Kontent qismiga oʻtish

Muhammir Burhonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammir Burhonov
Tavalludi 1897-yil
Vafoti 1937-yil
Toshkent
Fuqaroligi Buxoro amirligi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, SSSR
Taʼlimi Turkiya universitetlari
Kasbi Oʻqituvchi
Faoliyat yillari 19141936
Turmush oʻrtogʻi Nazmiyaxonim
Mahfuzaxon

Muhammir yoki Muammir Burhonov (1897-yil, Buxoro — 1937-yil, Toshkent) — Jadidchilik harakati aʼzolaridan biri. Oʻzbekiston Respublikasi Madhiyasining bastakori Mutal Burhonovning kenja amakisi. Qatagʻon qurboni boʻlgan.

1897-yilda Buxoro amirligi poytaxti Buxoro shahrida tavallud topgan. Burhonlar sulolasi ilk oʻrta asrlardan boshlab Buxorodagi badavlat xonadonlardan hisoblangan. XX asr boshlaridan boshlab sulola vakillari Buxorodagi jadidchilik harakatida muhim oʻrin tuta boshlashgan. Muhammir jadid maktabi va madrasasida ta‘limning ilk bosqichini oladi. Shundan soʻng 1912-yilda Turkiyaga o‘qishga yuboriladi. U „Yosh buxoroliklar“ jamiyatining Turkiyadagi „Taʼmimi maorif“ uyushmasi tashkilotchilaridan biri bo‘lgan. 1914-yildan 1921-yilgacha Turkiyaning Bursa, Eski shahar, Kostumaniya shaharlarida o‘qigan, o‘qish bilan birga muallimlik qildi. Buxoroda amir hokimiyati ag‘darilib, „Yosh buxoroliklar“ning hokimiyatga kelganidan xabar topib, 1921-yilda Buxoroga qaytib keladi. Muhammir Burhonov 1921-yilning kuzida Buxoro shahar militsiyasi boshlig‘i etib tayinlanadi. 1921-yildan 1923-yilgacha BXSR militsiya noziri o‘rinbosari bo‘lgan. Undan so‘ng uch oy mobaynida BXSR Nozirlar kengashi raisi kotibi vazifalarini bajargan. 1923-yilning sakkiz oy davomida Chorjo‘y viloyati militsiya boshlig‘i sifatida faoliyat yuritadi. 1923—1924-yillarda olti oycha Shahrisabz militsiya boshlig‘i lavozimlarida ish olib borgan. 1923-yilda Labi Hovuz yonidagi kinozalda yuz bergan yongʻin sabali oʻgʻli Muzaffardan ayrilib qolgan Nazmiyaxonim kichik oʻgʻli Mustafoni olib Istanbulga qaytib ketadi.

Muhammir Burhonov 1924-yilning aprel oyida xotini va o‘g‘lini olib kelish niyatida yana Turkiyaga safarga ketadi. Biroq, o‘g‘lining sog‘lig‘i yaxshi emasligi va xotini Nazmiyaxonim Buxoroga kelishni istamagani sababli ikki yildan ortiqroq vaqt mobaynida Turkiyada qolib ketishiga to‘g‘ri keladi. Muhammir Burhonovning bu safargi Turkiya davlatiga sayohati sovet maʼmurlari tomonidan Usmon Xo‘jayevga katta miqdordagi mablagʻ yetkazganlik va Turkiya davlatidan BXSR hukumatini qo‘llab-quvvatlash yoxud dunyo hamjamiyatidan uning mustaqilligini saqlab qolishda yordam umidi sifatida talqin qilinadi[1]. Muammir Burhonov 1926-yilning iyunida Buxoro shahriga qaytadi. Biroq, shundan so‘ng hukumat lavozimlaridan butunlay voz kechib, faqat muallimlik bilan shug‘ullanadi. Buxoro viloyat o‘qituvchilar uyushmasi aʼzosi va Samarqandga ko‘chib kelgach hududdagi 5-maktabda o‘qituvchilik qiladi. 1937-yilning 23-mayida Muammir Burhonovni „Milliy ittihod“ aʼzosi, militsiyada ishlab yurgan vaqtida sovet armiyasiga qarshi qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatlagan, 1924—1926-yillari Turkiya davlatida bo‘lib, chet mamlakatlaridan Sovet Ittifoqiga qarshi kurashda yordam so‘ragan kabi ayblar bilan hibsga olishga qaror chiqariladi. Ammo qaror biroz kechiktirilib, 1937-yilning 2-iyunida uni qamoqqa olish toʻgʻrisida order berilgan.

Muhammir Burhonov 1937-yil 13-iyun kuni so‘roqda o‘zining 1921—1922-yillarda Fayzulla Xo‘jayev va Usmon Xo‘jayevlar rahbarligidagi „Ittihod va taraqqiy“ partiyasi aʼzosi bo‘lgani hamda Toshkentda Munavvarqori Abdurashiudxonov ochgan „Milliy ittihod“ tashkiloti bilan yaqin aloqada bo‘lganligini tan oladi[2].

Burhonovning ikkinchi turmush o‘rtog‘i Mahfuzaxon (25 yosh) ham o‘qituvchi boʻlgan.

Muhammir Burhonov 1937-yil 14-oktyabrda oʻlim jazosiga hukm qilingan.