Kontent qismiga oʻtish

Mo‘tabar ayol ko‘krak nishoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Moʻtabar ayol koʻkrak nishoni“ koʻkrak nishoni
Mamlakat Oʻzbekiston Oʻzbekiston
Turi koʻkrak nishoni
Kimga topshiriladi Oʻzbekiston va xorijiy fuqarolarga
Taqdirlash asosi Jamiyat va davlat hayotida faollikligi uchun onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan xotin-qizlar taqdirlanadi.
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 2018-yil 2-aprel.

„Moʻtabar ayol“ koʻkrak nishoni — jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, shuningdek, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni munosib taqdirlash maqsadida tas’sis etilgan[1][2].

  • „Moʻtabar ayol“ koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi. Koʻkrak nishonining old tomoni markaziy qismida moʻtabar ayol siymosi quyosh nurlari fonida aks ettirilgan.
  • Koʻkrak nishonining pastki qismida zarhal hoshiya bilan oʻralgan oq emalli fonda „MOʻTABAR AYOL“ soʻzlari yozilgan. Harflarning balandligi 2,3 millimetr boʻlib, yozuvlar zarhallangan. Nishonning yuqori chetlari boʻylab faxr-iftixor va sharaf maʼnolarini ifoda etuvchi ikkita dafna yaprogʻi tasvirlangan. Dafna yaproqlarining yuqori qismida sakkiz qirrali yulduz joylashgan.
  • Koʻkrak nishonining orqa tomoni markazida uch qatorda harflarning balandligi 1,8 millimetr boʻlgan „Jamiyat va“, „davlat hayotidagi“, „faolligi uchun“ soʻzlari yozilgan.
  • Koʻkrak nishonining qalinligi 2,2 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir. Koʻkrak nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan oʻralgan. Koʻkrak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan.
  • Qadagʻichning eni — 26 millimetr, boʻyi — 17 millimetr. Qadagʻich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, lentaning oʻrtasidan eni 9 millimetrli sariq rangli yoʻl, uning ikki chetidan esa eni 1,5 millimetrli qizil rangli ikkita yoʻl oʻtgan. Shoyi lentaning chekka qismlari boʻylab har birining eni 5 millimetr boʻlgan yashil rangli yoʻllar oʻtgan.
  • Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.