Kontent qismiga oʻtish

Mixail Yakushin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Мixail Yakushin
Shaxsiy maʼlumot
Toʻliq ismi Mixail Iosifovich Yakushin
Tavallud sanasi 15-noyabr 1910-yil
Tavallud joyi Moskva, Rossiya imperiyasi
Vafot sanasi 3-fevral 1997-yil(1997-02-03)
(86 yoshda)
Boʻyi 183 cm (6 ft 0 in)
Ampluasi yarimhimoyachi
Laqabi Ayyor Mixey[1]
Professional faoliyati*
Yillar Jamoa Isht. (Gol.)
1928–1929 STS
1931–1933 SKiG
1933–1944 Dinamo Moskva
Boshqargan klublari
1944–1950 Dinamo Moskva
1953–1960 Dinamo Moskva
1958–1959 Sovet Ittifoqi
1965–1966 Paxtakor Toshkent
1967–1968 Sovet Ittifoqi
1969–1970 Paxtakor Toshkent
1973 Lokomotiv Moskva
*Professional klublardagi gollari (ichki chempionat)

Mixail Iosifovich Yakushin (1910-yil 2[15]-noyabr, Moskva, Rossiya imperiyasi — 1997-yil 3-fevral, Moskva, Rossiya) — sovet futbolchisi va xokkeychi, futbol murabbiyi. SSSRda xizmat koʻrsatgan sport ustasi (1940). SSSRda xizmat koʻrsatgan murabbiy (1957).

Mixail Iosifovich Yakushin 1910-yil 15-noyabrda Moskvada sobiq dehqon oilasida tugʻilgan. Taxminan, 5 yoshidan boshlab Mixail hovlida doʻstlari bilan oʻynab, futbolga qiziqa boshlagan. 1920-yildan „Union“ bolalar jamoasida, soʻngra „STS“da (1924-yildan 1927-yilgacha) xokkey va futbol oʻynay boshlagan. 19 yoshida Moskva xokkey jamoasiga qabul qilingan. 1928-yilda Yakushin „STS“ kattalar jamoasiga qoʻshilib u yerda yarim himoyachi sifatida oʻynagan. Shu bilan bir qatorda, Mixail qurilish texnikumini tamomlagan.

1930-yilda Yakushin texnikum tomonidan Ural viloyati Chelyabinsk tumaniga ishlashga yuborilgan. Biroq keyinchalik Yakushin Leningrad texnikumi bitiruvchisi Nikolay Gromov bilan birga Yalano-Katayskiy tumanini tanlashgani bois, markaz — Safakulevo qishlogʻiga yuborilgan u yerda yerni taqsimlash jarayoniga rahbarlik qilgan. Mixail qishloqning madaniy hayotida ham faol qatnashgan. Ostrovskiyning „Svoi lyudi — sochtyomsya“ spektaklini sahnalashtirib, unda advokat rolini ijro etgan. Yakushin qishloqda oʻtkazgan kunlari haqida „Bizning asosiy vazifamiz yerlarni kolxozlarga taqsimlash edi. Biz butun kunlarni dalada oʻtkazardik …“ deb xotiralarida qayd etib oʻtgan. Mixail 15 oy davomida yerlarni taqsimlovchi vazifasida ishlagan[2]. Shundan soʻng Moskvada harbiy xizmatni oʻtagan.

1933-yilda Mixail Moskvaning „Dinamo“ klubiga qabul qilingan va u yerda birdaniga uchta sport turida (futbol, shaybali xokkey va toʻpli xokkey) oʻynagan[3]. Bu jamoada Yakushin oʻzini ajoyib, koʻp qirrali sportchi va SSSRning urushdan oldingi eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatida namoyish eta olgan. Yakushin „Dinamo“ tarkibida SSSR xokkey chempionati kubogini toʻqqiz marta qoʻlga kiritib, ikki marta chempionatning eng yaxshi toʻpurari (1936-yilda toʻqqizta va 1950-yilda oʻnta gol) boʻlgan. Shaybali xokkeyda ham „Dinamo“ jamoasi SSSR chempionatining birinchi gʻolibi boʻlgan va Yakushin jamoada muhim oʻrinni egallagan. „Dinamo“ futbol jamoasi tarkibida Mixail 1937-yilda uch marotaba SSSR chempionligi va SSSR kubogini qoʻlga kiritgan va 1939-yildan faoliyatining oxiriga qadar jamoa sardori boʻlgan. Jamoada Yakushin taktika va zukko kombinatsiyalar ustasi, hujumlarni ajoyib yakunlovchi sifatida obroʻga ega edi. Umumiy hisobda, Mixail jamoa safida 87 ta oʻyin oʻtkazib, 40 ta gol urgan. Soʻnggi yillarda Yakushin „Dinamo“da taniqli murabbiy Boris Arkadiyev qoʻl ostida oʻynab, undan murabbiylik sirlarini oʻrgana boshlagan.

