Mavritaniya geografiyasi
Mavritaniya — Jazoir, Mali, Gʻarbiy Sahroi Kabir va Senegal bilan chegaradosh davlat. Gʻarbdan Atlantika okeani (sohil chizigʻidan 700 km ga yaqin) qirgʻoqlarini yuvib turadi. Mamlakat hududining 60% dan ortigʻini Gʻarbiy Sahroning qumli va qoyali choʻllari egallaydi. Hududi asosan tekis boʻlsada, balandligi 915 m gacha boʻlgan togʻlar (Kediet Idjil togʻi) hamda chiroyli qoldiq tosh massivlari mavjud. Mamlakatning eng past nuqtalari dengiz sathidan 5 m gacha pastda joylashgan. Umumiy maydoni 1031 ming kv.km.
Davlat chegarasining umumiy uzunligi 5074 km boʻlib, Jazoir bilan — 463 km, Mali bilan — 2237 km, Senegal bilan — 813 km, Gʻarbiy Sahara bilan — 1561 km ni tashkil etadi.
Mavritaniya hududidagi Sahara choʻlida, noyob tabiiy joy — Rishat strukturasi mavjud.
Iqlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Iqlimi haddan tashqari haroratli va tartibsiz yogʻingarchilik bilan tavsiflanadi. Haroratning yillik oʻzgarishi kichik, ammo kunlik harorat oʻzgarishi ancha yuqori boʻlishi mumkin. Issiq, quruq va tez-tez changli shamol, uzoq quruq mavsumda Sahroi Kabirdan esadi. Qisqa yomgʻirli mavsumda yogʻingarchilikning aksariyati iyuldan sentyabrgacha davom etadi va Selibabi shahri hududida oʻrtacha 500 millimetrgacha, janubda 200 dan 400 millimetrgacha, mamlakat markazida 100 dan 200 millimetrgacha, shimolda 50 millimetrdan kam yogʻingarchilik kuzatiladi.
Asosiy geografik va iqlim zonalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mavritaniyada 4 ta ekologik zona mavjud: Sahara zonasi, Sahel zonasi, Senegal vodiysi va qirgʻoq zonasi. Zonalar bir-biridan sezilarli darajada farq qilsa ham, hech qanday tabiiy xususiyatlar ular orasidagi chegaralarni aniq belgilab bermaydi. Rangi va tarkibi turlicha boʻlgan qum, mamlakat sirtining 40% ni egallab, Senegal daryosi vodiysidan tashqari barcha zonalarda paydo boʻladigan qumtepalarni hosil qiladi. Harakatsiz boʻlgan qumtepalar qoʻngʻir-qoʻngʻir qumlardan, oʻzgarib turuvchi qumtepalar esa shamol oson olib yuradigan changli, qizgʻish, mayda qumlardan iborat. Platolar, yumshoq qum qatlamlari ustida qattiq sirt hosil qiluvchi ogʻirroq, kulrang, koʻk va qora qumlar bilan qoplangan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Мавритания“. Энциклопедия "Кругосвет".