Mohlaroyim madrasasi
Madrasa | |
Mohlaroyim madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Fargʻona viloyati |
Shahar | Qoʻqon |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Madrasa turi | O'rtacha kattalikda |
Meʼmoriy uslub | Markaziy Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Nodira |
Homiylar | Muhammad Alixon |
Binokorlik | 1824—1825 |
Maqomi | saqlanib qolmagan |
Hujralar soni | 37 |
Mohlaroyim madrasasi — Fargʻona viloyati Qo‘qon shahrining Haydarbek mahallasida joylashgan madrasa. Mohlaroyim madrasasini Qo‘qon xoni Madalixon (Muhammad Alixon) ning onasi Nodira (1792—1842) 1824—1825-yillarda qurdirgan[1][2]. Madrasaga qurilgan yilda vaqf mulki ta‘sis etiladi. Madrasa bir darsxona, 37 hujrali bo‘lgan. O‘sha davr nuqtai nazaridan oʻlchami boʻyicha xonlikdagi o‘rtahol madrasalardan biri bo‘lgan. Ma‘lumki, xonlikda madrasaning katta kichikligiga qarab vaqf mulki joriy etilgan. Mohlaroyim o‘rtacha kattalikdagi madrasa bo‘lgani uchun vaqf mulki ham shunga yarasha bo‘lgan. Vaqfnomada xon Madalixon va qozilarning muhri bosilgan. Vaqfnomada bayon etilishicha, Mohlaroyim madrasasiga Nodirabegim Qo‘qondagi bir karvonsaroyni 48 ta do‘konlari bilan, undan tashqari yana 22 do‘konni vaqf qilib bergan. Yana Yangiqishloqda 1546 tanob ekiladigan yer ham mulk sifatida ta‘sis etilgan.
1877-yili madrasa mutavallisi shahardagi vaqf mulklarini 56 tillaga, Yangiqishloqdagi vaqf yerlarini 125 tilla va 420 chorak gʻallaga ijraga bergan. 1881-yilda karvonsaroy va doʻkonlarni 74 tilla, yerlarni 115 tilla va 420 chorak gʻallaga ijaraga berilgan. Madrasa bir yilda vaqf mulkidan 180 tilladan ortiq pul va 2000 puldan ortiq gʻalla daromad qilgan. Bu madrasa uchun katta daromad boʻlib, bilim dargohining barcha xarajatlarini qoplagan[3].
Mohlaroyim madrasasidagi darslarni, toliblar bilimi, ustozlar hovlini shaxsan oʻzi nazorat qilib turgan. Nodira Qoʻqonda Mohlaroyim madrasasidan tashqari bozor va rastalar, masjid va madrasalar, xonaqoh va maqbaralar, hammom va karvonsaroylar qurilishiga ham bosh-qosh boʻlgan[4]. Chalpak madrasasi, Dahmayi shohon hazirasi, Modarixon maqbarasini[5] bunyod ettirdi. Bugungi kungacha Chalpak va Mohlaroyim madrasalari saqlanib qolmagan[6]. Shoir Mushrif Mohlaroyim madrasasi talabalari uchun oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlangani haqida hikoya qiladi. Madrasada turli kitoblar, qoʻlyozmalar toʻplanib, atrofida uylar, bogʻlar, karvonsaroylar, savdo va hunarmandlar qatorlari, bozorlar, mehmonxonalar, hammomlar va hokazolar vaqfga oʻtkazilgan[7].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Кадырова, М. Надира. Очерк жизни и творчества. Т.,1967. 39-40-betlar
- ↑ „Nodirabegim Hayoti va Ijodi“. tafakkur.net. Qaraldi: 5-iyun 2023-yil.
- ↑ Ibrohimjon Alimov. Qo'qon xonligi madrasa va maktablari tarixi. Toshkent "Fan" nashriyoti, 2017-yil — 303 bet-bet. ISBN 978-9943-19-405-2.
- ↑ Кадырова, М. Надира. Очерк жизни и творчества. Т.,1967. 10-bet
- ↑ „MODARI KHAN MAUSOLEUM IN KOKAND“. legacyuz. Qaraldi: 5-iyun 2023-yil.
- ↑ Абдужаббор Яҳёев „Қўқон ўрдаси“. shosh.uz. Qaraldi: 5-iyun 2023-yil.
- ↑ Кадырова, М. Надира. Очерк жизни и творчества. Т.,1967. 39-bet