Futbolchilik faoliyatini yakunlab, 1944-yilda Mixail Iosifovich darhol „Dinamo“ni bosh murabbiy sifatida boshqaradi. Oʻsha paytda Boris Arkadiyev „SDKA“ni boshqargan va bu ikki jamoa oʻrtasidagi raqobat bir necha yillar davomida SSSRning asosiy futbol qarama-qarshiligiga aylangan. 1945-yilda „Dinamo“ jamoasi harbiylar jamoasidan bir ochko oldinlab, shiddatli kurashda chempion boʻladi va SSSR kubogi finaliga chiqadi, ammo kubok finalida „SDKA“ kuchliroq boʻlib chiqadi (1:2). „Dinamo“ tarkibida Yakushin qoʻl ostida Leonid Solovyov, Vasiliy Kartsev, Vladimir Savdunin, darvozabon Aleksey Xomich kabi yorqin oʻyinchilar oʻynashgan. Braziliya terma jamoasiga shuhrat keltirgan 4-2-4 sxemasi boʻyicha SSSRda birinchi boʻlib „Dinamo“ (Yakushin) jamoasi oʻynagan. 1945-yilda „Dinamo“ (mamlakatning eng yaxshi futbolchilaridan biri Vsevolod Bobrov tomonidan mustahkamlangan) Buyuk Britaniya boʻylab gastrol safariga chiqadi. Yakushin shogirdlari birinchi oʻyinda Angliyaning „Chelsi“ jamoasi bilan 3:3 hisobida durang oʻynab, keyin Uelsning „Kardiff Siti“ jamoasini 10:1 hisobida magʻlub etadi. Keyingi uchrashuvda esa mashhur „Arsenal“ ustidan 4:3 hisobda gʻalaba qozonib, finalda Shotlandiyaning „Reynjers“ jamoasi bilan 2:2 hisobida durang oʻynaydi. Turnirda muvaffaqiyatli chiqish Sovet futboli nufuzini sezilarli darajada oshiradi. SSSRga qaytib kelgach, „Dinamo“ yana harbiylar jamoasi bilan raqobatni davom ettiradi, ammo ketma-ket uch yil davomida ikkinchi oʻrinda boradi. 1946-yilda Yakushin shogirdlari „SDKA“dan toʻrt ochkoga ortda qolib, 1947-yilda faqat qoʻshimcha koʻrsatkichlar boʻyicha teng ochkolar bilan sovrindan mahrum boʻlgan. 1948-yilda esa hal qiluvchi bahsda harbiylar jamoasiga 2:3 hisobida magʻlub boʻladi. Ammo 1949-yilda „Dinamo“ 34 uchrashuvda 104 ta gol urib, taʼqibchilaridan olti ochkoga oʻzib ketgan holda yana chempionlikni qoʻlga kiritadi. „Dinamo“ Kubok finaliga ham chiqadi, biroq u yerda „Torpedo“ga magʻlub boʻladi (1:2). Ammo keyingi yili „SDKA“ jamoasi yana chempionlikni qoʻlga kiritgandan soʻng, Moskvaning „Dinamo“ jamoasi rahbariyati Yakushinga nisbatan ishonchini yoʻqotadi va uni Tbilisining „Dinamo“siga oʻtkazadi.

