Kontent qismiga oʻtish

Mirziyod Mirsaidov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mirziyod Mirsaidov
Tavalludi 13-fevral 1948-yil (1948-02-13) (76 yosh)
Yuqori Chirchiq tumani, Toshkent viloyati, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti
Taʼlimi Toshkent politexnika instituti
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori
Ilmiy unvoni akademik
Mukofotlari

Mirziyod Mirsaidovich Mirsaidov (1948-yil 13-fevral, Yuqori Chirchiq tumani, Toshkent viloyati, Oʻzbekiston SSR) – oʻzbekistonlik olim, texnika fanlari doktori, professor. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2017).

Mirziyod Mirsaidov 1948-yil 13-fevral Yuqori Chirchiq tumani Kavordon qishlogʻida tugʻilgan. 1963-yilda Toshkent aviatsiya texnikumida „Samolyot va aviadvigatellar ekspluatatsiyasi“ yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirib, uni 1966-yilda tamomlagan. 1971-yilda Toshkent politexnika institutini injener-mexanik ixtisosligi, 1986-yilda Toshkent davlat universitetinini matematika ixtisosligi boʻyicha tamomlagan. Oʻzining mehnat faoliyatini 1971-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida muhandislik lavozimidan boshlab, 1976—1980-yillarda kichik, katta ilmiy xodim, 1980—1986-yillarda yetakchi ilmiy xodim, 1986—1990-yillarda bosh ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, 1990—1991-yillarda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi Madaniyat, fan va xalq taʼlimi qoʻmitasining Fan boʻyicha kichik qoʻmita raisi lavozimida ishlagan. 1991-yildan „Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti“ (TIQXMMI) Milliy tadqiqot universitetining „Mexanika va kompyuterli modellashtirish“ kafedrasining mudiri[1].

Oilali, 3 nafar farzandi bor. Turmush oʻrtogʻi tibbiyot fanlari nomzodi Rasulova Tojixon[1].

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1973—1976-yillarda Moskva elektron mashinasozlik institutining aspiranturasida tahsil oldi. 1976-yilda „Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi“ ixtisosligi boʻyicha „Oʻqqa nisbatan simmetrik boʻlgan qovushqoq elastik qobiqlardagi chiziqsiz tebranishlarni baholash“ mavzusida fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish dissertatsiya ishini himoya qiladi. 1986-yilda SSSR Fanlar akademiyasi Sibir boʻlimida „Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi“ ixtisosligi boʻyicha „Tekis va fazoviy tizmlar dinamikasida energiyaning ichki dissipatsiya va toʻlqin koʻrinishida yutilishini hisobga olgan holda baholash“ mavzusida texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyaini himoya qiladi[1]. 1986-yilda shu ixtisoslik boʻyicha katta ilmiy xodim, 1991-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. 400 dan ortiq ilmiy ishlar, 27 kitob, jumladan 7 ta monografiya, 20 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar, 40 tadan ortiq avtorlik guvohnomalarning muallifidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi „Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolarini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi PF-5293 sonli Farmoniga[2] muvofiq Mirziyod Mirsaidov Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib tasdiqlandi[1].

2021-yilda „Doʻstlik“ ordeni[3], 1992-yilda „Mustaqillik“ koʻkrak nishoni, 2011-yilda „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi“ esdalik nishoni bilan mukofotlangan[1].