Muhammadsharif Soʻfizoda
Muhammadsharif Soʻfizoda (1869–1937) Maʼrifatparvar ziyoli, shoir Muhammadsharif Soʻfizoda Oʻzbek madaniyati tarixida yorqin iz qoldirgan zotlardandir.
Muhammadsharif Egamberdi ogʻli 1869-yil 29-yanvarda Chustda tugʻildi, uning otasi pichoqchi-hunarmand edi. U mahallasidagi qoʻshnisi Manzura otinda savod chiqardi. 1893–1898-yillarda Qoʻqonda yashadi va madrasada taʼlim oldi. Qoʻqon adabiy muhitining mashhur shoirlari Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nodim Namangoniy bilan yaqin munosabatda bo’ldi. Muqimiy toʻgaragida faol qatnashishi shoir dunyoqarashining shakllanishida, badiiy mahoratining oʻsishida oʻziga xos maktab boʻldi. Boʻlajak shoir dastlabki sheʼrlariga Muqimiy tavsiyasi bilan „Vahshiy“ taxallusini qoʻlladi.
Soʻfizoda 1893-yilda ona shahri Chustda boyonlarni, chor amaldorlarini, mutaassiblarni hajv qiluvchi sheʼrlari uchun „badasl“, „beadab“, „dahriy“ deb ayblanadi va o’limga hukm qilinadi. Shoir o’z vatanini tark etishga, 14 yil turli mamlakatlarda istiqomat qilishga majbur bo’ladi.
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Soʻfizoda adabiyot dargohiga 1890-yillarda kirib keldi. Uning „Gʻubor dardu alam“, „Oʻray“ kabi lirik gʻazallari, „Dakaning“, „Bedanang“ kabi hajviyalari, maʼrifat haqidagi „Oʻqing onalar“, „Gazeta toʻgʻrisida“, „Vatan“, „Xonimlar isminda“ kabi qator sheʼrlari uning demokratik adabiyot ostonasiga kirishida oʻziga xos yoʻllanma boʻldi.
Soʻfizoda 1900-1913-yillarda Oʻrta Osiyoning turli shaharlarida, Tiflis, Boku, Arabiston, Hindiston, Turkiyada boʻlgan. U qayerda yashamasin, Toshkent, Kavkaz, Qrim, Orenburg, Turkiyada chop etiladigan gazetalar bilan aloqasini uzmagan. Uning maqolalari, sheʼrlari „Turkiston viloyatining gazeti“, „Sadoyi Turkiston“, „Sadoyi Fargʻona“ gazetalarida muntazam chiqib turgan.
1913-yilda Soʻfizoda chet el safaridan Chustga qaytib keladi va usuli jadid maktabini ochadi. Kamarsada qishlogʻida yetim bolalar uchun „Dorulaytom“ („Yetimlar uyi“) va kattalar uchun kechki maktab tashkil qiladi. Bu maktablarda u ona tili, handasa kabi fanlarni oʻqitadi.
1914-yilda Soʻfizoda Turkiston miqyosida hukm surayotgan ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy tanazzulni fosh etuvchi „Chustilar bizlar“ sheʼrini eʼlon qiladi. Sheʼr boshidan oxirigacha „usuli qadim“chilarga- mutaassiblarga nisbatan achchiq kinoya, asar qahramonlarining oʻzini oʻzi fosh etishi uslubida yozilgan edi.
Bu toʻqnashuvdan keyin Soʻfizoda oʻz vatani Chustdan quvgʻin qilindi. U Toʻraqoʻrgʻon yaqinidagi Shahand qishlogʻida usuli jadid maktabi ochdi. Soʻfizodaning bu ishida Toʻraqoʻrgʻon qozisi, maʼrifatparvar, shoir, pedagog Is’hoqxon toʻra Ibrat yaqindan yordam berdi.
Soʻfizoda shoʻrolar hukumati davrida ham xalqiga chin dildan xizmat qilaverdi va adabiy-ijodiy, pedagogik faoliyat bilan shugʻullandi. 1937-yilda shoir „xalq dushmani“ deb eʼlon qilinib, qamoqqa olindi.
Soʻfizoda qabrining qayerdaligi nomaʼlum.
1935 yilning 29 yanvarida Soʻfizodaning tugʻilganiga 55 yil toʻlishi munosabati bilan yubiley oʻtkazilgan va 200 dan ortiq sheʼri nashr etish uchun toʻplangan edi.
Nashr qilingan adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Soʻfizoda. Taronalar. T.: Adabiyot va sanʼat, 1968.
- Ibrat, Ajziy, Soʻfizoda. Tanlangan asarlar (matn, soʻzboshi, izoh). T.: Maʼnaviyat, 1999
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qosimov B., Dolimov U. Maʼrifat dargʻalari. T.: Oʻqituvchi, 1990.