Yangi jamoada Mixail Iosifovich yana oʻzining eng yaxshi fazilatlarini namoyon etishga muvaffaq boʻladi va jamoasi ikki marta chempionatning kumush medallari sohibiga aylanadi (1951 va 1953-yillarda). Uning sobiq klubi esa avvalgi mavqeini biroz yoʻqotadi. Natijada, 1953-yilda Yakushin oʻz ona shahri Moskva „Dinamo“siga qaytariladi va shu yili finalda „Zenit“ (Kuybishyev)ni magʻlub etib, birinchi (va yagona) SSSR kubogini qoʻlga kiritadi. Moskva „Dinamo“si tarixidagi eng muvaffaqiyatli sahifalardan biri ushbu gʻalaba bilan boshlangan.

1954-yilda olti yil ichida birinchi marta jamoa chempionatda oltin medallarni qoʻlga kiritadi va bir yildan soʻng yana oʻz muvaffaqiyatlarini takrorlaydi (va yana SSSR kubogi finaliga chiqadi). Oʻsha yillarda afsonaviy darvozabon Lev Yashin „Dinamo“ jamoasining asosiy qahramonlaridan biriga aylanadi. 1957 va 1959-yilgi mavsumlarda ham jamoa chempionatning kumush medallarni qoʻlga kiritadi. Umuman olganda, Yakushin faoliyati davomida „Dinamo“ni 6 marta chempionlikka olib chiqishga va yana 6 marta jamoasi ikkinchilikni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan. Ammo 1960-yilda „Dinamo“ uchinchi boʻlganidan soʻng, Yakushin yana oʻz lavozimidan chetlatilgan. Shundan soʻng Mixail Iosifovich bir necha yil SSSR terma jamoasi murabbiylar shtabida ishlaydi va 1962-yilda yana Tbilisining „Dinamo“ klubiga taklif qilinadi. Bu yerda Mixail Yakushin shogirdlari yana bir bor chempionatning bronza medallarini qoʻlga kiritib, SSSR chempionatidagi gʻalabasiga poydevor qoʻyadi (1964-yilda Gavriil Kachalin Tbilisini boshqargan). Yakushinning keyingi murabbiylik faoliyatini „Paxtakor“ jamoasida davom ettirgan. Soʻngra 1967-yilda SSSR terma jamoasini boshqargan. Oʻsha yili uning qoʻl ostidagi terma jamoa mavsumda yorqin oʻyinlar namoyish etib, „France Football“ haftalik nashri tomonidan Yevropa terma jamoalari orasida birinchi oʻrinni egallagan. „Yevro-1968“da yarim finalda SSSR terma jamoasi Italiya jamoasi bilan 0:0 hisobida durang oʻynagan va faqat qur’a tashlash natijasida italiyaliklar finalga yoʻl olgan. Sovet jamoasi esa 3-oʻrin uchun kechgan uchrashuvda inglizlarga magʻlub boʻlgan va oradan koʻp vaqt oʻtmay Yakushin murabbiylik lavozimidan ozod qilingan.

Murabbiylik faoliyatining soʻnggi yillarida Yakushin yana „Paxtakor“ jamoasi, soʻngra Moskvaning „Lokomotiv“ klubi va faoliyatida uchinchi marta Tbilisining „Dinamo“sini boshqargan. Bu davrda sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmagach, 1975-yilda taniqli murabbiy Yakushin faoliyatini yakunlashga qaror qiladi. Murabbiylikni tugatgach, Mixail Iosifovich SSSR Futbol Federatsiyasida, federatsiyaning murabbiylar va texnik kengashlarida, bir qator komissiyalarda jamoat ishlarida faol ishtirok etgan. Shuningdek, „Futbol. Xokkey“ jurnalida futbol sharhlovchisi vazifasida ham ishlagan. 1993-yildan to vafotiga qadar Moskvaning „Dinamo“ klubi direktorlar kengashi aʼzosi boʻlgan. Mixail Iosifovich Yakushin 1997-yil 3-fevralda Moskvada vafot etgan. Ajoyib murabbiy Vagankovskiy qabristoniga dafn qilingan (36-uchastka).

Vafotidan biroz muddat oldin Yakushin Rossiya futboli rivojiga qoʻshgan hissasi uchun „Strelets“-1995 mukofoti laureati boʻlgan. 1996-yildan beri „Yakushin mukofoti“ uchun Moskva klublari faxriylar jamoalari bahslashib keladi.

