Marokash qirolligi tarixi
Marokash qirolligi tarixi
Miloddan avvalgi XII asrdayoq hozirgi Marokash hududida dastlabki Finikiya koloniyalari paydo boʻlgan edi. Miloddan avvalgi V asrda mamlakatning sohil bo‘yi qismlari Karfagen taʼsiriga tushib qoldi. Miloddan avvalgi I asrdan V asrgacha Marokash hududi Qadimgi Rim hukmronligi ostida bo‘ldi. 429-yili mamlakat vandallar tomonidan bosib olindi, VI asrdan esa Vizantiya imperiyasining bir qismiga aylandi. Arablar Marokash hududiga VII asrda kirib kelishdi, 868 yili esa arablarning idrisiylar sulolasi mahalliy barbar qabilalarini o‘z hukmronligi ostiga birlashtirishdi. XI-XV asrlarda hokimiyatni barbarlarning almoraviylar sulolalari egallab turishdi. XV-XVI asrlarda Marokashning bir qismi Portugaliya va Ispaniya tomonidan bosib olindi. Saodatiylar sulolasi yevropaliklarga qarshi sulolaning yorqin vakillaridan biri Ahmad al-Mansur podshohligi davrida ayniqsa, muvaffaqiyatli kurash olib borishdi. XVII asrda hokimiyatga alaudiylar sulolasi kelgan bo‘lib, hozirgi kungacha taxtni egallab turishibdi. Alaudiylar sulolasining taniqli vakillaridan biri Ismoil mamlakatni birlashtirishga, mamlakat ichkarisidagi fitnalarga barham berishga va turklar hujumini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. XIX asrda Marokash hududini egallab olish uchun Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya davlatlari raqobat qilishdi, 1912-yili esa mamlakatning katta qismi Fransiya protektoratiga aylandi, ozgina hudud Ispaniya boshqaruvi qoʻl ostiga o‘tdi. XX asrning 20-yillarida mamlakatda boshlangan Ikkinchi Jahon urushi yillarida kuchaygan milliy ozodlik harakatlari 1956-yil 3-martda Marokashning mustaqil bo‘lishiga olib keldi. Marokashning Ispaniyaga tegishli qismi 1956-yil 7-aprelda mustaqillikka erishdi, biroq ispanlar qirg‘oq bo‘yidagi bir nechta shaharlar ustidan o‘z nazoratini saqlab qoldi[1]. Mustaqillikka erishganidan so‘ng, Marokashda turli ichki qarama-qarshiliklar va davlat to‘ntarishiga urinishlar bo‘ldi. 1975-yili Marokash G‘arbiy Sahroni bosib oldi. Biroq hozirgi kunga qadar Marokash qo‘shinlari G‘arbiy Sahrodagi Polisario Fronti qo‘zg‘olonchilariga qarshi to‘xtovsiz kurash olib bormoqda.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Arab malakatlari madaniyati va anʼanalarini oʻrganamiz“ joʻrayeva Madina Toshkent-2022
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |