Majdiddin Bagʻdodiy
Majdiddin Bagʻdodiy, Abusaid Majdiddin Sharaf ibn Muayyad ibn Abulfath Bagʻdodiy (1150, Bagʻdod – 1217, Xiva) – tariqat shayxi, tasavvuf olimi, mutasavvif shoir[1].
Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat”da maʼlumot berishicha: “Asli Bagʻdoddindur. Xorazmshoh Bagʻdod xalifasidin tabibe tiladi. Aning atosin yubordi. Va baʼzi debdurlarki, Bagʻdodedindurki, Xorazm kentlaridindur”. Najmiddin Kubroning iqtidorli shogirdi hamda avliyo va shoir Farididdin Attorning ustozi boʻlgan.
Najmiddin Kubro va Majdiddin Bagʻdodiy oʻrtasida ular tanlagan yoʻllarning (Najmiddin sukr, Majdiddin sahv tarafdori edi) tafovuti jihatidan qaysidir darajada ichki ixtilof boʻlgan va bu ziddiyat bir voqea munosabati bilan yuzaga chiqadi. Gap shundaki, bir kuni Majdiddin Bagʻdodiy darveshlar bilan birga oʻtirganda, unda bexudlik holati yuz berib, hamsuhbatlariga qarata shunday deydi: “Biz oʻrdak tuxumlari edik. Shayximiz Najmiddin tovuq edi. U bizni ochdi. Biz daryoga qarab yoʻl oldik, u esa qirgʻoqda qoldi”. Bu yerda eʼtiqod masalasi oʻrtaga qoʻyilayapti: ustoz bizni toʻgʻri yoʻlga solgan boʻlsa ham oʻzi notoʻgʻri yoʻlda turibdi, demoqchi shogird. Tovuq suvga shoʻngʻiy olmagani kabi aql ham maʼrifat dengizidan bahramand boʻlolmaydi. Shuning uchun ham bu gap Kubroning qulogʻiga yetganida, u xafa boʻladi va muridini: “Iloyo, oʻsha suvda gʻarq boʻl!” – deb qargʻaydi. Darhaqiqat, koʻp oʻtmay, Muhammad Xorazmshoh Majdiddin Bagʻdodiyni Amudaryoga choʻktirib oʻldiradi[2][3].
13-asr tasavvufi taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatgan shayx va shoir Markaziy Osiyo va Shimoliy Fors oʻlkasida shuhrat qozongan. “Safar risolasi”, “Tuhfat ul-barara” (“Yaxshilar sovgʻasi”) kabi tasavvufga oid asarlari va soʻfiyona ruboiylari mavjud. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”ga “Nafahot ul-uns”dan ushbu shayx haqidagi bobni qisqartirib kiritgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |