ham, nutqining mazmundorligi jihatidan erkaklardan ustundir", deydi. Fazliy bilan Mahzunaning mashhur mushoirasi, "Oshiq boʻlmisham" (oʻzbekcha) muhammasi, "Sahbo" (forscha) gʻazaligina bizgacha yetib kelgan. Devoni saqlanmagan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Jalolov T., Oʻzbek shoiralari, T., 1980; Poʻlatjon Domla Qayyumov, Tazkirai Qayyumiy, 1daftar, T., 1998.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |