Muhaymin Odilov
Muhaymin Odilov | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1898-yil Toshkent |
Fuqaroligi | SSSR |
Millati | oʻzbek |
Kasbi |
|
Muhaymin Odilov (1898-yilda tugʻilgan) – oʻzbek maʼrifatparvar pedagogi.
Hayoti va mehnat faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhaymin Odilov Toshkent shahar Koʻkcha dahasida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Otasi Odil qozi Ishoq oʻgʻli madrasani tugatib, haj va malakasini oshirish maqsadadida Makkaga borgan va 1901-yildan 1903-yilgacha oʻsha yerda yashagan. Hajdan qaytib kelgach, 1909-yilda vafot etgan.
Dastlab otasi qoʻl ostida xat-savodini chiqargan Muhaymin 1913-yilda ibtidoiy maktabni 4-sinfini tugatgan. 15 yoshdan boshlangʻich maktablarda oʻqituvchi boʻlib ishlagan. 1918-yilda 4-son maktab mudiri etib tayinlangan. 1920-yilda muallimlarni qayta tayyorlash 8 oylik kursida oʻqib malaka oshirgan. 1920—1922-yillar mobaynida 1-son Internatda oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritgan[1].
1922—1925-yillarda 15-son maktab mudiri boʻlib ishlagan. Shu yili maorif xodimlari uyushmasi kotibi boʻlgan. 1927—1930-yillari SAKUda tahsil olgan. Shu bilan birga sovet-firqa maktabi qoshidagi klub va kutubxonani boshqargan. Tibbiyot bilim yurtida, buxgalter va statist kurslarida jamiyatshunoslik fanidan dars bergan. 1930-yildan yer komissarligining paxtachilik texnikumida jamiyatshunoslik fanidan dars berishga safarbar etilgan.
Bundan tashqari Samarqand tibbiyot ishchi fakultetida direktor, 1931-yilda Fargʻona va Qoʻqon temir yoʻl Ishchi fakultetida mudir boʻlib ishlagan. 1932-yilda Moskva agroximiya institutiga oʻqishga borgan, ammo kech borgani uchun orqaga qaytishga majbur boʻlgan va Oʻzbekiston davlat nashriyoti muharrirlar tayyorlash kursida oʻqituvchi, 1934—1938-yillarda maorif komissarligida uslubchi sifatida faoliyat yuritgan. Toshkent tibbiyot bilim yurti, sirtqi pedagogik bilim yurti inspektori lavozimida ishlagan. 1934-yilda firqadan oʻchirilgan.
1938—1940-yillar oraligʻida Termiz pedagogika bilim yurtida oʻquv boʻlimi mudiri, 1941-yil 9-oktyabrgacha Toshkent viloyati tumanlaridan birida uslubchi vazifasini bajargan.
Ayblov
[tahrir | manbasini tahrirlash]1942-yilda qamoqqa olinib , 1946-yil 15-oktyabrda ozod qilingan. 1942-yilda Chirchiqda, 1944-yilda Yalangʻochdagi 3-sonli lagerda jazoni oʻtagan. 1949-yil 18-martda qayta qamoqqa olingan. 31-mart kuni Krasnoyarsk oʻlkasining Igarka lageriga joʻnatilgan[2].
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Taqdiri nomaʼlum.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „АДИЛОВ Мухаймин“. centrasia.org. Qaraldi: 15-oktyabr 2024-yil.
- ↑ Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7.