Oʻyinchi sifatida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futbol boʻyicha

  • Moskva chempioni:1934 (o), 1935-yillar (c).
  • SSSR chempioni:1935-yil (eng yaxshi toʻpurar — 5 oʻyin, 6 gol), 1936-yil (bahor), 1937, 1940-yillar. SSSR futbol chempionatlarida — 87 ta oʻyin, 40 ta gol (+ 7 oʻyin, 1941-yilgi chempionatda 3 ta gol).
  • SSSR kubogi gʻolibi:1937-yil
  • „55“ da — № 1 (1938).

Toʻp bilan xokkeyda

  • 1936-yilda SSSR chempioni,
  • 1950-yilda kumush medal sohibi. SSSR xokkey chempionatlarida — 12 uchrashuv, 19 ta toʻp.
  • „Dinamo“ (Moskva) jamoasi bilan SSSR kubogining toʻqqiz karra gʻolibi (1937, 1938, 1939, 1940, 1941, 1947, 1948, 1949, 1950). SSSR kubogida — 40 ta oʻyin. 55 toʻp.
  • SSSR chempionatlarining eng yaxshi toʻpurari: 1936-yil (9 gol) va 1950-yil (10 gol)
  • Yakushin mavsumning eng yaxshi 22 futbolchisi roʻyxatiga kiritilgan — 1936, 1950.

Shaybali xokkeyda

  • SSSR chempioni: 1947-yil

Murabbiy sifatida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futbol boʻyicha

  • SSSR chempioni:(1945, 1949, 1954, 1955, 1957, 1959-yillar);
  • SSSR kubogi gʻolibi: 1953-yil.

Toʻp bilan xokkey

  • SSSR kubogi sohibi:1938, 1940, 1941, 1947, 1948, 1949, 1950-yillar

Turmush oʻrtogʻi Anna Fyodorovna (1915—1978). Oʻgʻli Mixail-muhandis, Rafiqasi Birgitta va farzandi Niklas bilan Shvetsiyada yashaydi. Qizi Natalya (1940—2022), Moskvada yashagan. Uning turmush oʻrtogʻi Igor Frolov (1938—2007) sobiq „Spartak“ darvozaboni va futbol murabbiyi boʻlgan. Yakushin rafiqasi bilan nabiralari Alla (Alla Frolova bir necha yil OVD-Info koordinatori boʻlgan) va Annani[4] tarbiyalashgan.

  • 2012-yil 15-noyabrda murabbiy tavalludining 102 yilligi sharafiga Yakushin 1952-yildan 1975-yilgacha yashagan Moskvaning Sadovaya-Triumfalnaya koʻchasidagi 4-uyning tashqi qismiga yodgorlik taxtasi oʻrnatilgan[5][6].
  • 2018-yilda murabbiy sharafiga Moskvadagi „Dinamo“ metro bekati yaqinidagi koʻchaga M. I. Yakushin nomi berilgan[7][8].
  1. Виталий Галинский. Анатолий Бышовец: свой среди чужих? // Зеркало недели. — 2004. — 29 aprel (№ 17).
  2. Андреев В. Н. «Трудовая слава» районная газета Сафакулевского района Курганской области, выпуск от 21.08.2020 № 34 (9468). - Статья «Михаил Якушин в нашем районе». - С. 4. - Автор: Евгений Лыжин.
  3. Щурко Сергей. Михаил Якушин: Цыгана не купишь // Футбол от «СЭ». — 1995. — № 14. — С. 3.
  4. „Найти себя и возвыситься“. 11-dekabr 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 6-fevral 2011-yil.
  5. „Вспоминая Михаила Якушина“ (deadlink). Официальный сайт ФК «Динамо» (Москва) (15-noyabr 2012-yil). 2014-yil 2-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 16-noyabr 2012-yil.
  6. „«Дедка сказал бы так…»“ (deadlink). Спорт-Экспресс (16-noyabr 2012-yil). 2014-yil 1-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 16-noyabr 2012-yil.
  7. „Постановление от 16 января 2018 года № 7-ПП.“. Правительство Москвы. 2-avgust 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 27-yanvar 2018-yil.
  8. „Улицы Юрия Никулина, Игоря Численко и Михаила Якушина появятся в столице. В их честь назовут улицы, появившиеся в результате реконструкции стадиона «Динамо» и прилегающей к нему территории.“. Официальный сайт Мэра Москвы. 27-yanvar 2018-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 27-yanvar 2018-yil.