Kontent qismiga oʻtish

Moʻmin Usmonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Moʻmin Usmonov
OʻzSSR maorif xalq komissari
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1903-yil
Qoʻqon shahri
Vafoti 1938-yil

Moʻmin Usmonov — qoʻqonlik davlat va jamoat arbobi. OʻzSSR maorif xalq komissari.

Moʻmin Usmonov 1903-yilda Qoʻqon shahrining „Qizil namoyish“ mahallasida choyxona egasi Shousmon ota xonadonida tavallud topgan. Moʻmin Usmonov oilasida akalari Shonosir va Shoyaqubdan keyingi kenja farzand edi. U bolaligidan otasiga koʻmaklashib Qoʻqonning obod goʻshalaridan birida ulgʻaydi. 1919-yili Komsomol tashkilotiga aʼzo boʻlib bir muddat qizil armiya orkestrida kapelmeystr boʻlib xizmat qildi. Armiya xizmatidan soʻng yana Komsomol tashkilotida faoliyat olib bordi. U Fargʻona viloyat partiya qoʻmitasida targʻibot guruhiga qabul qilindi. 1923-yil otasi vafotidan keyin komsomol ishini tashlab Buxoroga yoʻl oladi. Abdurauf Fitrat asos solgan musiqa maktabida oʻqishga kiradi[1]. Moʻmin Usmonov 1923—1924-yillarda musiqa maktabida oʻqish jarayonida partiyaga qabul qilinadi. 1924-yil musiqa maktabi tavsiyasi bilan Moskvaga oʻqishga joʻnatiladi. 1924-yil Moskva jurnalistika instituti tarjima va tarjima nazariyasi boʻlimiga oʻqishga kirib Sobira Xoldorova, Naim Said bilan oʻqiydi. 1926-yilning yozidan OʻzSSR KP taklifi bilan oʻqishini Stalin nomidagi Sharq mehnatkashlari kommunistik universitetiga oʻtkazilib „partiya sovet ishi“ yoʻnalishida oʻqishni davom ettiradi. Moʻmin Usmonov 1926—1930-yillarda komuniversitetda tahsil oladi. U 1929-yilning soʻnggida Moskvadan qaytib, Fargʻona viloyat partiya qoʻmitasida oʻz faoliyatini boshlaydi. 1931-yilda „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida bosh muharrir etib tayinlanadi. 1932-yil 28-mart kuni Moʻmin Usmonov „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasidan ishdan olinadi va OʻzSSR KP(b) Markaziy Qoʻmitasining taʼlim boʻlimiga oʻtkaziladi. 1933-yil 26-iyun kuni Moʻmin Usmonov Yoʻldosh Oxunboboyev qarori bilan OʻzSSR maorif xalq komissari etib tayinlanadi. U faoliyati davomida Abdulla Qodiriyning „Oʻtkan kunlar“, Choʻlponning „Kecha va Kunduz“ romanlari, Fitrat, Elbek, Botu kabi shoirlarning asarlarini katta terajda nashr ettiradi. 1938-yil 4-oktabr kuni sovet hukumati sudi tomonidan unga oliy jazo berildi va hukm oʻsha kunning oʻzida ijro etildi[2].

  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240-bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304-bet.