Maks Penson
Maks Penson | |
---|---|
Maks Zaxarovich Penson | |
Tavalludi |
17-mart 1883-yil |
Vafoti |
1959 (yoshi 75–76) Toshkent, Oʻzbekiston |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi va SSSR |
Maks Penson (1883-yil 17-mart, Velij qishlogʻi, Smolensk yaqinida – 1959-yil, Toshkent) – fotograf, Oʻzbekistonda foto sanʼati asoschilaridan[1][2]. „Pravda Vostoka“ gazetasi fotomuxbiri.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maks Penson 1893-yil 17-martda Velij qishlogʻida (hozirgi Smolensk viloyati) yahudiy, mahalliy bosmaxona xodimi oilasida tugʻilgan[3]. U 1911-yilda Velij shahar maktabini tamomlagan, soʻngra olti oy Poltava viloyatining Mirgorod shahridagi sanʼat maktabida, soʻngra Vilnadagi Antokolskiy jamiyatining badiiy va sanoat maktabida (dekorativ va rassomchilik boʻlimida) oʻqigan.
1915-yilda Maks Penson oilasi bilan Qoʻqonga koʻchib oʻtadi va u yerda 1917-yilgacha dastlab hisobchi, bir vaqtning oʻzida mahalliy maktabda sanʼat oʻqituvchisi boʻlib ishladi. Qoʻqondagi hunar maktablarida rassomlik sanʼati va chizmachilikdan dars bergan, keyinchalik fotografiya bilan shugʻullangan. Soʻngra 1917—1922-yillarda Qoʻqon xalq taʼlimi boʻlimida oʻquv-ishlab chiqarish ustaxonalari mudiri boʻlib ishladi.
1921-yildan „Pravda Vostoka“ gazetasida fotomuxbir. Penson Oʻzbekistonning fotoyilnomasini yaratishga hissa qoʻshgan. „Oʻzbek madonnasi“, „Oʻgʻil savod chiqardi“ va boshqa fotosuratlari haqiqiy fotosanʼati asaridir. Penson respublika va xorijiy foto koʻrgazmalari ishtirokchisi. Uning foto suratlari respublika va xorijiy nashrlarda chop etilgan. Pensonning oʻgʻillari Miron Maksiyevich (1928-yil 15-mart) va Zahar Maksimovich (1930-yil 6-dekabtr), qizi Dina Maksimovna (1932-yil 23-may) ham moxir fotograflardir. 1923-yildan Maorif xalq komissarligi buyrugʻi bilan Toshkent shahriga chaqirib olingan. Keyin Maorif xalq komissarligida shtat qisqartirilganidan keyin 1925-yilgacha Toshkentdagi tamaki ustaxonasida hisobchi boʻlib ishladi. 1925-yildan fotoreportajlar tayyorlay boshladi va 1926-yilda „Pravda Vostoka“ gazetasi tahririyatida fotomuxbir boʻlib ishlay boshladi. Uning fotoreportajlari XX asrning 20-30-yillarida Sovet Ittifoqida juda mashhur edi. „SSSR on Construction“ jurnali bilan hamkorlik qilgan.
Uning eng mashhur surati, 1937-yilda Parijdagi Butunjahon koʻrgazmasida oliy mukofotga sazovor boʻlgan „Oʻzbek madonnasi“ portretida roʻmolini yechib, farzandini emizayotgan ozodlikka chiqqan musulmon ayol tasvirlangan.
1949-yilda unga fotojurnalist sifatida ishlashni davom ettirish taqiqlangan. Bu uning jamoat fotografi sifatidagi faoliyatini yakunladi.
Kelib chiqishi yahudiy boʻlgan Penson 1959-yil Sovet Ittifoqida avj ola boshlagan antisemitizm tufayli oʻz joniga qasd qilgan. U Yevropa-Yahudiy qabristoniga dafn etilgan (Toʻqimachilik).
U olgan rasmlar koʻrgazmasi 2007-yil Londonda (Buyuk Britaniya) Gilbert kolleksiyasida, 2005-yil Toshkent Fotosuratlar uyida (Oʻzbekiston), 2004-yil BMT shtab-kvartirasida, 2003-yil Rimda Xalqaro fotofestivalda (Italiya), 2003-yil Moskva Fotosuratlar uyida (Rossiya), 2001-yil „Bildens Hus“ fotosuratlar muzeyida (Shvetsiya), 2000-yil Sanʼat markazida (Rossiya), 1998-yil Luvrda (Parij, Fransiya) namoyish etilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „История Узбекистана в фотографиях Макса Пенсона“. www.kun.uz. Qaraldi: 26-noyabr 2023-yil.
- ↑ "Penson, Maks Zaxarovich". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensikopediyasi Bosh redaksiyasi. 2000–2005.
- ↑ „История фотографии. Макс Пенсон“. www.humus.livejournal.com. Qaraldi: 26-noyabr 2023-yil.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |