Muhammadbiy
Muhammadbiy | |
---|---|
Qoʻshbegi | |
Mansab davri 1870 – 1889 | |
Hukmdor | Amir Abdulahadxon |
Oʻtmishdoshi | Muhammad Yoqubbiy |
Vorisi | Ostonaqul qoʻshbegi |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1808-yil Mashhad |
Vafoti |
1889-yil Buxoro |
Fuqaroligi | Buxoro amirligi |
Millati | fors |
Turmush oʻrtogʻi | Amir Nasrullohning sobiq choʻrisi |
Bolalari | Muhammad Sharif |
Muhammadbiy (1808-yil, Mashhad, Fors — 1889-yil, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligining harbiy va davlat arbobi, 1870—1889-yillarda amirlik qoʻshbegisi. Qoʻshbegi amir Muzaffarning ishonchli amaldori, quldan to Buxoro amirligi hukumati rahbari darajasigacha koʻtarilgan[1].
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhammadbiy asli forslik boʻlib[2], Mashhad yaqinidagi Karay hududidan boʻlgan. 10—12 yoshida qoʻshbegi turkmanlar qoʻliga asir tushadi va 1820-yilda ular tomonidan Buxoroga sotish uchun olib kelinadi. Bu yerda Muhammadbiy Buxoro amirligi qoʻshbegisi Muhammad Hakimbiyga sotiladi. 1840-yilda Muhammad Hakimbiy amir Nasrullohning buyrugʻi bilan qatl etiladi va Muhammadbiy Muhammad Hakimbiyning boshqa qullari bilan birga taxt vorisi Muzaffarga beriladi. 1886-yilda Muhammadbiy oʻzining oilasi va boshqa qullar bilan birgalikda amir Said Abdulahadxon tomonidan qullikdan ozod qilingan[2]. Biroq, bu notoʻgʻri maʼlumot boʻlishi mumkin, chunki qoʻshbegi bu hodisaga qadar uzoq vaqt davomida amirlikda turli davlat lavozimlarida ishlab kelgan. Qoʻshbegi 1889-yil 10-noyabrda 81 yoshida vafot etadi[2].
Siyosiy va harbiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1840-yildan Muhammadbiy amir Nasrullohning oʻgʻli Muzaffarning xizmatkorlari tarkibida boʻlgan. 1860-yilda Muzaffar taxtga oʻtirish davrida Muhammadbiy dastlab mirshab[3], soʻngra mirob va sarkarda[2] lavozimlariga tayinlanadi. Sarkarda sifatida Jizzax, Samarqand va Zirabuloqda rus qoʻshinlariga qarshi janglarda qatnashgan. Tarixchi Ahmad Donish qoʻshbegiga quyidagicha taʼrif bergan[4]:
Buxoroni boshqarish Muhammadshoh qoʻshbegi izmida boʻlgan. U beparvo, oʻqimagan va aqlsiz odam boʻlib, shu bilan birga, doimo kasal boʻlar va hatto podshohga kichik narsalar haqida rost soʻzlashga ham jurʼat etolmasdi. Davlatga nima foyda keltirishini aytishga boshqalarning haddi sigʻmasdi. Davlat va din ishlari butunlay tanazzulga yuz tutdi. Qoʻshin va kambagʻallarning tinchligi yoʻqoldi. Gap shundaki, davlatning gullab-yashnashi vazirning farosatiga, feʼl-atvorining qatʼiyligiga, fikrlariga bogʻliq. Agar vazir beparvo boʻlsa, unda bunday davlat motam tutishga toʻgʻri keladi.
1870-yilda amir Muhammadbiyni qoʻshbegi lavozimiga tayinlaydi. Ahmad Donish Muhammadbiyning faoliyati Buxoroning tanazzulga yuz tutishiga olib keldi, deb hisoblagan: „Davlatning umumiy tanazzuliga aniq bir sabab sabab boʻlgan va bu (sabab) Muhammadshoh qoʻshbegidir“[5]. Qoʻshbegi oxirgi soatgacha vafot etayotgan amir Muzaffarning yonida boʻlgan va amir Said Abdulahadxonning oq kigizga oʻtqazilib, taxtga chiqarilish marosimida ham ishtirok etgan. Muhammadbiy umrining oxirigacha Said Abdulahadxon hukmronligi ostida qoʻshbegi lavozimini egallab turdi[1].
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhammadbiyning rafiqasi amir Nasrullohning sobiq choʻrisi boʻlgan. Qoʻshbegining oʻgʻli Muhammad Sharif amir Muzaffar davrida bosh zakotchi — moliya vaziri va Buxoro hokimi lavozimlarida ishlagan. Nabirasi Ostonaqulbiy esa 1888-yilda otasi Muhammad Sharif oʻldirilgandan keyin amir Said Abdulahadxondan inoq[2] unvonini va bosh zakotchi lavozimini oladi. Inoq ham xuddi otasi kabi Buxoro amirligi hukumati tomonidan Rossiya siyosiy agentligi bilan oʻzaro aloqalar olib borgan, amir nomidan turli rasmiy bayonnomalar, bitimlar imzolash, muzokarlar olib borishda ishtirok etgan. Bir vaqtning oʻzida bosh zakotchi va qoʻshbegi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Andrey Nedvetskiy. „Praviteli Buxari“ (rus tilida) (2018-yil 21-dekabr). 2022-yil 19-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 2-noyabr.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 „Nedavnyaya tragediya v Buxare“ (rus tilida). Istoricheskiy vestnik, № 5. (1892). 2020-yil 13-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 2-noyabr.
- ↑ Mirza Salimbek. „Tarixi Salimiy“ (rus tilida). Toshkent. Akademiya (2009). 2021-yil 28-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 2-noyabr.
- ↑ Ahmad Donish. „Tarixi saltanati xonadoni mangʻitiya“ (rus tilida) 42—43-sahifalar. Dushanbe. Donish (1967). 2022-yil 2-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 2-noyabr.
- ↑ Ahmad Donish. „Tarixi saltanati xonadoni mangʻitiya“ (rus tilida) 62—63-sahifalar. Dushanbe. Donish (1967). 2022-yil 2-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 2-noyabr.