Kontent qismiga oʻtish

Muhammad Solih

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad Solih
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi
Salay Madaminov

20-dekabr 1949-yil (1949-12-20) (74 yosh)
Yangibozor tumani, Oʻzbekiston SSR, Sovet Ittifoqi
Millati oʻzbek
Siyosiy partiyasi Birlik (1988–1990)
Erk demokratik partiyasi (1990–hozirgacha)
Istiqomat joy(lar)i Turkiya
Alma mater Toshkent davlat universiteti
Kasbi Siyosatchi, jurnalist, shoir

Muhammad Solih (1949-yil 20-dekabrda tugʻilgan) – „Erk“ partiyasi asoschisi, muholifatchi, shoir va siyosatchi. U 1991-yilgi Oʻzbekiston prezidentlik saylovlarida muxolifat nomzod oʻlaroq qatnashgan[1]. Saylovda 12,7 foiz ovoz toʻplagan.

Solih 2006-yilda

U 1949-yil 20-dekabrda Oʻzbekistonning Xorazm viloyati Yangibozor tumanida tugʻilgan. U keyinchalik ismini Muhammad Solihga oʻzgartiradi. 1966-yilda Xorazmda oʻrta maktabni tamomlagan.

1968-yilda Solih armiyaga chaqirilgan. 1968-yil avgustda u Sovet Armiyasining Chexoslovakiyaga bostirib kirishida ishtirok etgan. Demobilizatsiyadan soʻng, 1970-yilda Solih Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga oʻqishga kiradi. 1975-yilda oʻqishni tamomlagan. Ilk sheʼriy mashqlarini talabalik yillarida qila boshlagan.

Siyosatdagi faolligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad Solih hamkasblari va rahbarlarining koʻp iltimoslariga qaramay, Oʻzbekiston SSR Kommunistik partiyasiga (KPSS respublika boʻlimi) qoʻshilmagan va hech qachon aʼzo boʻlmagan. 1980-yillarning oʻrtalarida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida islohot faoliyatini boshlab, 1984-yilda Kommunistik partiyaning milliy adabiyot, oʻzbek tili va Oʻzbekiston tarixiga oid siyosatiga qarshi qaratilgan birinchi siyosiy manifestini yozdi. Manifestga 53 nafar yosh oʻzbek shoirlari imzo chekdi. „Qayta qurish“ siyosati davrida 1988-yil noyabr oyida Toshkentda Muhammad Solih bevosita ishtirok etgan "Birlik" milliy demokratik xalq harakati tashkil topdi va uning asoschilaridan biriga aylandi. Harakat oʻzbek xalqining milliy oʻzligini anglashini tiklash, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berish, inson huquq, erkinliklarini, soʻz va mitinglar erkinligini taʼminlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi.

1989-yilda "Erk/Ozodlik"[2] partiyasini tuzdi.

1990-yilda Oʻzbekiston Oliy Kengashi deputati boʻldi. 1990-yil 20-iyunda „Erk“ partiyasi tashabbusi bilan Oliy Kengash Oʻzbekistonning Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qildi.

1991-yil dekabrida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida Solih Islom Karimovning yagona raqibi edi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Solih: rasmiy maʼlumotlarga koʻra – 12,7%; Oʻzbekiston radiosida avval eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra – 33% ovoz toʻplagan. Saylovdan keyin Solih tarafdorlarining talabalar namoyishi otib tashlandi, muxolifat gazetalari yopildi, muxolifat yetakchilariga qarshi jinoiy ishlar ochildi, partiya kotibi Otanazar Arifov hibsga olindi.

1992-yil 2-iyulda Solih repressiyaga qarshi norozilik qilgani uchun deputatlikdan ketdi. Dekabrda uni Milliy Majlisni tashkil etishda ayblashdi, 1993-yil aprelda esa hibsga olinib, „davlatga xiyonat“da ayblandi, lekin jahon hamjamiyatining bosimi ostida u tez orada Toshkentni tark etmaslik sharti bilan hibsdan ozod qilindi. Ammo u avval Bokuga, u yerdan Turkiyaga qochishga muvaffaq boʻldi.

2017-yil sentabr oyi boshida Interpol Muhammad Solihni qidiruvdagilar roʻyxatidan olib tashladi[3][4].

Bir qator manbalar Muhammad Solihning turli mamlakatlardagi qurolli guruhlar bilan hamkorlik qilganini taʼkidlashgan va eʼlon qilishgan. Muhammad Solihning 1995-yil may oyida Grozniyga yashirin safari va u yerda prezident Johar Dudayev bilan Oʻzbekistonda Islom Karimov boshchiligidagi hukumatni agʻdarishda keyinchalik ishtirok etishi kerak boʻlgan jangarilarni tayyorlash boʻyicha muzokaralar olib borgani haqida tasdiqlanmagan maʼlumotlar eʼlon qilingan[5][3].

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, 1997-yilning bahor va yoz oylarida Istanbulda Muhammad Solih va Oʻzbekiston Islomiy harakati yetakchilaridan biri Tohir Yoʻldosh bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda davlat toʻntarishi rejasi tayyorlangan. Xuddi shu maʼlumotlarga koʻra, Muhammad Solih dastlab Oʻzbekiston Islomiy harakati bilan hamkorlik qilishni istamagan, biroq keyinchalik Islom Karimovni agʻdarish maqsadlariga erishish uchun cheklangan tarzda hamkorlik qilishga qaror qilgan, chunki Oʻzbekiston Islomiy harakatidagi Tohir Yoʻldoshning ortida yaxshi oʻqitilgan va tayyorlangan jangarilar turgan. Aynan shu maʼlumotlarga koʻra, Muhammad Solih, agar voqealar muvaffaqiyatli kechsa va Islom Karimov hokimiyati agʻdarilsa, uning oʻzi Oʻzbekiston prezidenti boʻlishi talabini qoʻygan. Muhammad Solih oʻz oʻgʻli va unga sodiq boʻlgan boshqa odamlarni Pokiston va Afgʻonistondagi jangarilarni tayyorlash lageriga yuborgani haqida tasdiqlanmagan maʼlumotlar mavjud. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, 90-yillarda Muhammad Solih xalqaro terrorizmning yashirin tashkilotlaridan 1,5 million dollar olgan[5][3].

Ayrimlar uning Norvegiyadan siyosiy boshpana va fuqarolikni olgan boʻlsa-da, Istanbulda yashagani uchun Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlarning yomonlashishida ayblashgan. Oʻzbekiston 90-yillarning boshidan Islom Karimov vafotigacha Turkiyaga Muhammad Solihni chiqarib yuborishi uchun bosim oʻtkazgan, Norvegiyada qonuniy boshpanaga ega boʻlsa-da, Muhammad Solih bu kelishmovchiliklar va ikki qardosh davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarning yomonlashganini bilgan holda Istanbulda yashayni davom ettirib kelmoqda[5].